Линклар

Haftada 1 kun maktabga bormayotgan 10- sinf o‘quvchilariga ish topildi

  • Сарвар Усмон/Озодлик

O‘quv-ishlab chiqarish majmualarida qizlar boshqa hunarlar qatorida tikuvchilikni ham o‘rganishi mumkin. (Surat Ozodlik arxividan)

O‘zbekiston maktablarida joriy o‘quv yili boshidan buyon haftasiga 5 kun o‘qib, 6- kun bekor yurgan 10- sinflar o‘quvchilari endilikda o‘sha bo‘sh kunida hunar o‘rganadi.

Yil boshidan buyon yechimini kutayotgan masala Vazirlar Mahkamasining 24 oktabr kungi qarori bilan hal bo‘ldi.

Bosh vazir Aripov imzolagan qarorga binoan, mamlakat bo‘ylab o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etiladi.

2017-2018 o‘quv yiligacha O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida bolalar 9- sinfni bitirgunga qadar o‘qir va so‘ngra ularning bir qismi akademik litseylarga va katta qismi kasb-hunar kollejlariga ko‘char edi.

Prezident Mirziyoevning tashabbusi bilan 9- sinfni bitirganlarning maktabda qolishni istaganlari uchun 10- sinf(lar) ochildi.

10- sinf o‘quvchilari haftada bir kun bekor qolgan edi

Toshkent viloyat, Chinoz tumanidagi maktablardan biri direktorining Ozodlikka aytishicha, 10- sinflar uchun o‘quv rejasida haftaning bir kuni kasb-hunar ta’limi uchun ajratilgan, lekin 2 oydan beri o‘quvchilar o‘sha kunda na maktabga kelar, na hunar o‘rganish uchun boshqa joyga borar edi.

Direktorning aytishicha, buning sababi kasb-hunar ta’limini tashkil qilish tartibini belgilovchi me’yoriy hujjat yo‘qligida, xususan, o‘quvchilar borib o‘qiydigan kollej o‘qituvchisi ish haqini kim to‘lashi noma’lum qolayotganida edi. Gap shundaki, maktablar Xalq ta’limi vazirligi, kollejlar esa, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligiga qaraydi.

Kutilgan qaror

24 oktabr kuni imzolangan va shu kuni kuchga kirgan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bu sohadagi barcha masalalarga aniqlik kiritdi.

Qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 4- bandiga ko‘ra, “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11- sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berish muddati 2 yil bo‘lib, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi majmualarda tashkil etiladi”.

Qizlar tikuvchi, o‘g‘illar avtousta bo‘ladi

Samarqand shahridagi maktablardan biri direktorining Ozodlikka aytishicha, uning maktabida bu yil ochilgan 1 ta 10- sinfda 17 o‘quvchi - 10 qiz va 7 o‘g‘il o‘quvchi bor.

Maktab Siyob milliy hunarmandchilik qurilish kolleji bilan shartnoma tuzdi va o‘quvchilar shu o‘quv yurtida hunar o‘rganadi. Qizlar tikuvchilikni o‘rganadi. O‘g‘il bolalar esa, “Avtomobil ta’mirlash texnigi” yo‘nalishi bo‘yicha kasb o‘rganadi.

Chinozlik maktab direktorining aytishicha, uning o‘quvchilari Chinoz iqtisodiyot maishiy kollejiga boradi. Bu maktabning o‘quvchilari ham tikuvchilik (qizlar) va avtoxizmatni (o‘g‘illar) tanlagani ma’lum bo‘ldi.

Kasblar ko‘p, hilma-hil...

Hukumat qaroriga ilova qilingan hujjatlardan o‘quv ishlab chiqarish majmualarida o‘quvchilarga tavsiya qilinadigan kasb va hunarlar spektri juda kengligi ko‘rinadi. O‘g‘il-qizlar oshpazlik, novvoylik, qandolatchilik, sartaroshlik, kosmetologlik, fotograflik, kosiblik va boshqa qator kasblarni o‘rganishi mumkin.

24 oktabr kungi qarorga asos qarorlar

Prezident Mirziyoev joriy yil 16 avgustda o‘tkazgan majlisda 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish va boshqa masalalar muhokama qilingan edi.

“O‘quv rejasiga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchilari haftada 5 kun umumta’lim fanlarini va 1 kun kasbiy fanlarni o‘rganishi belgilandi. Kasb-hunar kollejlaridan uzoq masofada joylashgan 2703 ta maktab uchun 1103 ta maktabda, 6956 maktab uchun esa 615 ta kollejda o‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etiladi”, deyilgan Prezident huzurida o‘tkazilgan majlis to‘g‘risidagi rasmiy xabarda.

2016-2017 o‘quv yilida butun O‘zbekiston bo‘ylab 144 akademik litsey, 1411 kasb-hunar kolleji bor edi va ularda jami 1 million 500 mingga yaqin o‘quvchi tahsil olgan.

Prezident Mirziyoev 14 martda imzolagan qarorda joriy yil sentyabridan O‘zbekistondagi mavjud 144 ta akademik litseydan 86 tasigina qolishi, 54 ta litsey kasb-hunar kollejlariga aylantirilishi, 4 tasi esa, tugatilishi aytilgan.

XS
SM
MD
LG