Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:37

Felgengaurning pichoqlanishi davlat TVsi bilan “Exo Moskvi” mojarosiga sabab bo‘ldi


Tatyana Felgengauer.
Tatyana Felgengauer.

Rossiyaning davlatga qarashli omamviy axborot vositalari (OAV) bilan ancha-muncha ta’sir kuchiga ega “Exo Moskvi” radiostansiyasi o‘rtasida dahanaki jang qizigandan-qizib bormoqda. Bunga radiostansiya jurnalistlaridan birining bo‘ynidan pichoq yegani sabab bo‘ldi. Sal oldin davlat televideniesi dasturida o‘sha jurnalist ayol "G‘arbning pastkash agenti", deb atalgandan so‘ng bir kishi unga ish joyiga kelib, hujum qildi.

Bir qator jurnalistlar bilan birga Kreml tanqidchilari ham 23 oktabr kungi «Exo Moskvi» radiostansiyasi bosh muharrir o‘rinbosari Tatyana Felgengauerning o‘limi bilan tugashiga bir bahya qolgan jinoyatni hukumatning rasmiy pozitsiyasi – turimiga qarshi bo‘lgan kishilarning ovozini bo‘g‘ishga urinayotgani bilan bog‘lamoqda. Ularga ko‘ra, davlat nazoratidagi OAV “nafrat muhiti”ni vujudga keltirmoqda.

Biroq davlatga qarashli jiddiy OAV bu ishga aloqador ekanini rad etmoqda. Aytilishicha, omon qolgan va ayni paytda davolanayotgan Felgengauerga es-hushi joyida bo‘lmagan kishi hujum qilgan. Internetdagi o‘sha kishiga tegishliligi taxmin qilinayotgan blog xabarlarida u “Exo Moskvi” radiostansiyasi dasturlari tinglovchisi bo‘lgani va hokimiyat idoralarini tanqid qilib kelgani xabar qilindi.

Bahsga Rossiya davlat OAV rahbari va teleboshlovchi Dmitriy Kiselyov ham qo‘shildi. U G‘arb va noan’anaviy jinsiy mayli bor kishilarga qarshi safsatalari hamda Kremlga haddan ziyod sodiqligi bilan nom qozongan.

Kiselyov 29 oktabr kuni efirga uzatilgan haftalik dasturida muxolif siyosatchilar va sharhlovchilarga efir vaqtini ayamay berayotgan va “nafrat muhiti”ni yaratayotgan “Exo Moskvi”ni aybladi hamda radiostansiyani norozi kishilar va fitna nazariyachilari istehkomi deb masxara qildi.

66 foiz aksiyasi davlat nazoratida bo‘lgan “Gazprom-Media”ga tegishli “Exo Moskvi” radiostansiyasi davlat idoralariga o‘z jurnalistlariga tahdidlar bo‘layotganidan qayta-qayta shikoyat qilib kelayotgan, xususan, siyosiy tok-shou boshlovchisi Yuliya Latininaga ayni tahdidlar bo‘layotgan edi. U shaxsiy avtomobilini kimdir yoqib yubormoqchi bo‘lgandan so‘ng mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

27 oktabr kuni radiostansiya bosh muharriri Aleksey Venediktov “Exo Moskvi”ning yana bir jurnalisti Kseniya Larina ham mamlakatdan chiqib ketganini, bunga uning taniqli tele- va radioboshlovchi Vladimir Solovyev bilan OAV orqali gap talashgani sabab bo‘lganini aytdi.

Larina Felgengauer pichoqlanishi ortidan “Exo Moskvi”ning qonga belangan poli rasmini Feysbukka qo‘yar ekan, Solovyov “chindan ham shuni istagan edi”, deb yozdi.

Solovyov 28 oktabr kuni gazetaga bergan intervyusida “Exo Moskvi” va Venediktovni Rossiya davlat teleradiokompaniyasi - VGTRK jurnalistlari va “shaxsan o‘ziga qarshi” “ajina ovi”ni uyushtirayotganlikda aybladi.

Rossiyalik tergovchilar o‘tgan haftada Rossiya va Isroil vatandoshi Gritsning Felgengauerga pichoq bilan tashlanishiga uning “ruhiy xastaligi” sabab bo‘lganini taxmin qilib chiqdi. Ularning fikricha, ushbu hujum oldindan rejalashtirib tayyorlanmagan va pichoqlashga boshqa bir tarafning aloqasi yo‘q.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu fojiali holatga 30 oktabr kuni izoh berar ekan, asosan tergovchilarning gumonlarini takrorlashdan nariga o‘tmadi.

– Qaerdandir noqis kishi paydo bo‘lib qoldi. Buning so‘z erkinligiga nima aloqasi bor? U Isroildan kelib, jurnalistga hujum qildi, – deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi davlatga qarashli TASS xabarlar agentligi.

Felgengauer 30 oktabr kuni ushbu pichoq bilan qilingan hujumga OAV orqali izoh berib, hamkasblari, vrachlar, oilasi, do‘stlari va jinoyatchini o‘zidan ajratib olgan qo‘riqchiga minnatdorlik bildirdi.

U ushbu hujum bilan bog‘liq tobora avj olib borayotgan siyosiy bahslarga munosabat bildirmadi.

– Kurashchi bo‘lsang va sen uchun jon berishga tayyor kishilar bo‘lsa, boshingga tushgan tashvish albatta yaxshi yakun topadi, – deb yozdi u. – Ayol kishi manyak – ta’qib vasvasasiga duch kelgan odamni faqat shu yo‘l bilan yengishi mumkin.

XS
SM
MD
LG