Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:44

RSF: Qamalgan jurnalist taqdiri Mirziyoev hukumati uchun imtihondir


Parijdagi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti (RSF - Reporters sans frontiers) O‘zbekiston hukumatini bir oy avval konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish ayblovi bilan hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullaevni ozod etishga chaqirdi. Abdullaev bir oydan buyon O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati yerto‘lasida hibsda qolmoqda va u bu davr ichida yaqinlari va advokatiga ko‘rsatilmadi. Abdullaev 10 yildan 20 yilgacha muddatlarga qamalishi mumkin.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti 27 oktabr kuni e’lon qilgan bayonotida Bobomurod Abdullaevning taqdiri O‘zbekistonning avvalgi qattol rahbari Islom Karimovnikidan keskin farqli chiqishlar qilayotgan Shavkat Mirziyoevning yangi hukumati uchun bir imtihon bo‘lishi aytiladi.

"Sababi Bobomurod Abdullaev Mirziyoev prezidentligi davrida qamalgan ilk jurnalistdir”, - deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi rahbari Yohan Bihr Ozodlik bilan suhbatda.

Tashkilot Bobomurod Abdullaev qiynoqlarga solinayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

“O‘zbekiston hukumatini Bobomurod Abdullaevni ozod etishga va uning xavfsizligi va o‘zini himoya qilish huquqlari hamda uni ustidan adolatli sudlovni kafolatlashga chaqiramiz”, - dedi Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi rahbari Yohan Bihr.

44 yoshli jurnalist Bobomurod Abdullaev “Farg‘ona ru” nashri muxbiri bo‘lgan va sport sharhlovchisi sifatida ham tanilgan jurnalistdir.

U 27 sentabr kuni ta’mirga bergan mashinasini ustxonadan olish uchun uyidan chiqib ketganicha yo‘qolib qolgan.

Oradan bir kun o‘tib, uning Toshkentdagi "Gvardeyskiy" nomi bilan bilingan Milliy Xavfsizlik xizmatining izolyatorida ekani ma’lum bo‘ldi.

1 oktabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod tuman sudi jurnalistga nisbatan Jinoyat Kodeksining 159-band 4-qismi bilan ayblov e’lon qildi.

Jurnalist rasman 2011 yildan "Usmon Haqnazar"imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.

Bobomurod Abdullaevning oilasiga va uni huquqiy himoya qilishi lozim bo‘lgan advokatiga u bilan uchrashishiga ruhsat berilmadi.

Bundan avval Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Xalqaro Pen klub, Human Rights Watch tashkilotlari ham Bobomurod Abdullaevni ozod qilish talabi bilan chiqqandi.

Amnesty International jurnalist hayoti xavf ostida degan bayonot e’lon qilgan.

Bobomurod Abdullaev Toshkentda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti homiyligida o‘tkazilgan "Markaziy Osiyoda ochiq jurnalistika" xalqaro konferensiyasi arafasida hibsga olindi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi rahbari Yohan Bihr Toshkentdagi anjuman payti ular O‘zbekiston hukumati rasmiylaridan Bobomurod Abdullaev ishi bo‘yicha ma’lumot ololmaganliklarini aytdi.

“Prezident Mirziyoev islohotlari paydo qilgan umidlar silsilasida Bobomurod Abdullaevning keyingi taqdiri hozirgi hukumat uchun bir imtixon bo‘ladi", deya bildirdi Yohan Bihr.

Toshkentdagi anjuman arafasida 4 oktabr kuni o‘zbekistonlik jurnalist Solijon Abdurahmonov 9 yilu 4 oylik qamoq ortidan Qarshi shahridagi Shayxali qamoqxonasidan ozod etilgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotiga ko‘ra, hozir O‘zbekiston qamog‘ida kamida to‘rtta jurnalist qolmoqda.

XS
SM
MD
LG