Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:59

Mirziyoev mushtumzo‘r rahbarlarni jazolashni va’da qildi. Mushtumzo‘r hokimlar jazosiz qolmoqda


Sentabr oyi boshida Internetda Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiev mahalliy maktablarning direktorlarini turg‘azib qo‘yib, ularni haqoratlar bilan kaltaklayotgani aks etgan video paydo bo‘lgan edi.
Sentabr oyi boshida Internetda Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiev mahalliy maktablarning direktorlarini turg‘azib qo‘yib, ularni haqoratlar bilan kaltaklayotgani aks etgan video paydo bo‘lgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev mushtumzo‘rlik davlat siyosatiga qarshi ekani, o‘z xodimlariga qo‘l ko‘taradigan rahbarlar jazosiz qolmasligi haqida gapirgan esa-da¸ Ozodlik surishtiruvi so‘kong‘ichligi va urong‘ichligi jamoatchilikka fosh bo‘lgan hokim va rahbarlarning amalda hamon jazosiz qolayotganini ko‘rsatdi.

Prezident Mirziyoev 15 noyabr kuni o‘tkazilgan hukumat majlisida amaldorlarning mushtumzo‘rligi va so‘kong‘ichligi davlat siyosatiga, prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanishini aytgan edi.​

Maktab direktorlarini qatorasiga terib, ularni haqoratli so‘zlar bilan birma-bir do‘pposlagan Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiev, Ulug‘nor tumani hokimining yurak xurujidan o‘lish darajasida haqoratlagani iddao qilingan Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov, ma’rifat posbonlari bo‘lmish o‘qituvchilarni "shakal", "tvar", "eshak", "hayvon" deb so‘kkan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev, so‘kong‘ichligi bilan tanilgan boshqa amaldorlar o‘z lavozimlarida qolmoqda. Shu oy boshida paxta terimiga kam odam chiqargan rahbarlarni 45 minut davomida 126 marta uyatli so‘z bilan haqoratlagan Parkent tumani hokimi ham hozirgacha amalidan ayrilgani yo‘q.

Urong‘ich hamon Sayxunobodda hokim

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoevning mushtumzo‘rlikni qoralovchi 15 noyabr kungi ma’ruzasi yuzasidan munosabat so‘rab tumandagi maktab direktorlarni kaltaklash bilan nom chiqargan Sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman hokimi Nosirjon Egamberdievga murojaat qilganida hokim suhbatdan o‘zini olib qochdi.

Suhbat boshida o‘zining Sayxunobod hokimi Nosirjon Egamberdiev ekanini tasdiqlagan shaxs savolni eshitishi bilan: “Kechirasiz, siz boshqa joyga tushdingiz”, - deb qo‘l telefonini o‘chirib qo‘ydi. Ayni raqamga kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.

Sentabr oyi boshida Internetda Nosirjon Egamberdievning mahalliy maktab direktorlarini turg‘azib qo‘yib, ularni haqoratlar bilan kaltaklayotgani aks etgan video paydo bo‘lgan edi.

Ҳокимдан калтак еган директор: Ҳоким раҳбарларни нафақат уради, балки тепадиям
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:17 0:00

Bu video tarqalishi ortidan tug‘ilgan ijtimoiy tarmoqlardagi e’tiroz va noroziliklarga munosabat bildirgan viloyat hokimi ushbu vaziyat yuzasidan hali tegishli chora ko‘rilishi, hokimning ishi paxta terimi mavsumidan keyin ko‘rib chiqilishini bildirgan edi.

Paxta mavsumi nihoyasiga yetib qolganiga qaramay¸ 22 noyabr kuni ham Nosirjon Egamberdiev Sayxunobod hokimi sifatida ishini davom ettirmoqda.

Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Ortiq Sultonov Ozodlik bilan suhbatda bu yuzadan shunday izoh berdi:

- Paxta tugagani yo‘q-da hali. Viloyat hokimi uning ishini paxta terimidan so‘ng ko‘rib chiqilishini aytgandi. Nosirjon Mahmudovich hozir ham hokim vazifasida. Uni keyingi taqdiri nima bo‘lishini tepadagilar bilmasa, men bilmayman, - dedi Ortiq Sultonov.

So‘kong‘ich hamon Parkent hokimi

Paxta terimiga kam odam chiqargan rahbarlarni 45 minut davomida 126 marta uyatli so‘z bilan haqoratlagani jamoatchilikka oshkor bo‘lgan Parkent tumani hokimi ham¸prezident dakkisiga qaramay¸ hozirgacha amalidan ayrilgani yo‘q.

Паркент ҳокими 126 марта уят сўзни оғзига олди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:18 0:00

Toshkent viloyati Parkent tuman hokimi Ne’matulla Abdullaev 1 noyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda paxta terimiga kam odam chiqargan rahbarlarni haqorat qilayotgani yozilgan 45 minutlik audiofayl Ozodlik tahririyatiga kelib tushgan edi.

Hokim tashkilot va korxonalar rahbarlarini, mahalla oqsoqollarini ayamay so‘kar ekan, 45 minut davomida 126 marta uyatli so‘z qo‘llagan. Ne’matulla Abdullaev Ozodlikka shunday yig‘ilish o‘tkazganini tasdiqlar ekan, mahalliy rahbarlarni "so‘kmaganini, faqat koyiganini" bildirgan edi.

Hozircha Ozodlikda bu hokim ishining yuqori darajada ko‘rilgan-ko‘rilmaganiga oid ma’lumot yo‘q.

Karimov davrida iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ qamoqqa hukm etilgan Ne’matulla Abdullaev 2016 yili Shavkat Mirziyoev prezidentlikka kelishi ortidan reabilitatsiya qilib¸ hokimiyat boshqaruviga qaytarilgan edi.

Rayon hokimini o‘lishga yetkazib haqoratlagan Andijon viloyatida hokim

Andijon viloyat Ulug‘nor tuman hokimi 57 yashar Asilbek Yusupovning 5 oktabr kuni to‘satdan olamdan o‘tgani haqda Ozodlik uning o‘limiga sabab bo‘lgan majlis ishtirokchilaridan biri guvohligiga tayanib xabar bergan edi.

Tuman hokimligining shaxsi sir qolishini so‘ragan mulozimi Ozodlikka 6 oktabr kuni dafn qilingan Yusupov 3 oktabr kuni paxta yig‘im-terimiga oid viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov​ o‘tkazgan selektor majlisida hokim tomonidan tergalgani ortidan ish kabinetida og‘iz-burnidan qon ketib, yiqilib tushganini aytgandi. Ozodlik bu yuzadan izoh so‘rab, 21 noyabr kuni Shuhrat Abdurahmonovning o‘ziga bog‘landni.

Ammo Andijon viloyati hokimi Ozodlik savollaridan qochib, telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

Andijon shahar hokimi

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev bir oy avval kollej va akademik litsey direktorlarini tahqirlab, haqorat qilgani yozib olingan audiofaylni Ozodlik 21 noyabr kuni jamoatchilikka e’lon qildi.

Auidoyozuvda Andijondan Toshkent viloyatiga poezdda paxta terimiga kam odam jo‘natgan kollej va litseylarning erkaku ayol direktorlarini hokim “hayvon”, “shakal”, “eshak”, “padaringga la’nat” kabi tahqirlovchi so‘zlar bilan haqorat qiladi.

Андижон шаҳар ҳокими ўқитувчиларни қандай сўкади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:59 0:00

Ozodlik ma’rifat posbonlari bo‘lmish o‘qituvchilarni "shakal", "tvar", "eshak", "hayvon" deb so‘kkan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevga ham bog‘lanishga urindi.

Lekin o‘zini hokimning mulozimi deb tanishtirgan mulozim Rahmatullaev majlisda ekani, o‘zining esa bu haqda izoh berolmasligini aytdi.

Karimov mushtumzo‘rligi uchun haydagan hokimlarni Mirziyoev boshqaruvga qaytarmoqda

Islom Karimov prezidentligi davrida so‘kong‘ich, urong‘ichligi bilan tanilgan Turob Jo‘raev Shavkat Mirziyoev davrida avvaliga Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi¸ o‘tgan oy esa¸ viloyat hokimi etib tayinlandi.

Jo‘raev 2008 yilda Surxondaryoga hokim etib tayinlangandan so‘ng mahalliy fermerlardan biri Ozodlik muxbiri bilan suhbatda "…bu hokim, qo‘polroq aytganda, Surxondaryoga turma hayotini olib kirdi. Surxondaryo lageru¸ fermerlar aristonlardir", degan edi.

2011 yilning 25 oktabr kuni Jarqo‘rg‘on tumani hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Jo‘raevning sakkizta kollej direktorini kaltaklagani xabar qilingandi.

Shu yili tazyiqlar jonini to‘ydirgan muzrobodlik 50 yoshli fermer Ismoil To‘ranazarov o‘zini o‘zi osgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Turob Jo‘raev 2013 yilda mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanib Qashqadaryo hokimi vazifasidan chetlatilgan edi.

"Mushtumzo‘rlikni yo‘q qilish kerak!"

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 15 noyabr kuni o‘tkazilgan hukumat majlisida amaldorlarning mushtumzo‘rligi va so‘kong‘ichligi davlat siyosatiga, prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanishini aytdi:

- Guruch ko‘rmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek¸ o‘z mas’uliyatini unutib, oyog‘i yerdan uzilgan, men rahbarman¸ nima qilsam ham meniki to‘g‘ri¸ degan xato fikr bilan g‘o‘dayib yurgan ayrim odamlar ham yo‘q emas. Ularning o‘z xizmat lavozimlarini suite’mol qilib, qo‘l ostidagi xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani, haqorat qilib, hatto qo‘l ko‘tarayotgani haqida bizga ko‘plab ma’lumotlar kelib tushmoqda. Bu bizga umuman noma’qul narsa. Bu illatni yo‘q qilish kerak, - degandi Mirziyoev.

O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimov ham mushtumzo‘rlik bilan boshqaruv usulidan voz kechish kerakligi haqida tez-tez gapirib turardi:

- Mushtumzo‘r rahbarlardan, musht bilan boshqaradigan rahbarlardan voz kechamiz endi barakatopgurlar. Kuchli, musht ko‘taradigan, zo‘ravonlik qiladigan, o‘zini savlati bilan hammani qo‘rqitadigan endi bo‘lmaydi O‘zbekistonda, - degan edi Karimov 2009 yildagi chiqishida.

Karimovning qayrib sakkiz yil avvalgi chiqishidan buyon¸ kuzatuvchilarga ko‘ra¸ mushtumzo‘rlik ko‘paysa ko‘paydi, lekin kamaymadi.

XS
SM
MD
LG