Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:03

Samarqandda 12 yashar qiz o‘ldirildi. Qotillikda erini rashk qilgan ayol gumonlanmoqda


Samarqand viloyat, Payariq tumanidagi Xo‘ja Ismoil mahallasida yashaydigan ayol qo‘shnisining 12 yashar qizini vahshiylarcha o‘ldirganlikda gumonlanmoqda. Ozodlikning huquq-tartibot idoralaridan olgan ma’lumotiga ko‘ra, erining qo‘shni xotin bilan ishqiy sarguzashtlari borligini gumon qilgan ayol, qasd olish maqsadida uning qizini o‘ldirib, jasadni uyi yaqinidagi dalaga ko‘mib tashlagan bo‘lishi mumkin. Lekin bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan. Joriy yilning 10 dekabr kuni bedarak yo‘qolgan qizchaning jasadi 25 dekabr kuni topilgan.

Payariq tumanining Xo‘ja Ismoil mahallasida yashagan 5-sinf qiz bola o‘quvchining jasadi 25 dekabr kuni dalada, ko‘mib tashlangan holda topilgan.

Bu qiz joriy yilning 10 dekabrida bedarak yo‘qolgan edi.

Samarqand viloyat, Payariq tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, mayor Amin Toshev Ozodlik bilan suhbatda qiz bolaning jasadi qidiruvlar natijasida topilganini aytdi:

“Ha, bu qiz bolaning jasadi topildi. Biz hozir voqea joyidamiz, tergov harakatlari olib boryapmiz”, dedi Amin Toshev.

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bu ish yuzasidan bir ayol gumonlanuvchi cifatida hibsga olinganini aytdi.

Xo‘ja Ismoil mahallasining ismi sir qolishini so‘ragan faollaridan birining aytishicha, qiz bola 26 dekabr kuni dafn qilingan:

“Kecha qizchani ko‘mishdi. Uning onasi bizning qishloqqa kelin bo‘lib tushganiga o‘n yilcha bo‘ldi. Otasi besh yil oldin vafot etgan. Avval qaynotasining uyida birga yashab yurdi. Keyin o‘zlariga bir uy qilib, chiqarib qo‘yishdi. Biz ham hali anig‘ini bilmaymiz. Aytishlaricha, qo‘shni ayol shu ishni qilgan. Qizchani bolta bilan urib o‘ldirib, uyi yaqinidagi dalaga ko‘mib tashlagan ekan. Qizchaning onasini eriga o‘ynash bo‘lgan, deb gumon qilgan ekan. Shuning uchun uning qasdini qizidan olibdi, degan gaplar bor. Lekin bu hali rasman tasdiqlanmagan. Hozir bu ayol hibsga olingan, tergov olib borilyapti”, dedi mahalla faoli.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, bu ish yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97- moddsi (Qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

So‘nggi ikki oy ichida Ozodlik O‘zbekistonda oiladagi janjal oqibatida ro‘y bergan kamida oltita qotillik haqida xabar berdi.

Andijonning Buloqboshi tumanida Diyorbek Yo‘ldoshev 8 yoshli qizi Sevarani bo‘g‘ib o‘ldirganlikda ayblanib, hibsga olindi. Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, Yo‘ldoshev qizini o‘ldirib, zovurga tashlagan va bu jinoyat 2 dekabr kuni oshkor qilindi.Voqea tafsilotlaridan xabardorlarga ko‘ra, jinoyat sobiq xotiniga rashk va aliment to‘lamaslik maqsadida amalga oshirilgan.

O‘tgan oy Xorazmning Shovot tumanida er o‘zini xotinini so‘yib, yoqib yubordi.

Oktabr oyi boshida Surxondaryoning Termiz shahrida uch farzandning onasi qaynanasi bilan uy-joy ustida talashib, uyiga o‘t qo‘yishi oqibatida 72 yoshli qaynona o‘tda yonib halok bo‘ldi, 9 yashar o‘g‘il kuyish jarohati bilan kasalxonaga yotqizildi.

31 avgustda Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida yashaydigan ayol o‘g‘li bilan birga Qumqo‘rg‘on tumanidagi kundoshini o‘ldirib, ikki yosh bolasi bilan yoqib yuborgan edi. Prokuraturadan olingan ma’lumotga ko‘ra, kundoshining uyiga o‘t qo‘yish jarayonida ayol va jinoyat sodir etishda unga yordam bergan o‘g‘li ham qattiq kuyish jarohati olgan. Ikki xotinli er esa o‘sha paytda Haj safarida bo‘lgan.

Yana avgust oyida Farg‘onada 51 yoshli ota mashina ustida talashib, 27 yoshli o‘z o‘g‘lini, ustiga benzin qo‘yib, yoqib yuborgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev shu oy boshida o‘tkazilgan selektor majlisida Farg‘onada o‘z qaynonasini urib o‘ldirgan qotil kelin haqida gapirar ekan mahalliy matbuot bu kabi jinoyatlarni yoritmayotganini tanqid qilgan edi.

Prezidentga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Yordon qishlog‘ida kelin o‘z qaynonasini urib o‘ldirgan.

"Nega birorta maqola o‘qimadim, nega chiqishlar qilinmadi. Men sizlarga har videoselektorda tayyor mavzu aytayapman. Jamoatchilik, mutasaddilar bu mavzularni nashrlarda ko‘tarib chiqmayapti. Nahotki, o‘zbek oilasida kelin o‘z qaynonasining qotiliga aylansa", - degan edi Shavkat Mirziyoev.

XS
SM
MD
LG