Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:34

Tojikistonda "Islom davlati" ekstremistik guruhi jangarisi 15 yilga qamaldi


Tojikistonlik "jihodchilar"
Tojikistonlik "jihodchilar"

Tojikistonning Xatlon viloyat sudi Yovon tumanilik Omonqul Ernazarovni Suriyadagi janglarga bir qator mamlakatlarda taqiqlangan "Islom davlati" ektremistik guruhi jangarilari safida qatnashgani uchun 15 yilga kesdi. Lekin uning ismi terrorchilikda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatida bo‘lmagani aytilmoqda.

Militsiya xodimlari Omonqul Ernazarovni Turkiyadan qaytib kelgandan so‘ng ikki oy o‘tib, hibsga oldi. Ma’lum bo‘lishicha, u 2015 yili Rossiyaga ishlagani ketgan, 2016 yil boshida esa, qarindoshlariga Turkiyadan yaxshi ish topganini xabar qilgan. Lekin o‘sha paytda Suriyada ekanini hech kim bilmagan.

– U bir-ikki marta qo‘ng‘iroq qildi, xolos. Turkiyada ekanini, ammo va’da qilingan ishga joylasha olmaganini, shuning pulini yo‘qligini aytdi, – dedi uning umr yo‘ldoshi Iroda Xolmurodova “Ozodi” radiosi bilan suhbatda.

Omonqul Ernazarov so‘roq vaqtida akasi Fazliddinning maslahati bilan Turkiyaga borib qolganini tan oldi. Suddagi manbaning xabar berishicha, Fazliddin odamlarni Suriyada jang qilish uchun yollashda ayblanib, qidiruvga berilgan.

Tojikistonlik tergovchilar xulosasida aytilishicha, Omonqul "IDning “Al-Buxoriy” bo‘linmasiga a’zo bo‘lib kiradi". O‘zining aytishicha, ushbu bo‘linmaga 350 nafar etnik o‘zbek, shu jumladan, 6 nafar Tojikiston vatandoshi a’zo bo‘lgan.

Omonqul Ernazarov sud mahkamasida 8 oy Suriyaning Halab shahrida jang qilganini bo‘yniga oldi. Aytishicha, so‘nggi oylarda IDning g‘aznasi bo‘shab qolgani sababli jangarilarga oyiga 30 dollardan oylik maosh to‘langan.

– “Al-Buxoriy” bo‘linmasi Halab shahri uchun janglarda ko‘p talofat bergani sababi amir Salohiddin bizga chekinishni buyurdi, men imkoniyatdan foydalanib, soqolimni olib, qochqinlar qatoriga gung va kar bo‘lib qo‘shildim, – deya gapirib berdi u sudda mahkamasida.

Oradan bir necha hafta o‘tib, sobiq jangari Turkiyaga, undan so‘ng vataniga etib oladi.

Advokati Abdug‘affor Saidovning Omonqulga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining 401-moddasiga izoh qo‘llanishini suddan talab qildi. 2015 yili Tojikiston Jinoyat kodeksiga tuzatishlar kiritilgan. Tuzatishlarda chet el harbiy bo‘linmalarida xizmat qilishdan ixtiyoriy ravishda bosh tortgan va uyiga qaytib, qilmishidan pushaymon bo‘lgan kishilarni avf etish ko‘zda tutilgan. Sud majlisi chog‘ida advokatga bunday chora harbiy harakatlarda bevosita qatnashmagan kishilarga nisbatan qo‘llanishi tushuntirildi.

Tojik “jihodchilari”

Nyu-Yorkdagi Soufan Group tahlil markazi tayyorlagan ma’ruzada aytilishicha, haligacha Suriya bilan Iroqda 700 dan oshiq tojikistonlik jangari bor. Lekin ulardan aksariyatining qaerda ekani ma’lum emas.

Razvedka va xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanadigan markaz tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yil iyuliga qadar 1600 nafar jihodchi bir qancha mamlakatlarda taqiqlangan "Islom davlati" (ID) saflarida jang qilayotgan edi. Shulardan 147 nafari vataniga qaytib keldi, deyiladi Soufan Group ma’ruzasida.

Ma’ruza mualliflariga ko‘ra, ID Mo‘sul va Raqqadan siqib chiqarilgach, ko‘plab jangarilarning taqdiri noma’lum bo‘lib qoldi. Ular ayrim jangarilar janglar bo‘layotgan boshqa hududlarga o‘tib ketganini ham istisno qilmayapti.

Tojikiston hokimiyat idoralari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Suriya bilan Iroqdagi strategik jihatdan muhim hududlarni ozod qilish vaqtida jangarilarning, taxminan, 60 foizi halok bo‘lgan. Ular IDga saflariga borib qo‘shilish uchun vatanidan chiqib ketgan edi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi oldinroq Suriya bilan Iroqda jang qilayotgan tojikistonliklar soni 1141 kishi ekanini, 300 kishi esa, halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgan edi.

XS
SM
MD
LG