Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 17:06

Toshkentning Islom Karimov prospektidagi ko‘p qavatli binolar¸ Metropoliten boshqarmasi va Kinochilar uyi shu hududda quriladigan Tashkent Cityga joy ochish uchun buzila boshlandi. Ozodlik gaplashgan mutaxassislar¸ Dubay nusxasida quriladigan yaltiroq mavze uchun ayrim me’moriy va san’at obidalarining vayron etilishi xususida tashvish bildirdilar.

Ozodlik muxbiri bilan 22 noyabr kuni gaplashgan “O‘zbekkino” va Toshkent Metropoliten boshqarmasi mulozimlari boshqa binoga ko‘ch -ko‘ronlarini tashish bilan shug‘ullanayotganligini aytishdi. Ayni vaqtda Ozodlik suhbatlashgan me’mor va munaqqidlar Kinochilar uyidagi monumental devoriy rasm va mayolika pannolarining vayron qilinishiga qarshi ekanliklarini bildirdi.

Kinochilar uyida joylashgan “O‘zbekkino” DAK boshqaruvida ishlaydigan mulozimning 22 noyabr kuni Ozodlikka aytishicha, ular Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov imzo qo‘ygan hujjatga asosan binoni bo‘shatishmoqda:

- Bu hujjatda genplan asosida Kinochilar uyi buzilishi va bino bo‘shatilishi talab qilingan. Buyruqqa bo‘ysunib hozir binodagi mebel va orgtexnikani Chilonzordagi O‘zbekfilm binosiga tashiyapmiz. O‘zbekkino o‘sha joyga ko‘chib o‘tadi. Shu hafta oxirigacha binoni to‘la bo‘shatamiz. Keyingi hafta buzishni boshlashadi¸ dedi shaxsi ochiqlanishini istamagan mulozim.

Ayni ma’nodagi gapni Islom Karimov nomli prospektda joylashgan Metropoliten boshqarmasi mulozimi ham aytdi.

Unga ko‘ra¸ ushbu ko‘chada joylashgan raspublika OVIRi ( xorijga chiqish-kelishni nazorat qilish idorasi)¸ sobiq Fond forum binosi va boshqa ko‘p qavatli ma’muriy binolar ham buzilmoqda.

Kinochilar uysiz qoldi

O‘zbekistonlik san’atshunos Akmal Rizaev ushbu ko‘chadagi buzilayotgan binolar ichida Kinochilar uyining me’moriy qimmati borligini aytadi:

- Dom Kino - bu Brejnev davrida Toshkentda qurilgan me’moriy jihatdan muvaffaqiyatli va shinam binodir. Eng yaxshi dizayner¸ haykaltarosh va keramika ustalari bezagan. Yaxshi kinozal¸go‘zal interyerlar¸ ko‘rgazma zali - Dom kinoni 80-yillar ijodiy muhitining markaziga aylantirgan edi. Bino shu turishida saqlab qolinib Tashkent City loyihasiga uyg‘unlashtirsa ma’qul bo‘lar edi¸ deydi munaqqid.

Kinochilar uyi
Kinochilar uyi

Kinochilar uyi binosi ichida rassom Bahodir Jalolov tarafidan sgraffiti texnikasida ishlangan freska mavjud. Kinochilar uyi mulozimining aytishicha¸ bu freska ham buziladi.

Bahodir Jalolov asari
Bahodir Jalolov asari

Rassom Bahodir Jalolovning o‘zi 22 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda bu rasm vayron qilishi yuzasidan taassufini bildirdi:

- Afsus. Ko‘nikib ham qoldim. Birin-ketin vayron qilishayapti chizgan rasmlarimni. Afsus¸ yaxshi rasm edi. Rasmning nomi “Abadiyat elchilari” edi. Rasmda ilk kinochilar Xudoybergan Devonov¸ Malik Qayumov¸ Komil Yormatovlar bilan birga Protazanov¸ Hans Erni¸ Pablo Pikasso¸ Sikeyros kabi san’atkorlar siymosini ham chizgandim. Afsus Dom kino devoriga chizilgan abadiyat elchilarining yugurgani bugungacha bo‘libdi. Rasmlaridan uzoq umr ko‘radigan rassomga aylandim¸ deydi o‘nga yaqin asari vayron qilingan O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolov.

Bahodir Jalolov 1982 yili "Kinochilar uyi"ni bezagan
Bahodir Jalolov 1982 yili "Kinochilar uyi"ni bezagan

Taniqli kinochi¸ o‘zbek poetik kinosi asoschisi Elyor Eshmuhammedov 22 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Bahodir Jalolovning bu asarini devordan ko‘chirib olib¸ muzeyga qo‘yish kerak degan¸ taklifni bildirdi:

- Saqlab qolish kerak¸ hech bo‘lmaganda shu asarni. Umuman nega Dom kinoni buzishayapti¸ hech tushumayman. Yaxshi turuvdi. Italiyadan kelgan hamkasblarimga ham yoquvdi. Chiroyli bino. Rahmatlik Malik aka Qayumov Rashidovning yoniga qatnab-qatnab 1982 yili shu binoni qurdirgan edi. Men uchun ham aziz bino. “Dahoning yoshligi” degan filmimning ilk taqdimoti bo‘lgan bu binoda. Respublika rahbarlari meni eshitayotgan bo‘lsa¸ ularga aytadigan gapim shu - buzmanglar bizning uyimizni¸ deydi o‘zbek kinosi otaxonlaridan biri Elyor Eshmuhammedov.

Sovet binolari qatag‘oni

Toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiev Ozodlik bilan suhbatda “Kinochilar uyi" me'moriy obida emas”¸ deya ta’kidladi:

- Sovet binosi¸ sovet estetikasi. Betondan bo‘lgan bino. Unikal tarafi yo‘q uning. Buzilgani falokat emas. Umuman¸ Toshkent qiyofasidan sovet estetikasi uzoqlashganini olqishlayman¸ ammo Toshkentning Dubay bo‘lishini ham istamayman¸ deydi bu me’mor.

Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislarning aksariyati Islom Karimov prospektidagi Kinochilar uyining buzilishidan xavotir bildirishdi.

Ayni ko‘chada joylashgan va Gulnora Karimova tashabbusi bilan qurilgan Fond-forum binosining buzilishi haqida gapirgan san’atshunos Akmal Rizaev “xalq puliga achinishini” ta’kidladi:

- Biz shunaqa boy millatmizki¸ bugun qurib ertasiga buzamiz. Karimova xonim atigi bir necha yil burun qurdirgan hashamatli bino bugun buzilmoqda. Qimmatbaho qurilish materiallari sarflangan kattagina bino. Keng-mo‘l ko‘rgazma zallari bor. Binoning estetik qiymati haqida tasanno ayta olmayman. Miyasizlik¸ xokimiyat o‘zboshimchaligi va qurilish rospili (talon-taroj) ko‘lamining navbatdagi namunasi¸ deydi bu suhbatdosh.

Milliard dollarlik kopiya

Akmal Rizev qiymati kamida bir milliard dollar ekani aytilayotgan Tashkent City loyihasini xorijdagi yaltiroq shaharlarning no‘noq nusxasi deb ataydi:

- Qurilish ishlari kelasi yili Toshkentdagi "O‘qchi Olmazor" massivida boshlanishi uchun joyni tozalashayapti. Loyiha "ToshboshplanLITI" Davlat unitar korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Loyihani ko‘rib¸ bu shisha bilan qoplanadigan binolar Dubay¸ Astana va Ashxaboddagi mavzelarning kopiyasi bo‘lib qolgan¸ deydi suhbatdosh.

Mahalliy matbuotga ko‘ra¸ Tashkent City deb nomlangan xalqaro biznes markazi poytaxtning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘idagi 80 gektar hududda barpo etiladi. Loyihaga muvofiq Tashkent Cityda biznes markazlar, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, kongress-xol, ko‘rgazma zallari, ko‘p qavatli zamonaviy uylar, restoranlar, sun’iy ko‘l, favvoralar, ijtimoiy va boshqa ob’ektlar quriladi.

Bu haqda 2017 yil 28 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahrining markaziy qismini obodonlashtirish va arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash hamda aholi va poytaxt mehmonlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Mazkur hujjat asosida Vazirlar Mahkamasi huzurida Tashkent Sity xalqaro biznes markazi hududidagi ob’ektlarni qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha direksiya tuzilgan.

Qurilishning Turkiyadagi Tabanlıoğlu Architects kompaniyasi tomonidan tayyorlangan bosh rejasi o‘tgan oy O‘zbekiston hukumati tomonidan tasdiqlandi.

XS
SM
MD
LG