Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:43

Rashidov yubileyini uning davrida urf bo‘lgan "qo‘shib yozish" bilan kutib olmoqchi bo‘lishdi


O‘zbekistonning mustaqillik yillarida ilk bor hokimlar paxtani qo‘shib yozgani uchun lavozimidan ayrilmoqda.
O‘zbekistonning mustaqillik yillarida ilk bor hokimlar paxtani qo‘shib yozgani uchun lavozimidan ayrilmoqda.

Toshkent va Jizzax viloyatlarining xokimlari tayinlanganidan 10 oy o‘tib lavozimlaridan olindi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, hokimlarning ishdan olinishiga 2017 yilgi paxta mavsumida ushbu viloyatlarda paxta hosilini qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilgani sabab bo‘lgan. Majlisda qatnashganlardan birining Ozodlikka aytishicha, Jizzax hokimi qo‘shib yozganini "Sharof Rashidovning yuz yilligi uchun yurtboshi kelishiga uyalib qolmaslik uchun" qilingan harakat sifatida izohlagan.

Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbarlari esa paxta hosili bo‘yicha hisob berishda yo‘l qo‘ygan xato uchun ogohlantirish olgan.

30 oktabr tongida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda Toshkent viloyat hokimi Shukrullo Boboev va Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Uzoqovlar 2017 yilgi paxta mavsumida hosilni qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilganlikda ayblanganlar va aynan shu sabab lavozimlaridan ayrilganlar.

O‘tgan hafta davlatga paxta topshirish rejasini bajarganliklarini e’lon qilgan Xorazm, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘yilgani sababli rejani hali bajarmagan, deb topilgan.

Shu selektor majlisida qatnashgan o‘zbek mulozimlaridan biri bu haqda Ozodlikka gapirib berdi:

- Jizzax viloyatida 120 milliard so‘mlik paxtani qo‘shib yozishgani majlisda aytildi. Bu shu viloyatda yetishtirilgan xosilning 8 foizini tashkil etadi. Sakkiz foizlik havo, ya’ni yo‘q narsani qo‘shib yozishgan. Hokim Uzoqov selektor majlisida viloyatni yuzini yerga qaratmaslik uchun, Sharof Rashidovni yuz yilligi uchun yurtboshimiz kelishiga uyalib qolmaslik uchun shu ishni qilgani, keyinchalik 15 noyabrgacha ustini to‘ldirish maqsadida qilganini aytayapti. Toshkent viloyatida esa qo‘shib yozish 12 foizni tashkil qilgan. Shu majlisni o‘zida shu ikki viloyat hokimi va prokurorlari ishdan olindi. Yangi tayinlangan prokuror boshliqlariga qo‘shib yozishlarni taftish qilish bo‘yicha topshiriq berildi, - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan mulozim.

Shukrullo Boboev va Ulug‘bek Uzoqovlarni prezident Shavkat Mirziyoev 2016 yilning dekabrida Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimlik kursisiga o‘tqizgandi.

Endilikda, Toshkent viloyatiga O‘zbekiston bosh vazirning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan G‘ulomjon Ibragimov hokim vazifasini bajaruvchi, Jizzax viloyatiga esa shu viloyatning Arnasoy tumani hokimi bo‘lib ishlagan Ergash Soliev hokim etib tayinlandi.

G‘ulomjon Ibragimov oxirgi 14 oy ichida Toshkent viloyatiga tayinlanayotgan to‘rtinchi hokim bo‘ldi.

Qo‘shib yozishlar

O‘zbekiston mustaqbllikka erishganidan buyon ilk bor hokimlar paxta bo‘yicha qo‘shib yozish uchun lavozimidan ayrilmoqda.

O‘zbekistonning 2016 yil sentabrida vafot etgan prezidenti Islom Karimov boshqaruvi davrida qo‘shib yozishlar haqida ochiq gapirilmagan.

Uzoq yil paxta tozalash sanoatida ishlagan namanganlik Abbos Asad Ozodlik bilan suhbatda qo‘shib-yozishlarni Sovet tizimidan meros qolgan ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan rejali iqtisod mahsuli ekanini aytadi.

- Bu o‘sha Sho‘rolar davridagi "planoviy ekonomika" mahsuli. Faqat ko‘rsatkichlar uchun, tepaga raportlar, hisobotlar berish uchun qilinardi bu. Har bir rahbarning ishi shu raqamlarga qarab baholanar edi. Har bir viloyat qo‘shib yozishlar hisobiga biri biridan o‘zishga harakat qilar edi. O‘zbekistonda 6 million tonna paxta topshirdik deyilardi, lekin aslida unaqa miqdorda paxtani O‘zbekiston yetishtirmagan, faqat raqamlar edi. Afsuski, hozir bu bizga meros bo‘lib qoldi. Endi Mirziyoev joylardagi vaziyatni bilgan xolda buni yo‘q qilishga urinmoqda, - deydi Abbos Asad.

Farg‘onalik fermer Ochil Begmatov O‘zbekistonda qo‘llanilgan qo‘shib yozish sxemalaridan biri haqda Ozodlikka aytib bergan.

- Aytaylik, fermer shartnomada ko‘rsatilgan paxtani to‘la topshira olmay qoldi – plani to‘lmadi. Shunday paytda u paxta zavodi rahbari bilan kelishadi. Masalan, bundan 2 yil oldin 200 dollar evaziga paxta zavodi fermerning nomiga 1 tonna 5- nav paxta yozar edi. Aslida o‘sha 1 tonna paxtaning narxi 50 ming so‘m bo‘ladi. 5- nav paxta shu qadar sifatsiz, tola ham, chigit ham chiqmaydiki, zavod o‘sha qo‘shib yozilgan paxtani keyin "chang bo‘lib uchib ketdi", deb rasmiylashtiradi. Fermer 200 dollarga 1 tonna paxta sotib oladi va qo‘liga 20 ming so‘m tegadi. Lekin fermerning yutug‘i boshqa narsada: u planini bajaradi, hokimdan gap eshitmaydi. Jon saqlab qolish uchun, erdan quruq qolmaslik uchun fermer o‘sha 200 dollarni berar edi, dedi Ochil Begmatov.

Qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun O‘zbekistondagi barcha paxta zavodlarida bu yildan paxtani tortish uchun elektron tarozilar hamda xom ashyo sifatini baholovchi uskunalar majmui o‘rnatilgandi.

Tarozilar va sifat o‘lchagichlarda aks etadigan ma’lumotlar mamlakat bo‘ylab yagona monitoring bazasiga yig‘ilishi aytilgan.

Lekin, mutaxassislar, jumladan Abbos Asad ham O‘zbekistonda paxta yetishtirish davlat boshqaruvi ostida qolishda davom etarkan, davlatga paxta sotishda qo‘shib yozishlar bir-ikki hokimning ishdan olingani bilan ham elektron tarozilar o‘rnatish bilan ham to‘xtamaydi, degan fikrdalar.

Sovet davrida paxta planini bajarish yo‘lidagi qo‘shib yozishlar O‘zbekistonda Sharaf Rashidov rahbarlik qilgan yetmishinchi-saksoninchi yillarda avj olgani va bu Moskvaning bosimi ostida ro‘y bergani haqida aytiladi.

Wikipedia sayti ma’lumotiga ko‘ra, 1983 yildan 1989 yilgacha “Paxta ishi” bo‘yicha O‘zbekistonda SSRda brigada boshliqlari, paxta zavodlar direktorlari, kolxoz raislaridan tortib oblast rahbarlarigacha yuzlab odam qamoqqa olingan.

XS
SM
MD
LG