Линклар

«Barselona» sobiq himoyachisi Puyol Toshkentga keldi. Tashrif narxi hozircha sir.


Karles Puyolning Toshkentda tushgan ilk suratlaridan biri uning Instagram sahifasida chop etildi.

«Barselona» klubi tarixidagi eng kuchli himoyachilardan sanalgan 39 yashar KarlesPuyol 9 noyabr kuni Toshkentga keldi. O‘zbekiston Futbol federatsiyasi yangi rahbarining ham avvalgilari izidan borib¸ "qimmatbaho" sobiq yulduzlarni katta pul sarflab Toshkentda mehmon qilishi¸ sharhlovchilar tomonidan jamoatchilikni o‘zbek futbolining asl muammolaridan chalg‘itish sifatida tanqid qilinmoqda.

Maqtov va optimizmga to‘la matbuot anjumani

«Barselona» klubi tarixidagi eng kuchli himoyachilardan sanalgan 39 yashar Karles Puyol 9 noyabr kuni Toshkentga keldi.

Mahalliy nashrlarning yozishicha¸ O‘zbekiston futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov tomonidan olib kelingan Puyol Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan va federatsiya yangi rahbari faoliyatini maqtagan.

"O‘FF prezidenti janob Umid Ahmadjonov tufayli bu yerdaman. Garchi O‘zbekiston terma jamoasi Rossiyadagi mundialga chiqa olmagan bo‘lsa ham yaqin vaqt ichida bunga erishasizlar deb umid qilaman. Yoshlarga e’tibor qaratilayotgani ajoyib. Agar yoshlarga e’tibor qaratsanglar 2022 yilgi Qatardagi JChga chiqasizlar¸- deb iqtibos keltirdi mahalliy nashrlar Karles Puyoldan.

O‘zbekiston safaridan ko‘zlangan maqsad haqida to‘xtalgan Puyol¸ Tribuna saytining yozishicha:

- Faoliyatimni tugatgach FIFA tomonidan FIFA legend loyihasida ish taklif qilishdi va bunga rozilik bildirdim. Aynan shu loyiha asosida O‘zbekistonga keldim. Bu yerda ommaviy futbolni rivojlantirish, yosh futbolchilarga master klass o‘tishni rejalashtirganmiz. Umuman FIFA bilan maqsadimiz butun dunyoda futbolning ommaviyligini oshirishdan iborat, degan jumladan.

Puyol uchun "Paxtakor" to‘ldirilmoqda

2008 yili ham «Barselona» o‘yinchisi sifatida Toshkentga qisqa muddatga kelib-ketgan Puyolning 9 noyabr kuni «Paxtakor» stadionidagi «Paxtakor – Olmaliq» o‘yiniga tushishi aytilmoqda.

Ayrim xabarlarga ko‘ra¸ oliy liga doirasida o‘tayotgan bu o‘yinda 35 ming o‘rinlik stadionni to‘ldirish maqsadida Toshkentdagi oliygoh talabalari majburan «Paxtakor» stadioniga olib kelinmoqda.

Xususan¸ Tribuna nashri O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalarni stadionga olib kelish haqida Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari va filiallar direktorlariga shoshilinch ko‘rsatma yo‘llaganini xabar qildi.

«O‘zbekiston futbol federatsiyasining taklifiga binoan, yurtimizga tashrif buyurgan «Barselona» jamoasining mashhur o‘yinchisi Karles Puyol sharafiga bag‘ishlab, 9 noyabr kuni soat 16:00da «Paxtakor» markaziy o‘yingohida «Paxtakor»-«Olmaliq» jamoalari o‘rtasida futbol uchrashuvi va ko‘ngilochar sport dasturlari namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan, siz rahbarlik qilayotgan oliy ta’lim muassasasi talaba-yoshlarini ilovaga muvofiq, ushbu futbol uchrashuvi hamda ko‘ngilochar sport dasturida (guruh rahbarlari boshchiligida tartib-intizomi va xavfsizligini ta’minlagan holda) tomoshabin sifatida ishtirok etishlarini ta’minlashingiz so‘raladi»¸ deyiladi Tribuna nashri iqtibos keltirgan mazkur hujjatda.

(Ozodlik hozirda bu voqeaga oid qo‘shimcha tafsilotlarni o‘rganmoqda. Agar siz ham majburan futbolga yuborilgan talaba bo‘lsangiz¸ tafsilotlarni bizga ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘llashingiz mumkin.)

Eski hammom¸ eski tos?

Ayrim futbol sharhlovchilari¸ Puyolning Toshkentga olib kelinishini tanqid qilib¸ O‘FF yangi rahbariyatini o‘tmishdagi ayni xatolarni takrorlayotganini aytmoqda.

«Odil - «Zeromaks»ning ishlarini takrorlashayapti. Ya’nikim, muammolarni shunaqa ishlar bilan xaspo‘shlab yopish...»¸ deb yozdi taniqli blogerlardan biri.

O‘zbekiston prezidentining marhum qizi Gulnora Karimova “Bunyodkor” futbol klubiga “homiylik” qilgan 2008-2009 yillarda Toshkentga dunyoning qator mashhur futbol yulduzlari olib kelingan edi.

Xususan¸ “Real” futbol klubining yarim himoyachisi Krishtiano Ronaldu 2009 yil 22 dekabr kuni Toshkentga kelib¸ bu yerda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi rahbarlari¸ qolaversa Gulnora Karimova bilan uchrashgan edi.

Shvetsariyaning Syurix shahridan maxsus reys bilan Toshkentga olib kelingan Ronalduning 24 soatlik Toshkent safari uchun kamida 3 million yevro to‘langani aytiladi.

Shuningdek¸ 2009 yilda braziliyalik mashhur murabbiy Luis Fillipe Skolariga yiliga 25 million AQSh dollari sarflanib, “Bunyodkor” jamoasiga trener sifatida olib kelingani yoki kamerunlik Samuel Eto’oning Toshkentda bitta o‘yinda qatnashgani uchun 5 million dollar to‘langani katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.

Pensioner-legionerlar va o‘zbek futboli

Ayni paytda¸ dunyoning yetakchi futbol klublari uchun yoshi o‘tgan o‘yinchi sifatida nazardan qola boshlagan Rivaldo 2008 yilda Shveysariyada ro‘yxatdan o‘tgan “Zeromax GmbH” shirkati bilan shartnoma imzolagan edi. Million dollarlik shartnomalarga ko‘nikib qolgan xalqaro futbol jamoatchiligini ham ancha shoshirib qo‘ygan bu kelishuvga ko‘ra¸ o‘shanda 37 yoshda bo‘lgan Rivaldo Toshkentning “Bunyodkor” klubida ikki yil o‘ynab berishi kerak edi. Klub kapitanligiga tayinlangan Rivaldoning shartnomaga ko‘ra¸ qancha gonorar va haq olishi jamoatchlikka ochiq e’lon qilinmagan bo‘lsa-da¸ uning ayrim tafsilotlari matbuotga sizdirilgan edi.

Na “Bunyodkor” va na Rivaldo inkor qilgan bu tafsilotlarga ko‘ra¸ Rivaldoning O‘zbekistondagi bir haftalik tushumi 130 ming dollardan oshiq bo‘lgan va bu narx bir yilda kamida 7 million dollarga aylanayotgan edi. “Bunyodkor” hamda Rivaldo o‘rtasidagi kamida 15 million dollarlik ikki yillik kelishuvdan xabardor tomonlarning Britaniya matbuotiga bildirishicha¸ Rivaldo va oilasining Toshkentdagi shohona hayoti¸ unga har bir o‘yin va har bir gol uchun to‘lanadigan qo‘shimcha haq bunga kirmagan.

2010 yili "Zeromaks" shirkati sindirilishi ortidan "Bunyodkor" o‘z o‘yinchilariga oylik to‘lay olmay qolgan va shu yili Rivaldo xalqaro matbuotda kelishuvda ko‘zda tutilgan 16 million dollarni to‘lamaganlik uchun "Bunyodkor"ni sudga berish bilan tahdid qilgan edi.

Mustaqil futbol sharhlovchilari¸ xorij yulduzlari safari va legionerlarga sarflangan o‘nlab million dollar mablag‘ning o‘zbek futboli rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatmagani¸ aksincha¸ asl muammolarning yanada kuchayishiga sabab bo‘lganini aytadi.

XS
SM
MD
LG