Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:46

Hibsdagi jurnalist Bobomurod Abdullaev ilk bor advokat bilan uchrashdi


44 yoshli jurnalist Bobomurod Abdullaev “Farg‘ona ru” nashri muxbiri bo‘lgan va sport sharhlovchisi sifatida ham tanilgan jurnalistdir.
44 yoshli jurnalist Bobomurod Abdullaev “Farg‘ona ru” nashri muxbiri bo‘lgan va sport sharhlovchisi sifatida ham tanilgan jurnalistdir.

Konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga uringanlikda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaev hibsga olinganidan bir yarim oy o‘tib ilk bor advokati bilan uchrashtirildi. Huquq faoli Sur’at Ikromovning Ozodlikka aytishicha, advokat To‘lqin Orifjonov 14 noyabr kuni MXXning sobiq Gvardeyskaya ko‘chasidagi tergov izolyatorida jurnalist bilan bir soatcha suhbatlashgan. Suhbat chog‘ida Bobomurod Abdullaev shikoyati yo‘qligini aytgan.

O‘zbekiston Mustaqil inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovning aytishicha, bir kun avval Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Orifjonovga qo‘qqisdan qo‘ng‘iroq qilib, unga Bobomurod Abdullaev bilan uchrashish izni berilganini aytishgan:

- Men hozirgina advokati bilan gaplashdim, unga qo‘qqisdan qo‘ng‘iroq qilib, keling, deyishibdi. Borib Bobomurod Abdullaevni ko‘rib chiqibdi, hech qanaqa qiynoq belgilari yo‘q, deydi. Abdullaev ham shikoyati yo‘qligini aytibdi. Hozircha bor gap shu, - dedi Sur’at Ikromov 14 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik Bobomurod Abdullaevning advokati To‘lqin Orifjonovning o‘zi bilan bog‘lana olmadi.

27 sentabr kuni hibsga olinganidan buyon Bobomurod Abdullaevning yaqinlari va uni huquqiy himoya qilishi lozim bo‘lgan xususiy advokatga mahbus bilan uchrashishga ruxsat berilmayotgan edi.

Bu esa uning MXX hibsxonasida qiynoqqa solinayotgani yoki o‘ldirilgani borasidagi xavotir va taxminlarni tug‘dirmay qolmadi.

44 yoshli jurnalist Bobomurod Abdullaev bir qator mustaqil nashrlar¸ xususan "Farg‘ona” axborot agentligi bilan hamkorlik qilgan¸ shuningdek sport sharhlovchisi sifatida ham tanilgan.

U 27 sentabr kuni ta’mirga bergan mashinasini ustxonadan olish uchun uyidan chiqib ketganicha bedarak yo‘qolgan Abdullaevning oradan bir kun o‘tib Toshkentdagi Milliy xavfsizlik xizmati izolyatorida ekani ma’lum bo‘ldi.

1 oktabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi jurnalistga nisbatan Jinoyat Kodeksining 159-band 4-qismi bilan ayblov e’lon qildi.

Jurnalist rasman 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.

Sur’at Ikromovga ko‘ra, Bobomurod Abdullaevning advokati bilan uchrashtirilishi xalqaro tashkilotlar bosimi samarasidir:

- Endi uni ko‘rsatishmayotgani uchun har xil gaplar chiqib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda uni qiynab o‘ldirishdi degan taminlar ham aytildi. Advokatini aytishicha, xavfsizlik xizmatlari Abdullaevning kompyuteridagi ma’lumotlarni ekspertizaga bergan, shuning uchun tergov cho‘zilayotgan ekan, - deydi Su’rat Ikromov.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi 1 oktabr kuni Abdullaevni 10 kun MXX hibsxonasida saqlash va shu muddat ichida unga qarshi jinoiy ish ochish haqida qaror chiqargan edi. Ammo oradan bir yarim oy o‘tganiga qaramay¸ hozircha Abdullaevga jinoiy ish ochilgan-ochilmagani haqida rasmiy xabar yo‘q.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Chegara bilmas muxbirlar, Xalqaro Pen klub, Amnesty International va Human Rights Watch tashkilotlari jurnalist Bobomurod Abdullaevni ozod qilish talabi bilan chiqdi.

XS
SM
MD
LG