Линклар

Шошилинч хабар
24 июн 2018, Тошкент вақти: 04:08

Qozog‘istondan O‘zbekistonga mol olib o‘tish yana qiyinlashdi


O‘zbek-qozoq chegarasidagi G‘ishtko‘prik (Chernyaevka) nazorat-o‘tkazish punkti.

O‘zbek-qozoq chegarasidagi G‘ishtko‘prik (Chernyaevka) va boshqa nazorat-o‘tkazish punktlari orqali tovar olib o‘tish yana qiyinlashgan. Qozog‘istonga 9 yanvar kuni o‘tib-qaytgan o‘zbekistonliklar chegaradan bir hafta ilgari cheklovsiz olib o‘tish mumkin bo‘lgan maishiy va orgtexnika mollarini o‘zbek bojxonachilari o‘tkazmay qo‘yganini bildirishdi. O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining Ozodlik bog‘langan rasmiylari esa qo‘shni davlatlardan shaxsiy foydalanish uchun olib kirilayotgan tovarlarga qo‘yilgan 10 dollarlik cheklov amalda qolayotganini aytishdi.

9 yanvar kuni Qozog‘istondagi bozorga o‘tib-qaytgan bir necha nafar o‘zbekistonlik Ozodlikka chegaradan tovar olib o‘tish yana qiyinlashganini aytishdi:

- Orgtexnika bo‘lsa yoki bir xil moldan ko‘p miqdorda bo‘lsa o‘tkazmayapti. Bir hafta oldin bemalol o‘tkazayotgan edi. Tushunolmay qoldik, - dedi 9 yanvar kuni Qozog‘istondan O‘zbekistonga G‘ishtko‘prik nazorat-o‘tkazish punkti orqali mol olib o‘tishga uringan o‘zbekistonliklardan biri.

Ozodlik bu holat yuzasidan tushuntirish so‘rab, O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasiga bog‘langanida bojxona mulozimi qo‘shni davlatlardan shaxsiy foydalanish uchun olib kirilayotgan tovarlarga qo‘yilgan 10 dollarlik cheklovni hech kim bekor qilmaganini aytdi.

- 10 dollarlik cheklov bekor qilinmagan. Qonun bo‘yicha O‘zbekiston prezidentining 1118 – sonli 2009 yilda chiqqan qarori hali kuchda. U qaror o‘zgartirilgani haqda bizga ma’lumot kelmadi. Agar kimdir Qozog‘istondan 10 dollardan oshiqroq miqdorda shaxsiy foydalanish uchun mol olib kirmoqchi bo‘lsa, belgilangan tartibda boj to‘laydi, - dedi bojxona mulozimi.

O‘tgan hafta Qozog‘istondan 1000 dollargacha miqdordagi tovarlarni olib kirishga ruxsat berilgani, O‘zbekiston prezidentining 1118 – sonli 2009 yilda chiqqan qaroriga o‘zgartish kiritish masalasi ko‘rilayotgani haqda Gazeta.uz nashri ham xabar bergan va nashr muxbiri "G‘isht ko‘prik" ("Chernyaevka") chegara punktida bunga shaxsan amin bo‘lgani haqda yozgandi.

Ozodlik bog‘langan G‘ishtko‘prik nazorat-o‘tish punktidagi bojxonachilar ham 1000 dollargacha bo‘lgan tovarlarni dekloratsiya to‘ldirmasdan olib o‘tish mumkin ekanini aytishgan, biroq bunga biror hujjatni asos sifatida keltirishmagan edi.

Қозоғистондан Ўзбекистонга 1000 долларгача маҳсулот олиб кириш мумкин
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:50 0:00

Chegaraning Qozog‘iston tomonida joylashgan bozordagi narx-navoning Toshkent shahri va viloyati bozorlaridan 30-40 foiz arzonligi sabab o‘zbekistonliklar bozor-o‘charga Qozog‘istonga borishadi.

Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidan mol olib o‘tish erkinlashganidan so‘ng chegaraning Qozog‘iston tomonidagi bozorga boruvchilar ko‘paygani va u yerdagi narx-navoning ko‘tarilishiga olib kelgani aytilmoqda.

- Chegara ochildi, deb hamma Qozog‘iston bozoriga yopirildi. Qop-qop un, yashik-yashik yog‘, orgtexnika, televizor olib o‘tuvchilar ko‘paydi. Hamma endi Toshkentda narx-navo arzonlaydi, deb turuvdi, unday bo‘lmadi. Qaytanga Qozog‘iston tomondagi, chegaraga yaqin bozorda narx-navo ko‘tarilib ketdi. Shuning uchun ko‘pchilik ichkariroqdagi bozorlarga yoki Chimkentga borishyapti. Qozog‘iston bojxonachilari ham har bir qopga 10 dollar so‘raydigan bo‘lib qolgan. O‘zbekiston tomonida g‘am hozir ko‘proq narsa bo‘lsa tekshiryapti. Bir hafta oldin bemalol edi, hozir unday emas - deydi Qozog‘istonga mol olib kelish uchun doim borib turadigan toshkentlik tujjorlardan biri.

O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan iste’mol tovarlari olib kirish O‘zbekiston prezidentining 2009 yil, 1 iyuldagi 1118-sonli qarori bilan tartibga solinadi.

Ichki iste’mol bozorini himoya qilishni yanada kuchaytirish va jismoniy shaxslar tomonidan respublikaga iste’mol tovarlarini olib kirishni tartibga solish haqidagi shu qarorda qo‘shni davlatlardan shaxsiy foydalanish uchun jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonga bir yo‘la olib kiriladigan import iste’mol tovarlarining boj to‘lovlari olinmaydigan umumiy qiymati 10 AQSh dollaridan oshmasligi kerak.

Toshkentlik iqtisodchi va tadbirkor Jahongir Shosalimov O‘zbekistonga chetdan keladigan iste’mol va oziq-ovqat maxsulotlariga boj tariflari yuqoriligi, O‘zbekistonning o‘zi esa aholisini shu maxsulotlar bilan ta’minlab berolmayotgani sabab narx-navo qo‘shni davlatlardagiga qaraganda yuqori ekanini aytadi:

- O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi aholi soni jihatdan eng katta davlat. Shu jihatdan katta iste’mol bozori desak bo‘ladi. Lekin, hukumat bu bozorga chetdan mol olib keluvchilarga boj tariflarini ko‘tarib qo‘ygan. O‘zidagi ishlab-chiqarish salohiyati 30 million aholini extiyojini qondiradigan darajada emas. Ya’ni talab katta, taklif oz. Tabiiyki bunday holatda narx- navo yuqori bo‘ladi, - deydi Jahongir Shosalimov.

O‘zbekiston esa 10 dollarlik cheklovni hali-beri bekor qilmoqchi emas, aftidan.

Toshkent chegaradan $10 ko‘p mahsulot olib o‘tishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilmasligi to‘g‘risida Toshkentda 13 dekabr kuni o‘tgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston biznes forumida Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov ma’lum qilgan edi.

Adham Ikromov chegaradosh davlatlardan aholining O‘zbekistonga 10 dollardan ortiq mahsulotlar olib kirishiga qo‘yilgan cheklov olib tashlanadigan bo‘lsa, Qirg‘iziston bilan “chelnok biznesi” rivojlanib ketishini aytgan edi.

“Biz bu miqdorni ko‘paytirishimiz mumkin, biroq Qirg‘iziston bilan munosabatlarimizda chelnok biznesini rivojlantirishni istamaymiz. Bunday biznesdan chegara oldi hududlari faqat zarar ko‘radi. Buni Polsha va Ukraina yoki Rossiyaning Kaliningrad viloyati misolida ko‘rishimiz mumkin. Bu biz ko‘zlagan yo‘l emas”, - degan edi Adham Ikromov Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Artem Novikovning bu masalani ko‘targaniga javoban.

XS
SM
MD
LG