Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:15

Huquqshunos: Ichib qo‘lga tushgan haydovchilarni o‘z saytida sazoyi qilish bilan IIIB qonunni buzdi


Toshkent shahar IIBB rasmiy sayti.
Toshkent shahar IIBB rasmiy sayti.

Toshkent shahar IIBB rasmiy saytida 8 yanvar kuni mast holatda transport vositasini boshqargani aniqlangan 19 haydovchi suratini ismi-familiyasi bilan birgalikda e’lon qilindi.

Toshkentlik haydovchilar orasida “sharmanda taxtasi” sifatida nom chiqargan bu sahifada ichib qo‘lga tushgan toshkentlik haydovchi ayollarning suratlari va avtomashinalari ham ko‘rsatilgan.

"Qora taxta"ga ilinganlar norozi

Ozodlik IIIB saytida surati “ichib mashina haydagani” uchun e’lon qilingan Z. ismli 28 yashar toshkentlik ayol bilan gaplashdi. Ayol qoidabuzalik qilganini tan olgan holda¸ surati IIB saytiga qo‘yilganidan noroziligini bildirdi:

- Mayli, tan olaman tug‘ilgan kun tadbirida ozroq ichuvdim. Bu ishim uchun jarima to‘lashga roziman. Lekin meni sharmanda qilib rasmimni chiqarib sazoyi qilganlaridan xafaman. Ishxonadiglar ham tanish bilish¸ qo‘ni-qo‘shinlar ham ko‘rishgan. "Voy, anavi alkash ayol", deb orqavorotdan gapirishganini ham eshitdim¸ men noroziman, - dedi suhbatdosh.

IIIB bu holatni "samarali" deb biladi

Ozodlik Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga telefon qilib bu holat yuzasidan izoh so‘radi. O‘zini "YHXB mulozimi", deb tanishtirgan xodim “ichuvchilar va boshqa qoidabuzarlar rasmini chiqarish jinoyat oldini olishda samara berayotganligini" ta’kidladi:

- Uyat bo‘lsa, ichib mashina haydamasin. Ichib yurishga uyalishmaydi¸ rasmini chiqarishsa uyalib qolishibdimi? Ichib yurib qancha-qancha odamlarni o‘ldirib yuborishyaptiyu rulda o‘tirib¸ dedi IIIB mulozimi.

Toshkent shahar IIIB nashrida ichgan yoki boshqa qoidabuzarlardan tashqari¸ mashina o‘g‘irligi¸ qotillik va jinsiy tajovuzda ayblanib qo‘lga olinganlar fotosuratlari ham e’lon qilingan. Bu suratlar ustida “Jinoyatchi qo‘lga olindi”, degan yozuv turibdi.

Aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilinmagan

Toshkentlik taniqli advokat Sergey Mayorovning 10 yanvar kuni Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ “hali sud tarafidan aybi e’tirof qilinmagan shaxslarni jinoyatchi deyish¸ ulardan so‘ramasdan rasmini e'lon qilish aybsizlik prezumpsiyasiga zid holatdir”.

Advokatga ko‘ra¸ “sharmanda taxtasida” rasmi qo‘yilganlar IIIB ni sudga berib bemalol tovon undirishi mumkin:

- Voqea 8 yanvarda bo‘lgani hisobga olinsa, ichib tushgan qoidabuzarlar ustidan hali sud hukm ham chiqarmagan. Ammo IIBB saytida ularning aybdor qiyofadagi surati turibdi. Bu mavjud qonunchilikka zid, - dedi huquqshunos.

Ruhiy zarba uchun kim javobgar?

Toshkentlik psixolog vrach Shahnoza Hakimova Ozodlik bilan 10 yanvar kungi suhbatda rasmi “sharmanda taxtasiga” ilingan kishilarga yetkazilgan ruhiy zarba oqibatlari haqida gapirdi.

- Odamlarni izza qilib tarbiyalash instituti rivojlangan dunyoda ishlatilmay qo‘yilganiga ancha bo‘ldi. Izza qilish¸ sazoyi qilish mavjud muammoni hal qilmasligini mutaxassislar tushunib yetgan. Ichish yomon, lekin ichgan ayollarni sharmanda qilish undan ham yomon. Bu sharmandalik ular ruhiga katta zarba berishi mumkin. Buning oqibatida o‘z joniga qasd qilish yoki depressiyaga tushish ehtimoli katta. Bir so‘z bilan aytganda, Toshkent shahar IIIB qo‘llayotgan “sazoyi” uslubini samarasiz va inson huquqlariga zid deb bilaman¸ dedi Toshkentlik psixolog vrach Shahnoza Hakimova.

Qoidabuzar va bezorilar suratini "sharmanda taxtasi"ga ilish tajribasi Sovet davrida joriy qilingan edi.

XS
SM
MD
LG