Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 17:06

Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Moskva oblast, Klin shahar komissiyasi buxorolik Feruza O‘tkirovadan tortib olingan uning 6 yashar qizi Ruxshonani qaytarib bermaslik to‘g‘risida qaror chiqardi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, O‘tkirova o‘z qizini urgan va temir katakda saqlagan. Ona va uning himoyachilari bu ayblovni rad etmoqda.

Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha komissiyaning 22 noyabrda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida politsiyachilar “bola tanasida ko‘kargan izlar borligi” va “akasi qizchani temir katakda saqlagani” aniqlangani vaji bilan uni onasiga qaytarib berish nomuvofiq ekanini bildirdi.

- “Soglasie” voyaga yetmaganlar reabilitatsiyasi markazidan kelib tushgan ma’lumotga binoan, qizchaning so‘zlaridan onasi uni tayoq bilan doimiy urib kelgan, sho‘xlik qilgani uchun akasi uni temir katakka solib tarbiyalagan. Voyaga yetmaganning ruhiy holati turg‘un emasligi, bola uyga qaytishga rozilik bermayotgani va ona-bola o‘rtasida munosabatlar tarang ekani hamda bolaga yetkazilgan jismoniy jarohatlar ustidan tekshiruv yakuniga yetmaganini hisobga olib, bolani onasiga qaytarish nomuvofiq ekanligi to‘g‘risida bolalar markazidan kelgan talab asosida qaror chiqarildi, dedi shahar komissiyasi a’zosi yig‘ilish yakunida.

Onaning huquqlarini himoya qilishga yollangan advokat Viktor Deyko “Moskvada muhim ishlari borligi” uchun Komissiya yig‘ilishiga advokatlik ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan o‘zining rafiqasini yubordi. Kutilganidek, hay’at a’zolari u vasiylik majlisida qatnasha olmasligi to‘g‘risida qaror chiqardi va u zaldan chiqarib yuborildi.

Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha komissiya faqat politsiya va vasiylik idorasi xodimlari davolarini inobatga oldi
Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha komissiya faqat politsiya va vasiylik idorasi xodimlari davolarini inobatga oldi

Kuzatuvchi sifatida Komissiya yig‘ilishiga kelgan huquqshunos Botirjon Shermatov o‘zini “terjimon” ekanini aytib, yig‘ilish boshida qatnashishga muvaffaq bo‘ldi, ammo birozdan keyin u ham “Ruxshona O‘tkirova ishiga aloqasi yo‘q shaxs” sifatida mahkama xonasidan chiqib ketishga majbur qilindi.

Bolaning onasi 40 yoshli Feruza O‘tkirova “Soglasie” markazi rahbariyati bolasini markazda olib qolishga barcha kuch-g‘ayratini ishga solayotganini bildirdi.

Ozodlik bilan suhbatda Feruza politsiya va “Soglasie” xodimlari tuzgan protokol hech qanday guvohlarsiz tuzilgani, uni hatto advokat ko‘rmagani va bolada politsiyachilar go‘yo jarohatlar aniqlangani yuzasidan Klin shahar prokuraturasi ham jinoiy ish ochishdan bosh tortgani bu ayblovlarga asos qoldirmaganidan gapirdi.

- Bolani yana 2-3 hafta olib qolamiz deyapti. Men bilmadim, shok holatidaman hozir. Ular “ona-bola o‘rtasida munosabatlar tarang” deyapti: qanaqasiga tarang bo‘ladi, agar shu 20 kun ichida men bolamni faqat 3 minut ko‘rgan bo‘lsam?! – dedi buxorolik ayol.

Yig‘ilishdan keyin bolasini borib ko‘rishga ruxsat olgan Feruza bolasi bilan yakka gaplasha olmagani – ular yonida doimo psixolog ayol turgani va “Uyga ketasanmi?” deya bergan savoliga “Bunday savollarni bermang!”, deya har bir gapni nazorat qilib turgani va faqat rus tilida suhbatlashishni buyurganini aytdi.

Buxorolik muhojir ayol Ruxshonada haqiqatan shu kunlarda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lgani, bola qo‘rqib qolgani va ruhan ezilayotganini his etganini aytdi.

Feruza O‘tkirovaning aytishicha, u bolasining politsiya qo‘liga tushishidan bir necha kun oldin Buxoroga ketishga narsalarni yig‘ib qo‘ygan edi. "Rossiyadan batamom chiqib ketishga hozirlik ko‘rib turgan edik", dedi u. 6 yashar Ruxshona keyingi yilda maktabga borishi uchun O‘zbekistonga qaytishini ma’lum qildi.

Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha komissiya ishida qatnashgan Botirjon Shermatov yig‘ilish hay’ati faqat ayblov qo‘yayotgan politsiya va “Soglasie” markazi da’volarini tinglagani, onaga mavzuga mutlaqo aloqasi yo‘q savollarni berib, majlisni tugatib qo‘ya qolganini bildirdi.

- Muhim masala e’tiborimizdan chetda qolmasin – bolada tan jarohatlari bo‘lsa, nima uchun ekspertiza 19 kun o‘tib Komissiya tomonidan tayinlanayapti? Ular buncha vaqtdan keyin nimani aniqlashmoqchi?! Yig‘ilishda politsiya va vasiylik organlari taqdim etgan birorta hujjat onaga hatto ko‘rishga berilmaganini ham aytib o‘tishim kerak. Bu komissiya emas, oddiy sudlov-ku, dedi yurist Botirjon Shermatov.

Suhbatdoshning fikricha, bu masalaga O‘zbekiston elchixonasi vakillari jalb etilishi va vasiylik idoralari hatti-harakatlari ustidan prokuratura tekshiruvi olib borilishi kerak.. Huquqshunos vaziyatni Ruxshona O‘tkirovada politsiyaga tushganiga qadar ayrim hujjatlari joyida emasligi ishning ona foydasiga hal bo‘lmaganiga yana bir sabab qilib ko‘rsatdi.

Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha Klin shahar komissiyasining Ruxshona ishi bo‘yicha keyingi yig‘ilishi 2017 yilning 4 dekabriga belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 3 noyabrida Moskva viloyatining Klin shahrida o‘zbekistonlik muhojir ayol, 4 farrzandning onasi Feruza O‘tkirovaning tashqariga bir o‘zi o‘ynagani chiqib ketgan 6 yashar qizini politsiya xodimlari olib ketgan edi.

Buxorolik Feruza O‘tkirova 20 kundan buyon bolalar reabilitatsiya markazida qolayotgan qizini Rossiya davlati tortib olishi mumkinligidan xavfsiramoqda.

XS
SM
MD
LG