Линклар

Toshkentda paxta terayotgan andijonliklar "poezd puli" ushlab qolishayotganidan shikoyat qildi

  • Ҳурмат Бобожон/Озодлик

Andijon shahridan Toshkent viloyati tumanlariga paxta terimiga majburan poezdda olib kelingan terimchilar, hokimiyatning yo‘lkira bepul bo‘lishi haqidagi va’dalariga qaramay, ulardan "poezd haqi" ushlab qolinayotganidan shikoyat qildi.

Toshkent viloyat hokimligi mulozimi Ozodlikka terimchilar maxsus poezdda tashilgani va buning uchun terimchilardan pul olinmasligini aytdi.​

Oktabr oyi o‘rtalarida Andijon viloyatidan o‘qituvchi va shifokorlar dohil o‘n mingdan ziyod odam maxsus poezdlarda Toshkent viloyatining To‘ytepa, Bo‘ka, Chinoz tumanlariga paxta terimiga safarbar etilgandi. O‘n kunlik muddat tugagan bo‘lsa ham ular hamon paxta terishga majburlanmoqda.

Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga Andijondan paxta terishga olib kelingan minglab terimchilardan biri Ozodlik bilan suhbatda hokimiyatni yolg‘onchilikda aybladi.

- Bizni 10 kunga yo‘l harajtlari bepul bo‘ladi, deb aldab olib kelishdi. Hozir har bir terimchidan 19 ming so‘mdan poezd puli, deb ushlab qolyapti. “O‘n kun bo‘ldi, qaytaylik” desak, dalada paxta ko‘p hech qayoqqa ketmaysizlar”, deyapti. Hokimiyat bizni laqqa tushirdi, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan andijonlik terimchi.

14-17 oktabr kunlari Andijondagi byudjet tashkilotlar xodimlari, jumladan o‘qituvi va shifokorlar, mahalla aholisidan tashkil topgan maxsus otryadlar Toshkent viloyatiga poezdlarda paxta terimiga jo‘natilgandi.

Andijon vokzali. Poezdda hasharchilar Toshkent viloyatiga jo‘natilyapti. 2017 yil, 14 oktabr.
Andijon vokzali. Poezdda hasharchilar Toshkent viloyatiga jo‘natilyapti. 2017 yil, 14 oktabr.

O‘shanda terimchilarga poezd qatnovini Toshkent viloyat hokimligi tashkillashtirgani va terimchilarning yo‘lkirasi ham hokimlik hisobidan bo‘lishi va 10 kundan so‘ng poezdda bepul ortga qaytishlari haqida va’da berilgan edi.

- Hozir bilsak, yo‘lkirani ham terimchilar hisobidan qilib qo‘yibdi. Terilan paxta haqidan poezd puli, yotoq va yeb-ichishga ushlab qolinyapti. Tashlandiq bog‘cha binosida yashaymiz, shunga ham bizdan pul ushlab qolinyapti. Hozir dalada paxta qolmagan hisob, paxta yo‘q, pul ham bermaydi, har kunimiz zarariga bo‘layapti, qaytishga endi piyoda ketsak kerak, Andijonga, - deydi Bo‘ka tumanida paxta terayotgan terimchi.

Andijon viloyati hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi Toshkent viloyatiga jo‘natilgan terimchilarning yo‘lkira, yashash va yegulik xarajatlarini Toshkent viloyati hokimligi zimmasiga olganini bildirgandi.

Ozodlik Toshkent viloyati hokimligiga bog‘langanida hokimlik mulozimi terimchilar maxsus poezdda tashilgani va buning uchun terimchilardan pul olinmasligini tasdiqladi.

- Maxsus poezdlar tashkil etildi va buning uchun terimchilardan pul olinmaydi, - dedi Toshkent viloyati hokimiyati mulozimi.

Ozodlikka shikoyat qilgan andijonlik terimchilardan "poezd puli" ushlab qolayotgan rahbarlar bilan hozircha bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

O‘n kunga deb olib kelingan andijonlik terimchilar qachongacha Toshkent viloyati paxta dalalarida qolishlari haqidagi savolga esa hokimiyat mulozimi Ozodlikka aniq javob ayta olmadi.

- Bu haqda aytolmayman, - dedi hokimlik mulozimi.

O‘zbekistonning Jizzax viloyatida ham shu oy boshida 10 kunga deb olib chiqilgan terimchilar hamon dalada paxta terishga majburlanmoqda.

- Mana 20 kundan buyon paxtada majburan bosim ostida paxta teryapmiz. Qochib ketsang IIB tomonidan ushlab kelinib, nimaga ketding deb urishadi. Bizlarni 10 kunga borib kelish harajtlarini bepul deb aldab olib kelishgan. Davlat xokimyatiga xam ishonch kolmadi. Agar iloji bo‘lsa yordam beringizlar. Bu yog‘i qish, biz ham uyga borib qishga tayorgarlik ko‘raylik, - deb yozdi Ozodlikka Jizzax dalalarida paxta terayotgan terimchi.

Andijon hokimligi mas’ullari mahallama-mahalla yurib, kimda-kim paxtaga bormasa, qishda uylariga gaz ballonlari berilmasligi haqida ogohlantirgan xolda terimchi yollab, Toshkent viloyatiga jo‘natgan edi.

Viloyat hokimining maktab va kollej o‘qituvchilari, o‘quvchi va talabalari hamda tibbiyot xodimlarining dala mehnatiga jalb etilishi jinoyat ekani borasidagi bayonotiga qaramay ushbu soha xodimlari ham paxta terishga majburlanmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 sentabr kuni BMTda qilgan chiqishida majburiy mehnatga batamom barham berilgani haqida bayonot bergan edi.

XS
SM
MD
LG