Линклар

15 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:10

Shu kunlarda xalqaro matbuot diqqatida qolayotgan ayollarga jinsiy shilqimlik qilish muammosi hozirga qadar O‘zbekistonda ochiq tilga olinmaydigan¸ hatto ba’zilar nazarida erkak-ayol munosabatlarining tabiiy unsuri sifatida ko‘riladigan holatligicha qolmoqda. Har kun o‘z ishxonasi yoki o‘qishida¸ ko‘cha-ko‘y¸ bozor-o‘charda shilqimlikka nishon bo‘layotgan o‘zbek xotin-qizlari bu haqda ochiq gapirishdan hamon iymanib yashamoqda. Buning sabablari nimada?

Shilqimlik nishoni hikoyasi

Qashqadaryo viloyat tumanlaridan biridagi 305 odam ishlovchi zavodda ish yurituvchi bo‘lib ishlab kelgan 35 yashar ayol bir necha oy avval boshlig‘ining jinsiy tajovuzi ustidan o‘zi ishlovchi tizim rahbariyatiga shikoyat bilan murojaat qiladi. (Ozodlikka ayolning ham, unga shilqimlik qilgan boshliqning ham ismi-familiyasi ma’lum).

"Boshliq meni kabinetida bilagimdan ushlab¸ devorga tirab¸ jinsiy tajovuz qildi va o‘ziga o‘ynash bo‘lishni talab qildi. Men bu voqeadan shikoyat qilib Toshkentdagi rahbariyatga murojaat qilsam¸ ular bu voqeani "kompliment" deb baholab¸ bosdi-bosdi qilishdi. Shundan so‘ng prezident portaliga yozdim. Arizam ko‘rib chiqish uchun viloyat IIBga yuborildi"¸ dedi hozircha o‘z shaxsini ochiqlab gapirishga ruhan tayyor emasligini aytgan ayol.

Bir farzandini yakka o‘zi katta qilayotgan ayolning aytishicha¸ zavodga o‘tgan yili boshliq bo‘lgunga qadar ham bu shaxs yillar davomida turli ko‘rinishda jinsiy tamagirlik qilib kelgan.

"Boshingiz ochiq bo‘lsa¸ bo‘ldi¸ bular jon deb o‘ynash bo‘ladi¸ deb o‘ylashadi. Har xil takliflar qildi¸ hatto o‘rtaga odam ham qo‘ydi o‘ynash bo‘l¸ deb. Boshliq bo‘lganidan keyin¸ juda haddidan oshib¸ yo aytganimga ko‘nasan¸ yo ishdan ketkizaman¸ deyishga o‘tdi. Jonimdan o‘tkazvorgandan keyin¸ shikoyat qilishga majbur bo‘ldim"¸ deb iddao qiladi bu ayol.

"Shilqimlik"da ayblangan erkak hikoyasi

Ozodlik jinsiy tamagirlik mojarosiga tortilgan 43 yashar erkak-boshliq bilan ham bevosita bog‘lanib¸ uning hikoyasiga ham quloq tutdi.

"Bu ayol ustimdan portalga yozgandan keyin¸ meni viloyat IIBga chaqirishdi. Men bu ayolning kimlarnigdir gapiga kirib¸ menga tuhmat qilganini aytdim. Shundan keyin unga qarshi to‘sma ariza bilan sudga murojaat qildim. Sud ko‘rib chiqdi¸ ajrim chiqardimi-yo‘qmi¸ bilmayman. Ochig‘i¸ qizig‘i ham yo‘q. Men davlat ishidagi odamman¸ ayollarning orqasidan chopib yurishga vaqtim yo‘q. Keyin¸ o‘zimning oilam u ayoldan 10 marta yaxshi¸ uni nima qilaman"¸ dedi Ozodlik gaplashgan mojaroning ikkinchi qahramoni.

Qashqadaryolik yosh ayol¸ erkaklar¸ xususan¸ o‘z boshlig‘ini jinsiy tamagirlik va shilqimlikda ayblab rasman ariza bilan tegishli tizimlarga murojaat qilgan O‘zbekistondagi kam sonli ayollardandir.

Ayrim norasmiy manbalar¸ o‘zbekistonlik xotin-qizlarning kamida 80 foizining ishxonasi yoki o‘qishida¸ yoxud jamoat joylarida u yoki bu ko‘rinishdagi shilqimlik nishoniga aylanganini aytsa-da¸ shilqimlik qurbonlarining o‘zlari bu haqda ochiq gapirishga botinmaydi.

O‘zbekchilik

Shoira va huquq faoli Dilorom Ishoqova buning sabablaridan biri an’anaviy tarbiyaga borib taqalishini aytadi:

- Ko‘cha-ko‘yda¸ yoki o‘qish-ishxonada har xil shakldagi tegajoqlikka duch kelmagan ayol deyarli yo‘q. Deylik¸ oilali yosh ayolga boshlig‘i shilqimlik qildi¸ tegajoqlik qildi¸ deylik. Bu haqda u kimga ayta oladi? Eriga¸ uyidagilarga kelib aytsa¸ uning o‘zini aybdorga chiqarishadi¸ oilasi buzilib ketadi. Tegajoqlik qilgan qolib¸ uning qurboni jazolanadi. Shuning uchun aksar ayollar bunaqa holatlarni o‘zi bilan go‘rga olib ketadigan sirga aylantirib yashaydi. Zotan¸ onalar qizlariga tarbiya berarkan¸ bunaqa voqealarni tashqariga olib chiqmaslikni o‘rgatadi. O‘zbekchilik¸ deydi buni¸ deydi Dilorom Ishoqova.

Ozodlikka gapirgan o‘zbekistonliklardan biri¸ ayollarga tegajoqlikning ko‘pchilik o‘ylagandek¸ qizlar nisbatan emin-erkin kiyinib¸ emin-erkin harakatlanadigan shaharlardan ko‘ra, qishloqlarda chuqurroq ildiz otganini aytadi.

Bu muammo¸ ayniqsa qishloqlarda juda keng tarqalib ketgan. Qishloqlarda kechqurun xotin-qizlar ko‘chaga chiqib yurolmaydi¸ chiqsa orqasidan birov-yarmi darrov ilakishadi¸ shilqimlik qiladi. Gapirsa¸ yaxshi qiz kechqurun ko‘chaga chiqmaydi¸ deb o‘zini aybdor qilishadi”¸ deydi o‘z opa-singillari vaziyatidan yaxshi xabardor qishloqlik yigit.

Shilqimning jazosini kim beradi?

Ozodlikka gapirgan qishloqlik yigit¸ O‘zbekistonning aksar hududida ayollarga tegajoqlik qiluvchilarni jazolashning an’anaviy mexanizmi otalar¸ yoxud aka-ukalar¸ ya’ni erkak qarindoshlar mas’uliyatiga yuklanganini aytadi.

"Qishloqlarda asosan qizlar akasiga aytadi¸ yoki aka bilib qolsa¸ o‘zi aralashadi. Bu nari borsa¸ aka borib shilqimlik¸ tegajoqlik qilganlarni urishi¸ kaltaklashi mumkin¸ degani. Asosiy jazo shu bo‘lib turibdi haliyam. Akasi yo‘q¸ tarafini oladigan hech kimi yo‘q qizlarga juda og‘ir qishloqlarda. Ularga duch kelgan odam gap otgan¸ duch kelgan joyini ushlagan. Bunaqa narsalar¸ ayniqsa¸ to‘ylarda ko‘p bo‘ladi"¸ deydi bu suhbatdosh.

Dilorom Ishoqova¸ shilqim va tegajoqlar “jazosini berish” nafaqat qishloqlar¸ balki aksar O‘zbekiston bo‘ylab o‘zini opa-singillar nomusi qo‘riqchisi deb biluvchi akalar zimmasida qolayotganini aytadi. Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ mamlakat Jinoyat Kodeksida bunday harakat uchun jazoning mutlaq yo‘qligi¸ demakki shilqimlik va jinsiy tegajoqlikning jinoyatga tenglashtirilmagani muammoni yanada og‘irlashtirayotgan omillardan biri:

- O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 121-moddasi bor. Unda "ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish/ Xizmat, moddiy yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan ayolni jinsiy aloqa qilishga yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirishga majbur etish" uchun 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi¸ deb qo‘yipti. Bor gap shu¸ ya’ni jinsiy aloqaga majburlashgina jinoyat va unga ham o‘ta yengil jazo tayinlangan. Shilqimlik¸ ayolga tegajoqlik qilish¸ uni jinsiy aloqaga majburlashgacha bo‘lgan boshqa qanchadan-qancha xunuk harakatlar bu moddaga umuman kiritilmagan¸ degan Ishoqova muammoga yechim izlashni shilqimlik va tegajoqlikning har bir ko‘rinishini Jinoyat Kodeksida aniqlashtirib¸ unga tegishli jazo belgilashdan boshlash kerakligini aytadi.

Ayni paytda¸ Ozodlik gaplashgan boshqa kuzatuvchilar ham¸ o‘zbek jamiyatida norma sifatida qabul qilinadigan jinsiy tegajoqlikka nishon bo‘lganda qizlarni qanday qilib o‘zini himoya qilishning jismoniy¸ ruhiy va legal yo‘llariga o‘rgatish lozimligini aytadi.

Qashqadaryoda ham "shilqim" qolib¸ shilqimlikka uchragan ayol aybdor qilindi

Maqolamiz qahramonlariga qaytamiz. Ozodlik bilan suhbatda qo‘l ostida ayolga muntazam jinsiy tamagirlik¸ og‘zaki va jismoniy shilqimlik qilganlikda ayblangan erkak boshliq¸ arizachi ayolning o‘zini tuhmatchilikda ayblab bergan arizasini sud ko‘rib chiqqani¸ ammo ajrimdan bexabarligini aytdi.

Ammo shikoyatchidan sudlanuvchiga aylangan ayolga ko‘ra¸ boshliqning arizasi tuman ma’muriy mahkamasida ko‘rib chiqilib¸ ajrim allaqachon chiqarilgan.

"Meni tuhmatchiga chiqardi sud. Boshliqning puli ham¸ tanishi ham ko‘p. Oraga kim tushdi¸ qancha pul aralashdi¸ bilmayman. Bilganim¸ sud adolatsiz hukm bilan meni tuhmatchi deb topdi va eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarimaga tortdi. Mana sizga¸ O‘zbekistonda boshliqning shilqimligiga qarshi ovoz chiqarishga jur’at qilgan yolg‘iz ayolning taqdiri"¸ deydi achchiq bilan bu suhbatdosh.

Sud tomonidan "tuhmat qurboni" deb topilgan boshliq¸ bu ayolga nisbatan xusumati yo‘qligini aytib¸ ayolning hamon ishda qolayotgani¸ ikkovlonning "yarashib ketgani"ni buning tasdig‘i sifatida tilga oldi.

Ammo boshlig‘ini surunkali shilqimlikda ayblagan ayolning gapi boshqacharoq bo‘ldi.

"Hozirgacha oramizda salom-alik yo‘q edi. Hozir siz bilan gaplashgandan keyin menga¸ "keling endi unutaylik bu voqeani¸ aka-singil bo‘lib ishlaylik"¸ deb qoldi. Meni hozircha shu gapni aytish uchun ushlab turipti. Uyog‘i nima bo‘lishini bilmayman"¸ deydi qashqadaryolik ayol.

(Ozodlik bu jarayonni kuzatishda davom etadi)

Toma-toma ko‘l bo‘lur...

Ayni kunlarda aksar G‘arb davlatlarida shou biznesdagi mashhur shaxslar¸ sport trenerlari¸ taniqli siyosatchi va jamoat arboblarining xotin-qizlarga yillar davomida jinsiy tegajoqlik va tajovuz qilib kelgani bilan bog‘liq mojarolar davom etmoqda.

Hollivudning eng qudratli prodyuseri Xarvi Vaynshteynning o‘nlab yillar davomida yosh aktrisalarga jinsiy tegajoqlik¸ jinsiy zo‘ravonlik qilib kelgani fosh bo‘lishi ortidan boshqa bir qator Hollivud yulduzlari¸ ayrim senator va teleyulduzlarning ham xotin-qizlarga tegajoqlik qilib kelganiga oid hikoyalar o‘rtaga chiqmoqda. Oqibatda¸ bunday harakatda ayblanayotganlar o‘z ishi va martabasidan ayrilib¸ ayrim hollarda jinoiy ish figurantiga aylanmoqda.

Bu mojarolar ortidan nafaqat AQSh¸ balki aksar G‘arb davlatlarida ishi¸ karyerasi¸ qolaversa ijtimoiy mavqeini yo‘qotishdan qo‘rqib yillar davomida o‘ziga nisbatan qilingan jinsiy bosim va tegajoqliklar haqida indamay kelgan xotin-qizlar asta-sekin o‘z achchiq hikoyalarini jamoatchilikka ayta boshladi.

Ayni shunday achchchiq hikoya va ko‘rsatmalarni yozish¸ jamoatchilik bilan baham ko‘rish maqsadida #MeToo kampaniyasi boshlandi va hozirda dunyoning ko‘plab davlatlarida turli tillarda ommalashib bormoqda.

Buning ortidan¸ bu muammo xalqaro ommaviy axborot vositalari diqqat-markazida qolayotgan¸ jamoatchilik keng muhokama qilayotgan mavzuligicha qolmoqda.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari¸ xususan¸ telekanallarda bu mavzuning ko‘tarilgani¸ jamoatchilik uni muhokama qilgani hozircha ko‘rilmadi.

O‘zbekistonda davlat tomonidan xotin-qizlar manfaatining rasmiy himoyachisi etib belgilangan Xotin-qizlar qo‘mitasida¸ na bu kampaniyani kuzatayotgan¸ va na ayollarga nisbatan shilqimlik muammosi bo‘yicha maxsus shug‘ullanadigan bo‘lim yoki mutaxassisni mavzuni o‘rganish jarayonida topishning imkoni bo‘lmadi.

(Hattoki¸ bu qo‘mitadagilarning mazkur muammo bilan maxsus shug‘ullanish-shug‘ullanmasligini ham aniqlashtirib bo‘lmadi - 23 noyabrdan boshlab qo‘mita mutasaddi va mutaxassislari ommaviy tarzda respublika bo‘ylab xizmat safariga yuborilgani bois¸ ularni ish joyida topib bo‘lmadi.)

Ozodlik jinsiy tegajoqlik nishoni bo‘lgan va bo‘layotgan¸ bunday tegajoqlikning dunyoviy¸ erkak-ayol teng huquqli sanalgan davlatda normal harakat sifatida qabul qilinishiga qarshi xotin-qizlarga minbar beradi.

Siz bunday tegajoqlik nishoni bo‘lgan bo‘lsangiz¸ o‘z hikoyangizni aytib bering!

Ayni paytda¸ o‘qish va ish¸ jamoat va xususiy joylarda jinsiy tegajoqlikka barham berish uchun nimalar qilish kerak?

Bu muammoni ochiq gapirib¸ muhokama qilishga o‘zbek jamiyati¸ birinchi galda¸ ayollarning o‘zi tayërmi?

Hikoya¸ fikr va mulohazalaringizni ijtimoiy tarmoqlar orqali bizga bildiring. Gapirmoqchi bo‘lganlar¸ Telegram, WhatsApp tarmog‘idagi +420 724 971 539; +420 724 740 755 raqamlari¸ yoki ozodlikmail@gmail.com elektron pochtamizga “jinsiy tegajoqlik haqida gapirmoqchiman”¸ degan xabar yuborsa¸ o‘zimiz qayta bog‘lanamiz. Istasangiz¸ shaxsingiz sir qolishi kafolatlanadi.

XS
SM
MD
LG