Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 17:04

Ozodlik ortidan O‘zA ham mushtumzo‘r hokimlarga e’tibor qaratdi

  • Озодлик

Sentabr oyi boshida Internetda Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev mahalliy maktablarning direktorlarini turg‘azib qo‘yib, ularni haqoratlar bilan kaltaklayotgani aks etgan video paydo bo‘lgan edi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi –O‘zA 29 noyabr kuni Ozodlik radiosi tomonidan muntazam ravishda ko‘tarilib kelingan mushtumzo‘r hokimlar masalasiga e’tibor qaratdi. Agentlik mushtumzo‘r hokimlar siyosati tanqid qilingan maqolani chop etdi. Biroq Ozodlikka yetib kelgan xabarlarga qaraganda, amalda ular hamon jazosiz qolmoqda.

O‘zA tomonidan e’lon qilingan “Rahbar yuksak ma’naviyatli, har bir ishda barchaga ibrat bo‘lishi kerak”, deb sarlavhalangan maqolada Ozodlik radiosida yoritilgan va so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘layotgan Andijon shahar hokimining yig‘ilishlarda o‘qituvchi hamda qariyalarga qo‘pol munosabati tanqid qilingan.

“Andijon shahar hokimining ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda o‘zini tutishi, muomalasi, haqoratu dashnomlardan iborat gap-so‘zlari, agar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar rost bo‘lsa, uning nafaqat hokim, balki oddiy bir inson sifatida ma’naviyatga munosabati qanday ekanini ko‘rsatadi”, deb yozgan O‘zA maqola davomida prezident Shavkat Mirziyoyev 15 noyabrda o‘tgan yig‘inda mushtumzo‘r hokimlarni tanqid qilganiga alohida e’tibor qaratadi.

Prezidentning “Odamlar ish yuzasidan sizga bo‘ysunishi mumkin, boshqa har qanday masalada siz bilan teppa-teng huquqqa ega ekanini aslo esdan chiqarmang”, degan so‘zlariga e’tibor qaratgan O‘zA maqola davomida: “Davlatimiz rahbari shunday fikrlarni ilgari surib turgan, kerak bo‘lsa, barcha bo‘g‘indagi rahbarlardan hammaga ibrat bo‘lish lozimligini talab qilib turgan bir paytda hokimning kibrga berilishi, o‘z qo‘l ostidagilarga bunday nomaqbul munosabati-muomalasi hech bir odob-axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi”, deb yozdi.

Shundan so‘ng maqolada Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi rahbari Zokirjon Mashrabov va xalq ta’limi faxriysi Olimjon Rahimovning rahbar qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi fikrlari hamda prezidentning “Bunday harakatlar davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga qarshi chiqish, deb baholanadi va aybdorlarga tegishli jazo qo‘llaniladi”, degan so‘zlari dasturilamal bo‘lishi shartligi to‘g‘risidagi fikrlariga o‘rin berilgan.

Ozodlik radiosi so‘nggi oylarda maktab direktorlarini qatorasiga terib, ularni haqoratli so‘zlar bilan birma-bir do‘pposlagan Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev, Ulug‘nor tumani hokimining yurak xurujidan o‘lish darajasida haqoratlagani iddao qilingan Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov, ma’rifat posbonlari bo‘lmish o‘qituvchilarni "shakal", "tvar", "eshak", "hayvon" deb so‘kkan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev, paxta terimiga kam odam chiqargan rahbarlarni 45 minut davomida 126 marta uyatli so‘z bilan haqoratlagan Parkent tumani hokimi to‘g‘risidagi maqolalarni chop etgan edi.

Prezident Mirziyoyev 15 noyabr kuni o‘tkazilgan hukumat majlisida amaldorlarning mushtumzo‘rligi va so‘kong‘ichligi davlat siyosatiga, prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanishini aytgan bo‘lsa-da, Ozodlik manbalariga ko‘ra, mushtumzo‘r hokimlar hamon jazolanmay, o‘z amallarida qolmoqdalar.

XS
SM
MD
LG