Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:09

OzodDayjest: Farg‘onada bolalar haqiga xiyonat qilgan bog‘cha mudiralari qo‘lga olindi


O‘zbekistondagi bog‘chalardan biri (illyustrativ surat).
O‘zbekistondagi bog‘chalardan biri (illyustrativ surat).

Farg‘onada bir necha bog‘cha mudirasi bolalar haqiga xiyonat qilib kelgani fosh etildi. Buxoroda shifokorlar aybi bilan chaqaloq nobud bo‘ldi. Toshkent viloyatida boy xonadonga mardikor qiyofasida kirib, er-xotinni o‘ldirgan qotil umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Farg‘onada bolalar haqiga xiyonat qilgan bog‘cha mudiralari ushlandi

Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi bir necha maktabgacha ta’lim muassasasi rahbarlari bolalar haqiga xiyonat qilib, millionlarni o‘zlashtirgani fosh etildi (“Huquq”, 19 oktabr). Masalan, tumandagi 37-bog‘cha mudirasi R.Yaxshieva xo‘jalik ishlari mudiri va ta’minotchi bilan til biriktirib, 26,5 million so‘mlik un, sariyog‘, go‘sht kabi mahsulotlarni o‘zlashtirgan. 33-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Iqboloy Mirzaeva esa 15,9 million so‘mlik bolalar rizqiga chang solgan. Shu kabi jinoyatlar 21 hamda 30-maktabgacha ta’lim muassasasida ham aniqlangan. “Maktabgacha ta’lim muassasasida yuqoridagi kabi qonunni nazar-pisand qilmaydigan kimsalarga o‘rin bo‘lmasligi kerak”, deb yozadi prokuratura rasmiy nashri.

Buxoroda shifokorlar aybi bilan chaqaloq nobud bo‘ldi, operatsiya qilingan bemor hushidan ketdi

Buxoro viloyati Shofirkon tumani shifoxonasi akusher-ginekologiya bo‘limi xodimlarining e’tiborsizligi bois chaqaloq nobud bo‘ldi (“Hurriyat”, 18 oktabr). Tug‘ruqqa qadar tekshiruvlarda natijalar ijobiy chiqqan, ammo so‘nggi pallada ismi oshkor etilmagan xomilador ayolning qon bosimi ko‘tarilib ketgan. Qiynalib tug‘ilgan chaqaloq arang nafas olgan, boz ustiga ona yo‘ldoshidagi loyqalangan suv bolaning o‘pkasigacha yetib borgan va u 3-4 soat ichida jon bergan. Qayd etilishicha, akusher-ginekologiya bo‘limi shifokorlari tug‘ruqqa qadar tekshiruvlarni yuzaki o‘tkazgan va xomilador ayolning qon bosimi oshishi ehtimoliga ham e’tibor qaratmagan. Shofirkon tumanida shifokorlarning uquvsizligi birinchi yoki ikkinchi bor kuzatilayotgani yo‘q. Masalan, Nigora Oqiljonova mioma tashxisi bilan operatsiya qilingan. Bemor uyiga kelganidan keyin gemoglabin miqdori tushib, hushidan ketgan. Keyin ma’lum bo‘lishicha, jarrohlik amaliyotidan keyin ikki-uch nina joy tikilmay qolgan ekan.

Toshkentda mardikor qiyofasida uyga kirib, er-xotinni o‘ldirgan qotil umrbod qamaldi

Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida er-xotinni shafqatsizlarcha o‘ldirib, ularga tegishli boyliklarni o‘g‘irlab ketgan shaxsga umrbod qamoq jazosi tayinlandi, deb xabar beradi tuman prokurori G‘anisher Abdusalomov “Huquq” gazetasi orqali. Ismi oshkor etilmagan shaxs tumandagi badavlat oilaga mardikor sifatida kirgan. Uy egalarining undan shubhalanmasligidan foydalanib, avval xonadon sohibini, keyin uning rafiqasini shafqatsizlarcha o‘ldirgan. So‘ngra qimmatbaho buyumlar, zeb-ziynat mollari, 82 ming AQSh dollari, 7 million so‘m hamda “Spark” mashinasini o‘g‘irlab ketgan. Xabar qilinishicha, qotillik ikki kunda fosh etilgan. Qotillikni sodir etgan yigit avval uch marta sudlangani qayd etilgan. Jinoyat ishiga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

XS
SM
MD
LG