Линклар

Peterburgda magazinning o‘zbekistonlik qo‘riqchisini o‘g‘ri xaridor otib ketdi (FOTO)


Ixtiyor Xudoynazarov Aleksandrovskiy shifoxonasida

Sankt-Peterburgdagi gipermarketlardan biri rahbariyati xaridor otgan o‘qdan yaralangan ishchisi - o‘zbekistonlik qo‘riqchini ishdan bo‘shatmoqchi.

Xorazmlik Ixtiyor Xudoynazarov xaridorni o‘g‘irlik sodir etganlikda gumon qilib to‘xtatgan paytda u to‘pponchadan o‘q uzgan va Ixtiyor ikkita o‘qdan og‘ir yaralangan.

O‘q uzgan shaxs politsiya xodimi ekani taxmin qilinmoqda va u qidiruvga berildi.

Shu yilning 19 oktabrida Sankt-Peterburgning “Karusel” gipermarketida qo‘riqchilik qilayotgan urganchlik 37 yoshli Ixtiyor Xudoynazarov nazorat kamerasidan ko‘rinishidan er-xotin bo‘lgan mijozlar magazindan buyum o‘g‘irlayotganini ko‘rib qoladi.

Olingan buyumning pulini to‘lamasdan, kassa oldidan o‘tib ketgan shaxsni to‘xtatishga borgan Ixtiyor birdan “politsiya xodimiman” deb o‘zini tanishtirgan bu mijoz hujumiga uchradi.

Politsiya guvohnomasini ko‘rsatgan shaxs hujumi
Politsiya guvohnomasini ko‘rsatgan shaxs hujumi

Travmatika to‘pponchasidan o‘q egan Ixtiyor Xudoynazarov Ozodlikka hodisa tafsilotlarini o‘zi gapirib berdi:

- Bu odamni to‘xtatsam, u menga udostoverenie ko‘rsatdi, organ odami ekan. “To‘lamiman, poshli na..!”, dedi. To‘lashini aytsam, udostovereniesini cho‘ntakka solib, cho‘ntagidan pistolet olib, zaryajat qilib, otdi. U yerda bolali ayollar, odamlar bor edi. Ikkinchi otgan o‘qi qo‘limni yaralab o‘tdi. Uning orqasidan yugurdim, u meni yuzimga qaratib otdi. Biqinimga tegdi, men ag‘darilib tushdim. Odamlar yig‘ildi, u odam esa, qochib ketdi. Starshiy olib kirdi ichkariga – qon oqib yotibdi. O‘q ichimda qolib ketgan, ichimni titib ketgan ekan, dedi Ixtiyor.

Gipermarket xodimlari va hodisa guvohlari unga “tez yordam” chaqirishdi va Ixtiyor shifoxonaga olib ketildi.

Ixtiyor ikki joyidan yaralandi
Ixtiyor ikki joyidan yaralandi

Peterburgning Aleksandrovskiy shifoxonasiga yetib kelgan Ixtiyorning yaqin do‘sti Farruhning aytishicha, ish beruvchi tashkilotdan shifoxonaga kelgan odam yaralangan o‘zbekistonlikni tezda shifoxonadan chiqarib yuborish payiga tushgan.

- Ko‘chaga chiqqanida kameraning “o‘lik zonasida” u qo‘lidan va belidan otgan. Ixtiyorning nachalnigi orqasidan borib, qanaqadir vrachlar bilan gaplashdi-da, Ixtiyorni kasalxonaga qabul qilishmadi. Birinchi yordamni berib, tezroq chiqarib yuborishga harakat qilishdi. O‘sha yerda bir tojik bola ordinaturada bor ekan – nachalnik ketganidan keyin ertasi kungacha qoldirdik, gaplashib. Ertalabga yaqin nachalnik keldi, yana chiqarib yuboribdi. Bilishimcha, hujum qilgan amaldagi politsiyachi ekan. Uning jinoyat-qidiruv bo‘limidagi do‘stlari kelib, uning “orqasini” yopishga harakat qildi. Ertasi kuni nachalnigi bilan o‘sha bolalar kelib, “Men bu yerda ishlamayman, xaridor bo‘lib kelganman”, deb ariza yozdirib olgan. Ikki kun o‘tganidan keyin biz bularni bilib, boshqattan ariza yozdirdik. Mana 12 kun bo‘ldi – suv quygandek jim, dedi Farruh.

U yarador do‘stining hol-ahvolidan uning tashkilotidan biror odam kelib xabar olmagani, uy sharoitida davolanayotgan Ixtiyor dori-darmonga o‘zi hisobidan sarflayotganini qo‘shimcha qildi.

Ixtiyorga otilgan o‘qlardan biri uning tanasidan olindi
Ixtiyorga otilgan o‘qlardan biri uning tanasidan olindi

Sankt-Peterburgning Nevskiy tuman 70- politsiya bo‘limida Ozodlikka bunday ariza kelib tushgani, ammo jinoyatda ayblanayotgan shaxs haligacha ushlanmaganini Ozodlikka tasdiqlashdi.

Ozodlik “Karusel” gipermarketida qo‘riqchilik qilib kelayotgan tashkilotning Ruslan Olegovich ismli boshlig‘i bilan telefon orqali muloqotda bo‘ldi. Tashkilot rahbari o‘zini gap nima haqda ketayotganini bilmaslikka soldi:

- Men kim haqida gapirayotganingizni ham bilmayman. Hech narsa deya olmayman, chunki isitmam 39-ga chiqqan. Qanday savollaringiz bo‘lsa yuristlarimizga murojaat qiling, deya gapni qisqa qildi Ruslan Olegovich.

Ixtiyor Xudoynazarov Peterburg politsiya xodimlari bilan suhbatdan qidiruvdagi to‘pponchali shaxs qalbaki hujjat namoyish etgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida taxminlar paydo bo‘lganini ma’lum qildi.

- “Biz faqat adres bo‘yicha bordik – u yerda yashamas ekan”, dedi politsiyachi. Men nimadan qo‘rqayapman – begona yurt bu yer. Ko‘chaga chiqmayapman hozir. Ish beruvchim mendan hatto hol so‘ragani yo‘q. O‘zimizni “Karusel”dan so‘rashdi, lekin. Ishonavering, 10 kundan oshdi – faqat yonboshlab yotaman, tik turib yurolmayman. Kirgan o‘q ichlarimni titib tashlagan, ular bitishi kerak. Xudoga shukur, ayolim perevyazka qilib turibdi, dedi Ixtiyor.

Ozodlik oxirgi paytlarda o‘zbek muhojirlariga mahalliylar tomonidan qilinayotgan hujumlar soni oshib borayotgani to‘g‘risida xabar berib kelmoqda.

O‘zbekistonlik 24 yashar sartarosh Doston Adexanov 2017 yilning 13 oktabr kuni Podmoskovyeda o‘z mijozi tomonidan o‘ldirildi. Rossiya mahalliy nashrlarining xabar berishicha, sochi yomon olinganini iddao qilgan mijoz uning yuragiga uch marta o‘tkir tig‘ suqib olgan.

Oilaning yagona boquvchisi bo‘lgan Doston 17 oktabr kuni Farg‘onada dafn etildi.

Shu yilning 25 oktabrida Leningrad viloyatida taksichi boshiga otilgan o‘qdan keyin tirik qoldi. Shifokorlarga ko‘ra¸ o‘zbekistonlik muhojirning bosh suyagini ensasidan teshib kirgan o‘q chap chakkadan teshib o‘tgan, ammo miyaga jiddiy zarar yetmagan.

Rossiyaning Moskva shahri Bobruyskiy tumani sudi 25 yoshli o‘zbek muhojirini chavaqlab ketgan smolensklik yigitni “mayda bezorilik uchun” 10 ming rubllik (165 AQSh dollari-tahr.) jarimaga tortdi va sud zalida ozod qildi.

XS
SM
MD
LG