Линклар

Farg‘ona militsiyasi kafelardagi yuzdan ortiq mijozni "tunda bemaqsad" yurganlik uchun ushlab ketdi

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Farg‘ona shahrining Sayilgoh ko‘chasida reyd uyushtirilgan karaoke, pleysteyshen va chilimxonalar

Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari 23 oktabr kuni kechqurun shahardagi karaoke, kompyuter o‘yinlari o‘ynaladigan kafe va chilimxonalardan yuzdan ortiq mijozni avtobuslarga tiqib, olib ketdi. Olib ketilganlardan ayrimlarining Ozodlikka aytishicha, ularni ichki ishlar boshqarmasi hovlisida ikki soat tik holatda ushlab turishgan va barmoq izlari, suratini olgandan so‘ng qo‘yib yuborishgan.

Farg‘ona shahrining Sayilgoh ko‘chasidagi PlayStation kafesida 23 oktabr kuni kechasi o‘rtoqlari bilan futbol o‘yini o‘ynagan 21 yashar Rustam (ismi o‘zgartirilgan -tahririyat) militsiya xodimlari bu kafega to‘satdan bostirib kirganini aytadi.

Biz o‘rtoqlarimiz bilan har zamon bu joyga kirib pleysteyshenda futbol o‘ynardik. Soat 11 dan o‘tgan edi. Birdaniga militsiya xodimlari kameralar bilan bostirib kirdi va hamma o‘yin o‘ynab o‘tirganlarni olib chiqib, avtobusga tiqdi. Ular hatto guvohnoma ham ko‘rsatishmadi. Tashqariga chiqib ko‘rsak boshqa zavedenielardan ham odamlarni olib chiqib avtobusga tiqayapti. Hammamizni UVDga olib ketdi”, deydi suhbatdosh.

Farg‘ona shahrining Sayilgoh ko‘chasida reyd uyushtirilgan karaoke, pleysteyshen va chilimxonalar
Farg‘ona shahrining Sayilgoh ko‘chasida reyd uyushtirilgan karaoke, pleysteyshen va chilimxonalar

Rustamning aytishicha, ushlanganlar viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga olib borilgan va ularga nisbatan juda qo‘pol muomala qilingan.

UVDning hovlisiga olib kirib tizib qo‘yishganidan so‘ng haqorat so‘zlar boshlandi. "Qo‘ykalla normalniy tur, dolbo..., hayvon", deb so‘ka boshlashdi. Yuzdan ortiq odam bor edi. Bir-ikki kishi “qaysi qonun bo‘yicha bu yerga olib keldilaring”, deb haqqini talab qilgan edi, o‘ntadan ortiq xodim birdaniga ularga tashlanib, “yur ichkariga, qonunni ko‘rsatib qo‘yamiz”, deb tortqilashdi. Men ham masalan, “men ichmayman, chekmayman, shunchaki futbol o‘ynab o‘tirgan edik”, desam, “ovozingni o‘chir¸ hayvon”, deb haqorat qildi. Bizni odam o‘rnida ko‘rishmay, xo‘rlashdi”, deydi Rustam.

Farg‘ona shahrining Sayilgoh ko‘chasida reyd uyushtirilgan karaoke, pleysteyshen va chilimxonalar
Farg‘ona shahrining Sayilgoh ko‘chasida reyd uyushtirilgan karaoke, pleysteyshen va chilimxonalar

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir farg‘onalik yigitning aytishicha, u karaoke kafesida o‘rtoqlari bilan ashula aytayotgan paytda militsiya xodimlari bostirib kirgan.

Mening pasportim bor, Farg‘onada propiskadaman, desam ham, “itga o‘xshagan, qatorda tur”, deb melisa haqorat qildi. “Axir bu qonunda yo‘qku”, desam “hozir 15 sutkaga qamayman, keyin qonunni ko‘rasan”, dedi. Bizning aybimiz, soat 11 dan kech yurganimizmi? Hech qaerda yozib qo‘yilmaganku, 11dan keyin yurish mumkin emas, deb. Yoki shaharda komendantlik soati bormi?”, dedi farg‘onalik yigit.

Uning aytishicha, pasporti bor-yo‘qligidan qat’iy nazar yuzdan ortiq odam Ichki ishlar boshqarmasi hovlisida ikki soat tik holatda ushlab turilgan va ulardan har birining barmog‘idan nusxa hamda surati olinganidan keyin qo‘yib yuborilgan.

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarlikni oldini olish bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda 23 oktabr kuni yuzdan ortiq odam ushlab kelinganini tasdiqladi.

Shahardagi osoyishtalikni ta’minlash maqsadida reydlar o‘tkazilayapti. Tunda maqsadsiz ko‘chada yurgan fuqarolar olib kelinib, tekshirilayapti. Barmoq izlari va surati olinib, boshqa tunda maqsadsiz yurmaslik haqida ogohlantirilayapti. Tungi klublar va kafelar egalari bilan ham gaplashilib, soat 11 dan keyin ishlamaslik tavsiyasi berilayapti. Chunki, soat 11 dan keyin yaxshi odamlar kafelarga kelmaydi, uyida yotadi”, dedi mulozim.

Mulozim shuningdek¸ Ichki ishlar boshqarmasi turli bo‘linmalarining navbati bilan shaharga chiqib, ana shunday reydlar o‘tkazishi haqida boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i borligini ham qo‘shimcha qildi.

Farg‘ona shahridagi restoranlardan birining ismi sir qolishini so‘ragan xodimi, hozircha ularga soat 11dan keyin ishlamaslik cheklovi qo‘yilmaganini aytadi.

Bitta bizning emas, boshqa restoran va kafelar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari so‘nggi mijozgacha ishlayapti. Bunday reydlar, asosan, yoshlar ko‘p to‘planadigan joylar – karaoke, chilimxona va kompyuter o‘yinlar o‘ynaladigan kafelarda uyushtirilayapti. Menimcha, militsiya xodimlariga statistika kerak. Shuning uchun, ko‘chada odam ovlab yurmasdan odam gavjum joylarni tap-tap etib bosib, planni to‘ldirib qo‘yayapti”, deydi tadbirkor.

O‘zbekiston poytaxti va viloyat markazlarida tunda yurgan shaxslarni ushlab militsiya bo‘limlariga olib borish va ulardan barmoq izi olish tadbirlari anchadan buyon davom etmoqda.

Xususan¸ Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, "Yoshlar ittifoqi" Xorazm viloyati kengashi, Sud idoralari xodimlari, mahalliy hokimlik vakillari, mahalla posbonlari ishtirokida 26-27 avgust kunlari o‘tkazilgan «Tun» tadbiri davomida kechki soat 9 dan keyin «bemaqsad» yurgan 3706 nafar shaxs huquqbuzar sifatida ushlangan edi.

O‘zbekiston prezidenti fevral oyida o‘tkazgan selektor yig‘ilishida militsiya faoliyatini qattiq tanqid qilib, xalqning ulardan norozi ekanligini uqtirgan edi:

-O‘tgan yili 4518 nafar xodim, shundan 966 nafar xodim salbiy holatlarga ko‘ra ichki ishlar idoralaridan bo‘shatilgan. Ulardan aksariyati poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlarni sodir etgan. Bunday holatda aholi orasida ichki ishlar xodimi obro‘sini qanday qilib oshirish mumkin? Qonun himoyachilarining o‘zi jinoyat sodir etsa, oddiy odam dardini kimga aytishi kerak? –degan edi Mirziyoev.

XS
SM
MD
LG