Линклар

Moskvadagi 5-tergov izolyatorida jinoyat olamining bir guruh vakillari 17 nafar o‘zbek mahbusidan "vor v zakone" rutbasiga ega bo‘lgan Baxti Tashkentskiy va Baxti Yangiabadskiy nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Baxtiyor Qudratullaevga to‘yona uchun 100 ming rubl yiqqan.

Bu haqda Ozodlikka ayni SIZOda saqlanayotgan va xavfsizlik bois shaxsi sir tutilishini so‘ragan o‘zbekistonlik mahbuslardan birining ayoli ma’lum qildi.

Baxtiyor Qudratullaevga yaqin odamlardan biri Ozodlikka bu iddaoni kriminal avtoritetga qarshi uyushtirilayotgan "fitna," deya rad etdi.

"5 ming rublga bolalarimni bir oy boqaman"

Ozodlikka shikoyat qilgan o‘zbekistonlik ayolga ko‘ra, Moskvadagi 5-tergov izolyatorida jinoyat olamining bir guruh Kavkaz va o‘zbekistonlik vakillari "Baxti Tashkentskiyga to‘yona" deya o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik o‘zbek mahbuslaridan kamida 5 ming rubldan yig‘ib olgan.

Ayol o‘z so‘zining isboti sifatida aftidan jinoyat olami vakillarining 5-tergov izolyatori kamerasidan turib, Baxti Tashkentskiyni tabriklayotgani tasvirlangan videoni Telegram orqali Ozodlikka yo‘lladi.

Videotasvirda kameradagi mahbuslar rus va o‘zbek tillarida Baxti Tashkentskiyni o‘g‘lining uylantirishi munosabati bilan birin-ketin tabriklashadi.

Videoda gapirganlar shuningdek "Aziz" va "Feruz" ismli shaxslarga salom yo‘llashadi.

O‘zbekistonlik ayol to‘y bahona ayni SIZOda ushlab turilgan turmush o‘rtog‘i doxil jami 17 mahbusdan 100 ming rubl yig‘ib olinganini da’vo qildi.

"Baxtini nomidan har kuni kimdir telefon qiladi. Qizil sportivkali Girixan kameraning smotryashchiyci. Sizodagilar "Baxti bilan svyazdaman" degan videoda o‘zbek tilida gapirgan Bobirmirzo G‘ulomovga aytganini yig‘ib berib o‘tirishibdi. Hammasi bo‘lib, 100 ming rubl yig‘ilgan. Men 5 ming rubl berdim. Bundan ko‘proq berganlar ham bor. Men 5 ming rublga bolalarimni bir oy boqaman, axir", deya shikoyat qiladi o‘zbekistonlik ayol.

"Baxti Tashkentskiyga qarshi fitna"

Baxtiyor Qudratullevga (BaxtiTashkentskiy) yaqin odamlardan biri Ozodlikka Moskvadan turib, Baxti Tashkentskiyga pul yig‘ib olinayotgani haqidagi iddaolarni kriminal avtoritetga qarshi uyushtirilayotgan “fitna” deb atadi.

"Bu Baxti Tashkentskiyga qarshi fitna-ku. Moskvadagi turmalarga Baxti qaramaydi. Jinoyat olami qonunlari bo‘yicha Baxtining haqqi yo‘q. Moskvaning o‘z o‘g‘rilari bor," – dedi u mikrofonsiz suhbatda.

Suhbatdosh Baxtiyor Qudratullev, haqiqatan ham, oktabr oyi oxirida Ixtiyor ismli o‘g‘lini uylaganini tasdiqladi.

Ammo uning ilova qilishicha, Baxti Tashkentskiy unga Bobirmirzo G‘ulomovni "umuman" tanimasligi va Moskvadan "hech qanaqa to‘yona" olmaganini aytgan.

Toshkent va Moskva raqobati

Baxti Tashkentskiy to‘yiga to‘yona yig‘ilayotgani haqidagi iddao Toshkentda jinoyat olamining o‘nlab a’zolari hibsga olingani haqidagi Ozodlik xabaridan bir necha hafta o‘tib yangramoqda.

Xabarda hibsga olinganlar orasida Toshkent shahri “smotryashchiy”si (jinoyat dunyosining hudud bo‘yicha favqulodda vakili) Abbos Xodjaevning ham borligi ta’kidlangan edi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Abbos Xodjaev hibsga olinishi ortidan Rossiya jinoyat olamining yuqori vakillari Toshkent "smotryashchiy"si etib, o‘zlariga "sodiq bo‘lgan odamlarini" tayinlashga harakat qilmoqda.

"Rossiyadagi "vor"lar Toshkentga "smotryashchiy" qilib, o‘zlariga sodiq bo‘lgan odamlarini qo‘yishga harakat qilayapti. Lekin, bunga Baxti Tashkentskiy qarshi. U o‘zbeklarga Rossiyadagi jinoyati olami vakillarining kelib egalik qilishini istamaydi. Shuning uchun Baxti Tashkentskiy obro‘sini tushirish harakati kuchaygan," dedi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xodimi.

Baxti Tashkentskiy
Baxti Tashkentskiy

Baxti Tashkentskiy 26 yoshida “vor v zakone” tojini kiygan O‘zbekistondagi yagona kriminal avtoritet hisoblanadi.

O‘zbekistonliklar orasida 46 yashar Baxti Tashkentskiy haqida "o‘zbeklar himoyachisi" degan fikr shakllangan.

Baxtiyor Qudratullaev 2014 yil noyabrida "Jasliq" qamoqxonasidan Toshkentdagi mahkumlar shifoxonasi - Sangorodga keltirilgan va ayni yilning 27 dekabrida salomatligi yomonlashgani bois ozod qilingan edi.

Baxti Tashkentskiy turli ayblar, jumladan giyohvand moddalarni tashish va iste’mol qilish, qurol-yaroq saqlash va qamoqxona ichki tartibini buzish ayblovlari bilan bir necha bor sudlangan.

XS
SM
MD
LG