Линклар

Шошилинч хабар
21 май 2018, Тошкент вақти: 16:17

Prezident tanqididan keyin Moliya vazirligida tozalash boshlandi


O‘zbekiston Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 22 dekabr kungi parlament yig‘inida prezident tanbehiga quloq solmoqda.

O‘zbekiston Moliya vazirligi kadrlar bo‘limi rasmiysi vazirlikdagi uchta boshqarma rahbarining ishdan ketganini Ozodlikka tasdiqladi. Ayni paytda¸ mahalliy nashrning vazirlikda bir kunda 50 odamning ishdan bo‘shatilgani haqidagi xabarni inkor qildi. Ayni paytda vazirlik xodimlari faoliyati yoppasiga tekshirilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mulozimning aytishicha, “bir kunda 50 kishi ishdan bo‘shatilgani yo‘q", Golisheva¸ Haydarov va Abdullaevlarning ishdan bo‘shatilgani to‘g‘ri. Boshqalar faoliyati o‘rganilayapti.

Ishdan bo‘shatilgani Ozodlikka rasman tasdiqlanganlar Soliq va bojxona tarif-siyosati boshqarmasi¸ Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi va Sanoatning bazaviy tarmoqlari, yoqilg‘i-energetika majmui va geologiyani rivojlantirish moliyasi va tarifni tartibga solish bosh boshqarmasi rahbarlaridir.

Vazirlik xodimlarining ish faoliyati o‘rganilmoqda

Moliya vazirligining Ozodlik bog‘langan yana bir rasmiysi¸ prezident Shavkat Mirziyoevning 22 dekabr kuni parlamentdagi murojaatida Moliya vazirligi sha’niga bildirgan keskin tanqidlaridan so‘ng xodimlar faoliyatini tekshirish boshlanganini bildirdi.

“Lavozimidan¸ ishidan¸ millatidan¸ vazirlikda qancha ishlaganidan qat’iy nazar¸ har bir xodim ish faoliyatini o‘rganib chiqish boshlandi. Birinchi bo‘lib¸ ishi oqsab kelayotgan boshqarmalar xodimlari faoliyati tekshiriladi. Keyin qolganlar¸ hammaning ish faoliyatiga baho beriladi¸ dedi mulozim.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ Moliya vazirligi xodimlari faoliyatini yalpi tekshirish an’anaviy attestatsiya doirasidan tashqaridagi maxsus jarayonga ko‘ra amalga oshirilmoqda.

“Bunaqasi oldin bo‘lgan emas. Bu Nizomimizda ko‘zda tutilgan attestatsiya emas – unga ko‘ra¸ har 5 yilda¸ har 3 yilda xodimlar faoliyati ko‘rib chiqiladi. Hozir “ish faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani uchun”¸ degan ibora bilan markaziy apparatdagi ancha odam delosi ko‘rib chiqilmoqda. Buning sonini sizga aniq aytolmayman. Vakant joyga yangi odam qanday ishga olinsa¸ shunaqa suhbatlar qilinayapti. Kamchiliklari aytilib¸ ishdan bo‘shatiladiganlar ancha bo‘lishi mumkin. Yuztami¸ ikki yuztami¸ buni hozircha birov bilmaydi¸” dedi shaxsi va lavozimi ochiqlanmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan Moliya vazirligi rasmiysi.

“Hammasini haydaysan!”

22 dekabrь kuni parlament ikkala palatasi oldida qilgan yillik hisobotida prezident Shavkat Mirziyoev Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovni tik turg‘izib¸ unga keskin ohangda “moliyada o‘tirganlarning hammasini haydash topshirig‘ini bergan edi.

“Atrofingdagilarning hammasini haydavor¸ yangi-yangi odamlarni ol. Qo‘chqorov agar o‘zgarish qilmasa¸ sizlarning oldilaringda aytayapman – bir oyda buniyam ishdan olaman. Manga bundaqa moliya kerak emas. Hammasini haydaydi moliyada o‘tirganlarni. Bitta Ostrogorskiy degan noinsofni haydagan bilan¸ uning hidi kep turipti manga. Tashqaridan turib bir-ikkitalar ishlayapti. Manga bunaqa moliya kerakmas. Vatanni sevgan¸ o‘zbek millatini¸ o‘zbek davlatini sevgan¸ har bir fuqaroning ertangi kuniga befarq bo‘lmagan moliyaning boshlig‘i kerak manga”¸ dedi prezident parlament a’zolari va jamoatchilik vakillari oldida qilgan murojaatida jumladan.

Butun moliya tizimi tekshiriladi

Ozodlik bilan 25 dekabr kungi suhbatda Moliya vazirligi mulozimi “ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar” yuzasidan ishi ko‘rib chiqilayotgan¸ maxsus suhbatdan o‘tayotganlarning faqat Markaziy apparat xodimlari emasligini alohida ta’kidladi.

“Markaziy apparatning o‘zida 500 ga yaqin odam ishlaydi. Umuman vazirlik tizimidagilar aniq sonini hatto men ham bilmayman¸ chunki moliya nihoyatda katta tizim. Unga g‘azna¸ KRU¸ pensiya jamg‘armasi kabilar kiradi¸ hammasida ishlovchilar soni juda katta. Prezident gapidan keyin butun Moliya vazirligi tizimida tekshirish boshlandi¸ desak to‘g‘ri bo‘ladi¸” dedi vazirlikning mas’ul mulozimi.

Axmoqlar¸ kalamushlar...

Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan beri uning keskin tanqidiga muntazam nishon bo‘lib qolayotgan tizimlardan biri Moliya vazirligidir.

O‘zbekiston moliya-iqtisod tizimi rahbarlari, xususan¸ Karimov davrining Moliya vaziri¸ makroiqtisodiyot bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov nomini tilga olmasdan bir necha bor keskin tanqid qilgan prezident¸ “noinsof¸ axmoq¸ kalamush” degan so‘zlarni ishlatgan.

Xususan¸ Farg‘ona viloyatida iyun oyida o‘tkazgan yig‘ilishida prezident ayni sohaga o‘zi rahbar etib tayinlagan Jamshid Qo‘chqorovga qarata¸ “Jamshid Anvarovich¸ sizning joyingizda o‘tirgan noinsof¸ oyog‘i yerdan uzilgan narsa¸ hech baloni tushunmay¸ faqat 8 foiz¸ 95 foiz deb hammayoqni o‘ldirib ketdi. Mana bu noinsoflarni ishlatishingiz kerak endi¸” degan edi umumiyatla moliya-iqtisod tizimi xodimlari¸ xususan esa¸ tilga olmay turib Rustam Azimov haqida prezident Mirziyoev.

XS
SM
MD
LG