Линклар

Leningrad viloyatida taksichi boshiga otilgan o‘qdan keyin tirik qoldi. Shifokorlarga ko‘ra¸ o‘zbekistonlik muhojirning bosh suyagini ensasidan teshib kirgan o‘q chap chakkadan teshib o‘tgan, ammo miyaga jiddiy zarar yetmagan. Bu Rossiyada oxirgi paytlarda mehnat muhojirlariga qilingan navbatdagi hujumdir.

25 oktabr kechki soat 10 larda Sankt-Peterburgning 2-Komsomolskaya ko‘chasidan mahalliy taksi kompaniyasiga tushgan buyurtmani olgan o‘zbekistonlik yigit Leningrad viloyatining Lomonosovskiy tumanida joylashgan Ropsha qishlog‘iga ko‘rinishidan rus millatiga mansub ikki yo‘lovchini olib borib qo‘ygan.

“Shevrole Lasetti” qishloqqa kirishi bilanoq orqa o‘rindiqda o‘tirgan shaxs taksichiga o‘q uzadi¸ salondan o‘zini tashqariga otgan muhojir qishloq kirishidagi qo‘riqchi tomon qochib, jon saqlab qoladi.

Lomonosovskiy tuman Ichki ishlar bo‘limining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi qo‘riqchining zudlik bilan politsiya va “tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilganini bildirdi:

- Qo‘riqchi chaqirgan “Tez tibbiy yordam” mashinasi taksichini Peterburgning 26-sonli shahar shifoxonasiga olib ketdi. Keyinroq hodisa joyiga yetib borgan politsiya xodimlari “Shevrole”ni “Luch” bog‘dorchilik xo‘jaligi yonida kyuvetda aniqladi. Qonga belangan salonda politsiya ikkita rezina o‘q va to‘rtta gilza topdi, dedi Ozodlik gaplashgan rasmiy.

Sankt-Peterburgning 26-sonli shahar kasalxonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra¸ ismi oshkor etilmayotgan o‘zbek muhojirining boshida jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilgan ¸ hozirda uning hayotiga xavf-xatar yo‘q.

Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi mazkur hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat Kodeksining 112 moddasi asosida (Sog‘likka o‘rta og‘irlikdagi jarohat yetkazish) jinoiy ish ochilganini bildirdi.

​Politsiya olib borgan operativ-qidiruv ishlar natijasida o‘zbekistonlik taksisining 2-Komsomolskaya ko‘chasida istiqomat qiluvchi 32 yoshli peterburglik tomonidan chaqirtirilgani ma’lum bo‘ldi. Muqaddam sudlangani aniqlangan bu shaxs hozirda qidiruvga berilgan.

Peterburgdagi o‘zbekistonlik taksichiga qilingan bu hujum oxirgi paytlarda muhojirlarga qilinayotgan tajovuzlardan navbatdagisidir.

13 oktabr kuni Moskvaning Pervomayskaya qo‘rg‘onida farg‘onalik 24 yashar sartarosh Doston Adexanov o‘z mijozi tomonidan o‘ldirilgan edi. Ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan videoga ko‘ra, sochi yomon olinganini iddao qilgan mijoz uning yuragiga uch marta o‘tkir tig‘ suqib olgan. Voqea ko‘chada, ko‘pchilik guvohligida sodir bo‘lgan.

Oilaning yagona boquvchisi bo‘lgan Doston 17 oktabr kuni Farg‘onada dafn etildi.

Rossiya huquq-tartibot organlari rossiyaliklar tomonidan mehnat muhojirlariga qilinayotgan bunday hujumlarni “mayda bezorilik” yoki “yengil jarohat yetkazish” o‘laroq tasniflamoqda.

Rossiyaning Moskva shahri Bobruyskiy tumani sudi 25 yoshli o‘zbek muhojirini chavaqlab ketgan smolensklik yigitni “mayda bezorilik uchun” 10 ming rubllik (165 AQSh dollari-tahr.) jarimaga tortdi va sud zalida ozod qildi.

XS
SM
MD
LG