Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 09:35

Russia Today telekanali AQShda chet el agenti sifatida ro‘yxatga olindi


Rosiyaning Russia Today - RT davlat telekanali xorij hukumatlarining Amerika hududidagi targ‘ibot ishlarini cheklashga qaratilgan o‘n yil avval qabul qilingan qonun asosida AQShda chet el agenti sifatida ro‘yxatga olindi.

-Amerikaliklarning o‘z mamlakatida kimlarning hukumat yoki aholiga chet el tashkiloti nomidan ta’sir ko‘rsatishga urinayotganini bilib qo‘yishga haqqi bor, – dedi AQSh bosh prokurori yordamchisi vazifasini bajaruvchi Dana Boente ushbu masala yuzasidan ilk marta izoh berar ekan.

RT tomoni xorij agenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish talabiga AQSh konstitutsiyasida kafolatlangan matbuot erkinligidan chekinish deya norozilik bildirdi. Ayni paytda Boente chet el hukumatlari agentlaridan o‘zlari haqidagi ma’lumotni jamoatchilikka oshkor qilishni so‘rash “fikr erkinligiga to‘sqinlik qilmaydi va tarqatilayotgan axborot mazmunini cheklamaydi”, deb aytdi.

“Chet ellik agentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun (FARA)da Qo‘shma Shtatlarda biror chet el hukumati manfaatiga “siyosiy yoki yarim-siyosiy tarzda” ishlovchi shaxs va guruhlarning maxsus ro‘yxatdan o‘tishi shart qilib belgilangan.

Yanvar oyida AQSh razvedka xizmatlari tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, RT va “Sputnik” vebsayti Rossiya hukumatining 2016 yilgi prezident sayloviga ta’sir ko‘rsatish borasidagi urinishlari doirasida noto‘g‘ri axborot tarqatish bilan shug‘ullangan.

RT bo‘linmasining chet el agenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza topshirishi arafasida Rossiya parlamenti a’zolari va Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari go‘yoki bosim o‘tkazilayotganidan shikoyat qilib chiqdi. Ular bunga javob tariqasida Rossiyadagi AQSh ommaviy axborot vositalari, jumladan, “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiostansiyasidan o‘ch olinishidan ogohlantirdi.

– Jinoiy javobgarlikka tortilish yoki ro‘yxatdan o‘tishga majbur bo‘lganimiz uchun ikkinchi yo‘lni tanlaymiz. Amerikadagi so‘z erkinligi va u haqdagi cho‘pchakka ishonuvchi barcha kishilarni tabriklaymiz, – deb yozdi RT bosh muharriri Margarita Simonyan 13 noyabr kuni Tvitterda yozgan xabarida.

RTdan oldin oltita chet el ommaviy axborot vositasi FARAga asosan ro‘yxatga olingan edi. Ular orasida Kanadaning CBC, Yaponiyaning NHK telekorporatsiyalari va China Daily gazetasi ham bor.

Rossiyada ham ayrim xorij media guruhlarini “chet el agenti” sifatida ro‘yxatga oluvchi qonun loyihasi tayyorlanayotgani aytilmoqda.

“Yedinaya Rossiya” partiyasining parlamentdagi fraktsiyasi rahbari o‘rinbosari Andrey Isaevning bildirishicha, qonun kuchga kirgandan so‘ng Ozod Yevropa/Ozodlik radiostantsiyasi, Amerika ovozi, CNN va DW singari axborot vositalari “chet el agenti” deb tasniflanishi mumkin.

Rossiyaning amaldagi “chet el agentlari” to‘g‘risidagi qonuni ommaviy axborot vositalariga daxl qilmaydi. Kreml siyosati tanqidchilari va fuqarolik jamiyati faollari ushbu qonun o‘zgacha fikrga bosim o‘tkazish, erkin fikr almashishga to‘sqinlik qilish maqsadida ishlatilib kelayotganini aytadi.

RT dasturlarini Qo‘shma Shtatlarda kabel televideniesi orqali erkin uzatib kelayotgan bir paytda Ozod Yevropa/Ozodlik radiostansiyasi faoliyati Rossiyada keskin cheklovlarga duchor bo‘lmoqda. 2012 yili uning barcha dasturlari ma’muriy bosim sabab efirdan olib tashlandi. Na Ozod Yevropa/Ozodlik radiostansiyasi va na Amerika ovozi Rossiyada dasturlarini kabel televideniesi orqali uzata olmaydi.

XS
SM
MD
LG