Линклар

Ahmad Shahid: O‘zbekistonda aholining diniy savodxonligini oshirish kerak


BMTning din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid.

Toshkentda oktabr oyining boshida 10 kunlik tashrif bilan bo‘lgan BMTning din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid safar yakunlari va natijalari borasida BMT radiosiga bergan intervyusida prezident Shavkat Mirziyoev hozirgi siyosiy kursdan og‘ishmaydigan bo‘lsa, O‘zbekistonda islohotlar amalga oshirilishiga ishonishini bildirdi.

Ahmad Shahid BMT radiosiga bergan intervyusida “O‘zbekistonda individual diniy erkinlik deyarli yo‘q darajada”, deb bildirdi. U o‘z so‘zida davom etar ekan:

-“Deyarli” deganimning sababi, menga istalgan odam boshqa dinni qabul qilishi mumkinligini aytishdi. Biroq qandaydir dinga e’tiqod qilish uchun ro‘yxatga olish jarayonidan o‘tish zarur, -deb aytdi.

Ahmad Shahidga ko‘ra, safar davomida unga O‘zbekiston hukumati har tomonlama ko‘mak ko‘rsatgan va muloqot uchun ochiqligini namoyish etgan.

“Men shunday xulosaga keldimki, prezident tomonidan va’da qilingan islohotlarga ishonish mumkin. U o‘zining yaxshi niyatini namoyish etish uchun ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Shundan kelib chiqilsa, albatta, mamlakatda o‘zgarishlar uchun jiddiy potensial mavjud. Lekin buning uchun hukumat hozirgi kursdan og‘ishmasligi lozim”, deb bildirdi Ahmad Shahid.

Unga ko‘ra, Sovet Ittifoqi boshqaruvi ostida bo‘lgan paytda O‘zbekistonda diniy sohadagi intellektual resurslar to‘lig‘icha barbod etilgan.

“Shuning uchun mamlakatda diniy savodxonlikni qayta tiklash ehtiyoji mavjud”,-degan Ahmad Shahid intervyu so‘nggida: “O‘zbekiston hozircha diniy mavzulardagi ochiq muloqotga tayyor emas. Ammo jinoiy javobgarlik choralari emas, aksincha, aynan mana shunday ochiq muloqotlar ekstremistik g‘oyalar uchun “filtr” vazifasini bajarishi mumkin”, degan xulosani bildirdi.

BMTning din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistonda 16 ming dindor “qora ro‘yxatdan” chiqarilganini olqishladi va ayni paytda diniy erkinliklarni muayyan tarzda cheklash masalasidagi milliy qonunchilikni Grajdanlik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt talablari bilan muvofiqlashtirishga chaqirdi.

2 oktabrdan 12 oktabrgacha O‘zbekistonda bo‘lgan Ahmad Shahid 12 oktabr kuni Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda “fuqarolar din haqida fikrlarini izhor qilishda yoki e’tiqodidan kelib chiquvchi diniy amallarini erkin bajarishda ayrim cheklovlarga uchramoqda. Ba’zan bu borada o‘zini-o‘zi senzura qilish holatlari ko‘zga tashlanadi”¸ deya bayonot bergani to‘g‘risida Kun.uz nashri xabar bergan edi.

Ahmad Shahid safari davomida O‘zbekiston qamoqxonalariga ham borgan¸ mamlakatdagi turli diniy va milliy jamoalar vakillari¸ shuningdek¸ inson huquqlari himoyachilari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.

BMT maxsus ma’ruzachisining O‘zbekiston safari davomida bir necha huquq faoli ozodlikka chiqarildi. Ular orasida¸ A’zam Farmonov¸ A’zam Turg‘unov va jurnalist Solijon Abdurahmonovlar ham bor.

Ayni paytda¸ mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullaev va yozuvchi Nurullo Otaxonovlarning hibsga olinishi ham Shahidning O‘zbekiston safari bilan ayni paytda sodir etildi.

XS
SM
MD
LG