Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:03

Kosonda kam ta’minlangan oilalarga atab qurilgan uy hokimlik mulozimlariga tegdi


Toshkent shahrining Bektemir tumanida 3 oyda qurib bitkazilgan namunali arzon uylar mog‘orlab ketmoqda
Toshkent shahrining Bektemir tumanida 3 oyda qurib bitkazilgan namunali arzon uylar mog‘orlab ketmoqda

Davlat dasturi asosida Qashqadaryo viloyati Koson tumanining qishloq joylarida qurilgan 38ta arzon uyning beshtasi hokimlik mulozimlariga tegdi.

Bu haqda Ozodlikka arzon uy ro‘yxatiga kiritilmagan kosonliklardan biri ma’lum qildi.

Koson tumani hokimi Ozodlikka hokimlik mulozimlariga arzon uy berilgani haqidagi bu iddaoni inkor etdi.

Ammo, kosonlik deputat hokimlik mulozimlari ro‘yxatda borligini shaxsan ko‘rganini bildirdi.

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Qorabayir MFYning Nasaf massivida, Boyg‘undi MFYning Boyg‘undi-2 massivida 38ta arzon narxdagi uy-joy 2017 yildan buyon qurilmoqda va ularning bir qismi foydalanishga topshirildi.

Arzon uy olish ro‘yxatiga kiritilmagan, ismi sir qolishini so‘ragan kosonlik nogironlardan birining iddao qilishicha, uyga "haqiqiy muhtoj qanchadan-qancha oilalar qolib", bu uylarning beshtasini hokimlik mulozimlari va ularning yaqin qarindoshlari olgan:

Mana, men sizga bir ro‘yxat jo‘natyapman. Bu ro‘yxatdagi bir ayol tuman hokimligi bosh hisobchisining singlisi. Uning oilasi kam ta’minlanganlardan emas, o‘ziga to‘q oila. Bundan tashqari yana to‘rtta uyni hokimlik mulozimlari o‘zlariga olishgan. Lekin ularning kim ekanligini bilmayman”, dedi kosonlik nogiron.

U o‘z so‘zlari isboti sifatida Ozodlikka ro‘yxatni yo‘lladi.

Arzon uy-joy ro‘yxati
Arzon uy-joy ro‘yxati

Ozodlik surishtiruvi jarayonida uylarning kimlarga tekkanini monitoring qilgan Xalq deputatlari Koson tuman kengashining deputatlaridan biri bilan bog‘landi.

Hozircha ismi sir qolishini so‘ragan deputat, arzon uy-joylarning to‘rttasini hokimlik mulozimlari o‘zlariga olganligini tasdiqladi:

“Mana birinchisi, tuman hokimining yordamchisi Sherali Jo‘raev. Bu yigit nimaga muhtoj, ana sizga savol? Agar hokim yordamchisi muhtoj oila desak, kulguli bo‘ladi. Qolaversa, bu yigit kosonlik emas, Kasbi tumanidan. Yoki ikkinchisi, tuman hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i. U nimaga muhtoj, bir emas, ikkita o‘g‘liga uy olib beryapti. Yoki obodonlashtirish boshqarmasining bosh muhandisi, nimaga muhtoj? U ham uy olganlar ro‘yxatida turibdi. Xullas, 38 ta uyning 5 tasini hokimlik mulozimlari o‘zlariga yoki yaqin qarindoshlari nomiga olgan. Nahotki, 265 ming aholi yashaydigan tumanda 38ta kam ta’minlangan oila chiqmasa?” dedi deputat.

Koson tumani hokimining yordamchisi Sherali Jo‘raev Ozodlik bilan suhbatda kam ta’minlangan oilalarga atab qurilgan uyni olganini inkor qilmadi, lekin bu ishlardan bexabarligini aytdi:

“Mening bu gaplardan xabarim yo‘q”, degan Sherali Jo‘raev aloqani uzib qo‘ydi.

Koson tumani hokimi Baxtiyor Rajabov arzon uy-joylar hokimlik mulozimlariga berilgani haqidagi xabarni inkor qildi:

- Kim aytgan bo‘lsa ham, bekor aytibdi. Bu arzon uylar faqat kam ta’minlangan oilalarga beriladi. Boshqa mansabdor odamlarga berilmaydi. Beshta-beshta emas, bir dona ham mumkin emas. Bu yerda jonajon O‘zbekiston uchun ishlaydi hamma. Bunaqa tentak odamlarni informatsiyasi uchun ishlamaydi, - dedi tuman hokimi Baxtiyor Rajabov.

Koson tumanida qurilayotgan ikki sotixli arzon uylar uch xonali bo‘lib, narxi 85 million so‘m ekanligi aytiladi.

Ozodlik suhbatlashgan kosonliklar so‘zlariga ko‘ra, uyning boshlang‘ich to‘lovi 12 million so‘mni tashkil etadi.

Hokimliklar boshlang‘ich to‘lovi bo‘lmagan muhtoj oilalarga homiylik yordami tashkil etishi nazarda tutilgan.

Ozodlik o‘tgan yilning 24 noyabr kuni poytaxtning Sergeli tumanida prezident topshirig‘iga muvofiq kam ta’minlangan oilalar uchun maxsus qurilgan uylar turli aldov sxemalari orqali bu imtiyozli uylarga haqqi bo‘lmaganlarga berilgani haqida xabar bergan edi.

Bu haqdagi shikoyatlar prezidentga yetib borishi ortidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Sergelidagi uylarning kimlarga ajratilgani¸ qanday ajratilgani bo‘yicha maxsus tekshiruv boshlagan.

Arzon uy-joyni kim olishga haqli?

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2017 - 2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturidagi Nizomga ko‘ra, aholining quyidagi tabaqasi bunday uy olish huquqiga ega:

a) ariza beruvchida mulk huquqi bilan turar joyning yo‘qligi va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi;

b) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) yashashi;

v) ko‘p bolali;

g) oilaning kam ta’minlanganligi;

d) bir yoki undan ko‘p bola ota-onalardan biri (to‘liq bo‘lmagan oila) tomonidan tarbiyalanishi va boqilishi;

e) ariza beruvchining oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;

j) ariza beruvchining oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironi mavjudligi;

z) uy-joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi, deyiladi nizomda.

XS
SM
MD
LG