Линклар

Nyu-York shahrida yuk avtomobilini piyodalar va velosipedchilarning ustiga qasddan haydab, 8 odamni o‘ldirgan va 11 odamni jarohatlagani aytilayotgan o‘zbekistonlik Sayfullo Soipovning Toshkentda yashaydigan 27 yashar singlisi Umida Soipova Ozodlik bilan suhbatda akasining “miyasini zaharlashgani”ni aytdi va AQSh hukumatidan unga imkon berish va odil sudlov o‘tkazishni so‘radi. Umidaning aytishicha, otasi va amakisini o‘zbek xavfsizlik xizmatlari ikki kun avval so‘roqqa olib ketilganicha ular qaytib kelmagan​

Toshkentda yashaydigan 27 yoshli Umida Soipova Ozodlik bilan suhbatda akasi ayblanayotgan 31 oktabr kungi Nyu-York shahridagi hujumda halok bo‘lganlarning yaqinlariga oilasi nomidan hamdardlik bildirdi.

Soipova akasining radikallashganidan oilasi xabarsiz bo‘lganini aytdi.

- Onam AQShga ikki marta borib keldi, unda radikallashuv alomatlarini payqamagan edi, - deydi Umida Soipova.

Sayfullo Soipov 31 oktabr kuni Nyu-York shahrining quyi Manxetten mavzesida kiraga olgan yuk avtomobilini piyodalar va velosipedchilarning ustiga qasddan haydab 8 odamni o‘ldirganlikda va 11 odamni jarohatlaganlikda ayblamoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Soipov hujum joyini tark etar ekan “Alloxu Akbar” deya baqirgan.

Qo‘lga olish payti politsiya uning mashinasidan "Islom davlati" ekstremist guruhini dastaklovchi materiallarni topgan.

31 oktabr kuni Maxattendagi sodir etilgan voqea 2001 yilda Nyu Yorkda Egizak binolar qulaganidan beri amalga oshirilgan eng qonli hujum ekani aytilmoqda.

"IShID askari"

“Islom davlati” ekstremist guruhi Nyu-Yorkdagi mashina bilan bo‘lgan bosqinni o‘z zimmasiga oldi. “Islom davlati” guruhi odamlar ustiga yuk mashinasi haydagan o‘zbekistonlik Sayfullo Soipovni IShIDning askarlaridan biri ekanligini aytgan.

Sayfullo Soipov Nyu York shahrida sakkiz odam o‘limiga sabab bo‘lgan hujumda ayblanmoqda.
Sayfullo Soipov Nyu York shahrida sakkiz odam o‘limiga sabab bo‘lgan hujumda ayblanmoqda.

Nyu-Yorkdagi hujumda akasining ayblanayotganidan xabar topgan Umida Soipova Ozodlik bilan suhbatda akasining “miyasini zaharlashgan” bo‘lishini aytdi.

- Biz shu haqda eshitib shokka tushib qoldik. Onam gapirolmaydigan bo‘lib qoldi, hozirgina kasalxonadan olib keldik. Hammamizni so‘roq qilishdi. Otamni va amakimni ikki kun oldin so‘roqqa olib ketishgan, qaytmadi, qaerdaligini bilmaymiz. Ruxsat berishsa qo‘yib yuboramiz deyishgan. Akamni miyasini kim zaharlaganini bilmaymiz. Balki u qandaydir uyushgan guruh ta’siriga tushib qolgan. Chunki u juda ishonuvchan odam edi, - dedi Umida Soipova.

Ayni paytda Umida Soipova akasining asabiy muammosi bo‘lganini ham nazardan soqit qilmaydi.

- Darrov jahli chiqib ketadigan odati bor edi. Lekin bir pastda o‘ziga kelib qolar edi, - deydi Umida Soipova.

"Uni soqolda ko‘rib daxshatga tushganmiz"

Soipova 2013 yilda akasi AQShda uylangan paytda uning soqol bilan tushgan suratini ko‘rgan oilasi daxshatga tushganini aytdi.

- Birinchi marta uni soqolda ko‘rib qo‘rqib ketganmiz. "Nimaga" deb so‘rasam, "kichkina bola deb o‘ylashmasin, degan o‘yda soqol qo‘yganini aytdi. Chunki uni yosh bola deb taksida pullarini urib olib ketishgan ekan, - deydi Umida Soipova.

Sayfulla Soipov AQShda so‘nggi oylarda Uber shirkati bilan hamkorlikda taksida kirakashlik qilgan.

Umida Soipova akasi bilan qo‘lga olinishidan bir kun oldin suhbatlashganini eslaydi.

- Shu voqea bo‘lishidan bir kun oldin gaplashganimda "yaxshi ko‘radigan pirojniyni sotib oldim, hozir klientni olgani aeroportga ketyapman", degandi. U projniyni yaxshi ko‘rar edi, o‘shanda har doimgiday suhbat bo‘lgandi, - deya eslaydi akasi bilan oxirgi suhbatini Umida Soipova.

"Trampga yetkazing, akamni qatl qilishmasin!"

Sayfullo Soipovga qarshi rasman ayblovlar ilgari surilishi ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp Soipovga o‘lim jazosi berilishi kerakligi haqida tvit qilgan edi.

Umida Soipova AQSh hukumatidan akasiga imkon berish va odil sudlov o‘tkazishni so‘radi.

- Uni qatl qilishmasin, shu gapimni prezident Trampga yetkazing. U o‘ziga qaytadi deb o‘ylayman. Uni miyasini zaharlashgan bo‘lishlari mumkin, unga fursat berishsin, odil sud qilishsin, kerak bo‘lsa biz ham shu sudda qatnashaylik, borishga va akam bilan uchrashishga tayyor bo‘lib turibmiz, iltimos shu gapimni prezident Tramga yetkazing, - deydi Umida Soipova.

Sayfullo Soipov 1 noyabr kuni mahkamaga nogiron avavasida olib kelingan.
Sayfullo Soipov 1 noyabr kuni mahkamaga nogiron avavasida olib kelingan.

Ozodlik qo‘lga kiritgan ma’lumotga ko‘ra, Soipovning ota-onasi va singlisi Toshkentning Uchtepa tumanida yashaydi.

Qo‘shnilari Ozodlik bilan suhbatda Soipovning oilasi dindan yiroq ekani va savdogarlik bilan tirikchilik qilishlarini aytdi.

Ozodlikning aniqlashicha, 29 yoshli Sayfullo Soipov 2010 yilda AQShga ketishidan oldin ota-onasi va uch singlisi bilan Toshkentning Shayxontohur tumani Beltepa mahallasida yashagan.

XS
SM
MD
LG