Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2024, Тошкент вақти: 02:56

S. Ikromov: Toshkent va viloyatda "qora ro‘yxat"dan chiqarilganlar yana ushlanmoqda


Ba’zi toshkentlik oilalarning aytishicha, ikki-uch oy muqaddam "qora ro‘yxat"lardan chiqarilgan dindorlarni yaqinda qo‘lga olish boshlangan va bu jarayon shu kunda davom etmoqda.

Huquq faoli Sur’at Ikromovga ko‘ra, shu kunga qadar poytaxtning Uchtepa, Shayxontohur tumanlari, Toshkent viloyatining Zangiota, Chinoz, Yangiyo‘l tumanlaridan qisqa muddatga ushlanganlar soni 100 nafardan oshgan, bulardan 7 nafari hibsga olingan.

Huquq faoli Sur’at Ikromovning Ozodlikka aytishicha, qisqa muddatga qo‘lga olinganlarning barchasi yaqinlari qamoqda saqlanayotgan, o‘zlari esa, 2-3 oy muqaddam IIV nazorati ostida turganlar - "qora ro‘yxat"dan chiqarilganlardir.

Sur’at Ikromov a’zosi bo‘lgan guruh 18 noyabr kuni 80 yaqin odam Toshkent shahri va viloyatining Zangiota tumanida qisqa muddatga ushlangani, bulardan 7 nafari hibsga olingani haqida xabar qilgan edi.

- Bugunga kelib (20 noyabr - tahr.) shunaqa qo‘lga olishlar Chinoz va Yangiyo‘l tumanlarida ham bo‘layotgani haqida ma’lumotlar bor. Qancha odam ushlangan va ularning qanchasi qo‘yib yuborilgani haqida bizda aniq ma’lumot yo‘q. Lekin, yaqinlarining murojaatlariga ko‘ra, 14 nafar atrofida odam ushlangan, - dedi huquq faoli.

Xavfsizlik xizmatlari Toshkent va Zangiotada nima maqsadda dindorlar uylariga reyd uyushtirgani va ularni uylarini tintuv qilib, militsiya bo‘limlarida so‘roq qilgani ma’lum emas.

Bu borada Ozodlik O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidan izoh ololmadi.

Sur’at Ikromovning kuzatishicha, 16 noyabrdan buyon davom etayotgan "ushla-ushlalar", asosan, o‘zi yoki yaqinlari "Hizbut Tahrir" diniy tashkilotiga aloqadorlikda yoki a’zolikda gumon qilingan shaxslardir.

- Bularning hammasi "Hizbut Tahrir"ga aloqadorlikda ayblangan, ammo aloqadorligi biror marta isbotlangan emas. Hozir hibsda ushlab qolingan 7 kishidan (5 erkak va 2 ayol - tahr.) 2 nafariga 15 sutkalik qamoq jazosi berilganini aniqladik. Qolganlarining taqdiri noma’lum. Ammo, bularni nima sababdan yana ushlab, so‘roqqa tutishayotgani sababi bizga noma’lum. Yaqinlarining aytishicha, Chinoz va Yangiyo‘lda ushlanganlardan "Hizbut Tahrir"ga a’zolik uchun qasam ichganmisiz?" deb so‘rashayotgan ekan, - dedi Sur’at Ikromov.

Shuningdek, Sur’at Ikromov 16 noyabr kuni Zangiota tumanida ushlanganlardan 2008 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 1986 yilda tug‘ilgan ayol - Go‘zal To‘xtaxo‘jaeva so‘rab-surishtirlayotganini xabar qilgan edi.

Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhiga yordam so‘rab murojaat qilgan zangiotalik ayol - Musharraf Xudoyberdievaga ko‘ra, shu kunda uning 5 qarindoshi, jumladan 35 yashar o‘g‘li Oyatullo Usmonov ham, qo‘lga olingan.

- Nima uchun qo‘lga olingani va hozir qaerda ekani bizga noma’lum. 16 noyabr kuni olib ketishgan. Men prezidentimizdan iltimos qilaman, bizni oqlasinlar! Yaqinlarimizni ozodlikka chiqarsinlar! Prezidentimiz aytayaptilar, yaxshi o‘zgarishlar bo‘layapti, lekin bu o‘zgarishlar mening oilamga etib kelmayapti, - dedi Musharraf Xudoyoberdieva.

Uning aytishicha, 16 noyabrda hibsga olingan 5 qarindoshidan tashqari, 10 dan ortiq qarindoshi O‘zbekistondagi qamoqxonalarda jazo muddatlarini o‘tamoqda. Ularning barchasi diniy-ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlikda ayblangan.

Uning 1999 yilda hibsxonada qiynoqlardan o‘lgani iddao qilingan turmush o‘rtog‘i - Farhod Usmonov esa "Hizbut Tahrir" partiyasining O‘zbekistondagi a’zosi sifatida tanilgan edi. 2002 yilda tashkilotning Britaniyadagi a’zolari Farhod Usmonov oilasi himoyasiga Londondagi O‘zbekiston elchixonasi binosi yonida aksiya o‘tkazgan.

Ma’lumki, O‘zbekistonda “diniy-ekstremist oqim a’zolari ro‘yxati”da bo‘lgan 17 ming odamdan 16 ming nafari bu ro‘yxatdan o‘chirilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoev 1 sentabr kuni Toshkentdagi Xasti Imom masjidida imom xatiblar bilan uchrashuvi chog‘ida ta’kidlagan.

"Diniy oqimda turganlardan biz mana 16 mingini yana bir marta ular bilan suhbatlashib, hayotini bilib, ularni diniy oqim ro‘yxatidan chiqardik. Lekin, ularni tashlab qo‘yish noto‘g‘ri bo‘ladi. Endi shu 16 ming odamni tarbiya qilishimiz, jamiyatimizga kirgizishimiz kerak", degan edi Mirziyoev.

Ozodlik ayni paytda prezident ko‘rsatmasi bilan "qora ro‘yxat"dan o‘chirilgan toshkentliklar nega ushlanayotgani, hibsda qolayotganlar qanday jinoyatda gumon qilinayotganiga oid qo‘shimcha tafsilotlarni aniqlashga urinmoqda.

XS
SM
MD
LG