Линклар

15 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:12

Bishkeklik huquq faollari ikkinchi xotinga uylanganini internet orqali tarqatilgan videoda tan olgan Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Chubaq hoji Jalilovni jinoiy javobgarlikka tortish talabi bilan poytaxt prokuraturasiga ariza kiritmoqchi.

Aholi bilan uchrashuvlarda muntazam ikki va undan ko‘p xotin olish jamiyatning fohishalar va boquvchisiz qolgan ayollardan tozalanishiga sabab bo‘lishini aytib kelgan sobiq muftiy Chubaq hoji Jalilov o‘zi namuna ko‘rsatib, ikkinchi xotinga uylanganini tan oldi.

- Men yana uylandim, biroq oldingi xotinim bilan ajrashganim yo‘q. U mendan xafa bo‘layapti. Uning xafa bo‘lishga, rashk qilishga haqqi bor. Beva qolib Turkiyada enagalik qilib yurgan 30 yoshdagi ayolga uylandim. Doim “Qizlarni Turkiya, Rossiya va boshqa davlatlarga jo‘natmanglar, ularni boqinglar, o‘z qarovingizga olinglar”, deb aytib kelaman. Uylanish niyatim yo‘q edi. Lekin men boshlab bermasam kim boshlab beradi? Gaplarim quruq so‘z bo‘lib qolmasin, o‘zim namuna bo‘lib berayin, deb uylandim, -dedi Chubaq hoji Jalilov Internet tarmog‘ida tarqatilgan videoda.

Qirg‘iziston qonunchiligida ko‘p xotinlik taqiqlangan. Ikki xotin olgani aniqlangan odam ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, Bishkekdagi “Qilim shami” nodavlat tashkiloti sobiq muftiy ustidan prokuraturaga arz qilishini bildirdi.

- Chubaq hoji Jalilov “Men ikkinchi xotinga uylandim”, deb qonunni buzganini o‘zi bo‘yniga olayapti. Shuning uchun Bishkek prokuraturasiga rasmiy ariza bilan murojaat qilamiz. Chubaq hoji boshqalarni ham ikkinchi xotinga uylanishga, demakki, qonunni buzishga chaqirayapti. Bu juda xavfli ko‘rinish, -dedi “Qilim shami” tashkiloti rahbari Aziza Abdirasulova.

Chubaq hoji Jalilovning o‘zi Ozodlik radiosiga bu masalada fikr bildirishdan bosh tortdi. Ijtimoiy tarmoqlarning qirg‘iz kontentida esa sobiq muftiyning bu bayonoti qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda. Fikr bildirganlarning asosiy qismi Jalilovni ikkinchi xotinga uylanganini qoraladi.

Ayni paytda Chubak hoji Jalilovni qo‘llaganlar ham bor. Masalan, bundan avvalroq qirg‘izistonlik taniqli ishbilarmon Bobur To‘lboev matbuotga “35 yoshdan oshgan beva ayollar orasida “ikkinchi xotin bo‘lishga rozimisiz?” degan so‘rov o‘tkazilsa, har o‘n ayoldan yetti nafari “Roziman”, deb javob bergan bo‘lar edi”, deb aytgan. Parlament deputati Qamchibek Jo‘ldo‘shev ikki xotinlilikni qonuniylashtirish tashabbusini ko‘targan edi.

Parlament deputati Aida Qasimaliyeva bunday tashabbuslarga qarshi bo‘lgan siyosatchilardan biri. Unga ko‘ra, Chubaq hoji Jalilovning ikkinchi xotin olgani to‘g‘risidagi masala parlamentda ham jiddiy muhokama qilinishi lozim.

- Har doim “Qonun, qonun”, deb gapiradigan erkak deputatlar bu borada o‘z munosabatlarini bildirishlari lozim. Parlament bu masalada o‘z nuqtai nazarini e’lon qilishi kerak, -dedi deputat.

Biroq parlamentdagi qator erkak deputatlar bu masalada o‘z fikrlarini matbuotga ochiq aytishdan tiyilmoqdalar. Jumladan, Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining erkak deputatlarga ko‘p xotinlik masalasida yo‘llagan savollari ham javobsiz qoldi.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 4 yilda faqat 5 odamga nisbatan ko‘p xotin olish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Biroq mamlakatda qancha erkakning ikki va undan ortiq xotini borligi to‘g‘risida aniq statistika mavjud emas. Ko‘p xotinli erkaklarga nisbatan jinoyat ishlari esa faqat uning xotinlaridan biri huquq-tartibot organlariga ariza yozgan taqdirdagina ochiladi.

Qirg‘izistonda ko‘p xotinlilikni qonuniylashtirish tashabbusini birinchilardan bo‘lib prezident Bakiyev hukmronligi davrida adliya vaziri Marat Qayipov ko‘targan edi.

Vazir o‘shanda parlamentga qonun loiyhasini taqdim etgan. Biroq fuqarolik jamiyatining keskin qarshiligi tufayli parlament qonunni qabul qilmagan edi.

XS
SM
MD
LG