Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:28

MXX yerto‘lasidagi jurnalist B.Abdullaev oilasi bilan uchrashtirildi


Milliy xavfsizlik xizmatining (MXX) Toshkentdagi tergov izolyatorida saqlanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaev 10 yanvar kuni onasi, rafiqasi va farzandlari bilan uchrashtirildi. Huquq faoli Sur’at Ikromovga ko‘ra, 25 daqiqalik uchrashuv MXX xodimi ishtirokida o‘tgan. Oilasi jurnalistning sog‘ligi yaxshi ekani, ahvolidan shikoyat qilmaganini aytmoqda.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning xabar qilishicha, qariyb 4 oydan beri MXX hibsxonasida qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaev bilan uchrashuv 10 yanvar kunduzgi soat 16:30da bo‘lib o‘tgan.

Huquq faoliga ko‘ra, bir kun avval jurnalist ishini tergov qilayotgan MXX katta tergovchisi Nodir To‘raqulov nomidan bog‘langanini bildirgan xavfsizlik xizmati xodimi uchrashuvga ruxsat berilgani haqida Bobomurod Abdullaevning rafiqasiga xabar bergan.

"Birinchi bo‘lib 10 minutlik uchrashuvga jurnalistning onasini kiritishdi, keyin rafiqasi, 15 yashar o‘g‘li Alixon va 11 yashar qizi Faridani kiritishdi. Uchrashuvdan Bobomurod xursand bo‘ldi, bolalari, xotini va onasi yig‘ladi, uchrashuv 25 minut davom etdi", - deb xabar qildi Sur’at Ikromov.

Sur’at Ikromovga ko‘ra, jurnalist ustidan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi va tergov hujjatlari hozircha prokurorga taqdim qilinmagan. Shuningdek, qachon sud boshlanadi va mahkama qaerda o‘tkaziladi kabi savollarni ham MXX xodimlari ochiq qoldirgan.

Ayni paytda, huquq faoli buni MXX erto‘lasiga tashlangan mahkumning oilasi bilan uchrashtirilganiga oid ilk holat, deb xabar qildi.

Quyida huquq faoli bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:40 0:00
Бевосита линк

Bobomurod Abdullaevning oilasi uchrashuv bo‘lib o‘tgani, jurnalistning ahvoli yaxshi ekanini tasdiqladi, ammo intervyu berishni istamadi.

Bunga qadar jurnalistning onasi Gavharjon Madaminova o‘g‘lining ozod qilinishida yordam so‘rab, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga bir necha videomurojaat yo‘llagan edi.

44 yoshli jurnalist Bobomurod Abdullaev bir qator mustaqil nashrlar¸ xususan "Farg‘ona” axborot agentligi bilan hamkorlik qilgan¸ shuningdek, sport sharhlovchisi sifatida ham tanilgan.

27 sentabr kuni ta’mirga bergan mashinasini ustaxonadan olish uchun uyidan chiqib ketganicha bedarak yo‘qolgan Abdullaevning oradan bir kun o‘tib Toshkentdagi Milliy xavfsizlik xizmati izolyatorida ekani ma’lum bo‘ldi.

1 oktabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi jurnalistga nisbatan Jinoyat Kodeksining 159-band 4-qismi bilan ayblov e’lon qildi.

Jurnalist rasman 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Chegara bilmas muxbirlar, Xalqaro Pen klub, Amnesty International va Human Rights Watch tashkilotlari jurnalist Bobomurod Abdullaevni ozod qilish talabi bilan chiqqan.

XS
SM
MD
LG