Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:20

Eron davlat televideniesi hukumatni yoqlab namoyish o‘tkazayotganlarni ko‘rsatdi


ERON - Press TV davlat telekanali 3 noyabr kuni hukumatni yoqlab namoyishga chiqqan kishilarni ko‘rsatdi. Ahvoz shahri.
ERON - Press TV davlat telekanali 3 noyabr kuni hukumatni yoqlab namoyishga chiqqan kishilarni ko‘rsatdi. Ahvoz shahri.

Eron davlat televideniesi hukumatning o‘n minglab tarafdorlari mamlakat ko‘chalariga namoyishga chiqqanini xabar qilmoqda. Bu hukumatga qarshi norozilik namoyishlariga javob bo‘ldi. Norozilik namoyishlari bir necha kun namoyishchilar bilan xavfsizlik kuchlari o‘rtasida o‘nlab kishilarning o‘limiga sabab bo‘lgan to‘qnashuvlardan so‘ng bir kechada tinib qoldi.

Eronning ingliz tilida axborot tarqatuvchi Press TV davlat telekanali 3 noyabr kuni hukumatni yoqlab namoyishga chiqqan kishilarni ko‘rsatdi. Eron bayroqlarini ko‘tarib olgan namoyishchilar diniy rahnamolar hukumatini qo‘llab-quvvatlayotgan edi.

Yevropa mamlakatlari rahbarlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari “odamlar qurbon bo‘lganiga toqat qilib bo‘lmasligi”ni aytib, yuzlab hukumatga qarshi namoyishga chiqqan kishilar hibsga olinganini qoraladi.

Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xamenei “Eron dushmanlari”, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari “pul, qurol, siyosat va razvedka xizmatlari” yordamida odamlarni hukumatga qarshi namoyishlarga chiqishga undadi", dedi.

Eron hukumati o‘ziga qarshi norozilik namoyishlari haqidagi axborot tarqalishi oldini olish uchun ijtimoiy tarmoqlarni to‘sib qo‘ydi.

Yadro dasturi bo‘yicha bitimga erishilgandan so‘ng Eronning neft sanoati jadal rivojlanmoqda. Biroq iqtisodiyotning boshqa sohalarida turg‘unlik davom etayotgani sababli oddiy eronliklarning yashash sharoiti yaxshilanmayapti.

Pul jadal qadrsizlanmoqda, yoshlar o‘rtasida ishsizlik keskin ortib bormoqda.

Eron bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari namoyishlar ortidan o‘zaro sen-menga bordi. Prezident Donald Tramp Tvitterda “Eronning shafqatsiz va korupsiyalashgan rejimi barcha holatlarda” omadsizlikka uchrayotgani haqida izoh qoldirdi.

AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Heyli namoyishchilarni dovyurakligi uchun maqtadi, ammo Eron rahbariyatining noroziliklarga go‘yo tashqi kuchlar pishang berib turgani haqidagi iddaolarini rad etdi.

U 2 yanvar kuni Eron hukumati “haqiqatni aytishga jur’at qilayotgan odamlarni o‘ldirishning uzoq tarixiga ega”, deb aytdi.

– Erondagi diktatura yana har doim qilib kelayotgan ishini qilishga urinmoqda, ya’ni norozilik namoyishlarini uning dushmanlari rejalashtirganini aytmoqda. Barchamiz bu kurakda turmaydigan gap ekanini bilamiz, – dedi Heyli. – Namoyishlar uyushmagan holda o‘tmoqda. Eronning har bir shahrida norozilar bor. Bu uzoq vaqt zulm ostida yashagan aholining diktatorlarga qarshi isyon ko‘tarishining aniq ko‘rinishidir.

Heyli yana rasmiy Vashington Eron hukumati xavfsizlik kuchlarining norozilik namoyishchilarini o‘ldirganini muhokama qilish uchun BMT Xavfsizlik Kengashi va BMTning Jeneva shahridagi Inson huquqlari kengashining favqulodda majlislarini uyushtiradi, deb aytdi.

– Biz jim turmasligimiz kerak, – dedi Heyli. – Eron xalqi ozodlik uchun yordam so‘ramoqda.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Heylining so‘zlariga javoban eronliklar tinch norozilik namoyishlari o‘tkazish huquqidan foydalanayotganini aytdi. Uning fikricha, AQShning Yaqin Sharqdagi ayrim ittifoqchilari vatandoshlari bunday erkinlikdan mahrumdir.

Erondagi qarshilik ko‘rsatish guruhi tarqatgan bayonotda diniy rahbarlar keng qamrovli namoyishlardan “vahimaga tushib qolgani”ni bildirdi. Ammo shuni ham qayd etish joizki, mamlakatning islohot tarafdori bo‘lgan siyosatchilari ham “Eronning dushmanlari” uyushtirgan buzg‘unchiliklarni qoralamoqda.

Ayrim namoyishchilar Eronni 1989 yildan beri boshqarib kelayotgan Xameneining ko‘chalarga osilgan ulkan suratlarini yirtib tashladi.

Eronda ishsizlik darajasi 12 foiz bo‘lsa, yoshlar o‘rtasidagi ayni ko‘rsatkich 28,8 foizdir.

Garchi Ruhoniy norozliklarga sabab bo‘lgan ayrim muammolar mavjudligini tan olsa-da, hokimiyat idoralari norozilik namoyishchilarini shafqatsiz bostirishga tayyor ekani alomatlari ko‘zga tashlanmoqda.

Eron Razvedka vazirligi “qo‘zg‘olonchilar va qo‘poruvchilar” kim ekani aniqlanganini va ularga qanday jazo berilishi masalasi ko‘rib chiqilajagini aytdi. Eronning Tasnim axborot agentligi 2 yanvarda Tehron inqilob sudi rahbari Musa G‘azanfarobodiyga iqtibosan ma’lum qilishicha, norozilik namoyishchilariga “muhoraba” aybi qo‘yilishi mumkin, bu Allohga qarshi jang qilishni anglatadi va buning uchun o‘lim jazosi belgilanadi.

XS
SM
MD
LG