Линклар

Шошилинч хабар
16 август 2018, Тошкент вақти: 01:59

"O‘zbekiston havo yo‘llari"da yarim yilda ikkinchi rahbar almashdi


O‘zbekiston havo yo‘llari samolyotlari

Olti oy muqaddam "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi rahbari etib tayinlangan Ulug‘bek Ro‘ziqulov egallab turgan vazifasidan ketdi. Aviakompaniya xodimi Ozodlikka Ulug‘bek Ro‘ziqulov 22 yanvarda o‘z ixtiyori bilan vazifasidan ketganini ma’lum qildi. Ulug‘bek Ro‘ziqulov o‘rniga uning aviakampaniyadagi muovini Baxtiyor Hakimov tayinlandi.

Islohot

O‘zbekiston bosh vaziri muovini bo‘lgan Ulug‘bek Ro‘ziqulov 2017 yilning avgustida 2002 yil iyunidan buyon aviakompaniyaga rahbarlik qilib kelgan Valeriy Tyan o‘rniga aviakompaniya bosh direktori etib tayinlangandi.

Ulug‘bek Ro‘ziqulov aviakampaniya rahbarligiga kelishidan bir necha kun o‘tib, Ozodlik bilan suhbatlashgan aviakampaniya mulozimlaridan biri yangi rahbarga milliy aviakompaniyada jiddiy strukturaviy islohot qilish topshirig‘i qo‘yilganini bildirgan edi.

Ulug‘bek Ro‘ziqulov bosh direktor etib tayinlanishidan bir necha kun o‘tib "yaxshi o‘zgarishlar" boshlandi, deydi aviakampaniya xodimi Ozodlik bilan 23 yanvar kungi suhbatda.

"Olti oy ichida yaxshi o‘zgarishlar bo‘ldi. Aeroportdan chiqish paytida yo‘lovchilarning ushlab turilmayotganining o‘zi katta gap. Ro‘ziqulov mavjud texnikalarni ta’mirlashga mablag‘ topa bildi, ta’mirlash korxonalarini qayta tiklay boshladi, aviatsiya biznesini rivojlantirishni boshlab yubordi," dedi "O‘zbekiston havo yo‘llari" xodimi o‘zini oshkor qilmaslik sharti bilan.

U islohotlar so‘nggi vaqtlarda jamoatchilik tomonidan aviakompaniya nomiga bildirilgan tanqidlar manzarasida boshlanganini e’tirof etdi.

Ulug‘bek Ro‘ziqulov rahbar etib tayinlanishidan bir oy o‘tar-o‘tmas "O‘zbekiston havo yo‘llari" O‘zbekistondan barcha yo‘nalishlardagi o‘z reyslariga aviachiptalarni milliy valyutada sotishni boshladi.

Lekin "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgani aytiladi.

2013 yilda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi uchta Airbus A-310 va uchta RJ-85 rusumidagi uchqichni kim oshdi savdosiga qo‘yganini e’lon qilgan edi.

O‘shanda ixtiyorida jami 31 ta uchqich borligi aytilgan aviashirkat bunday choraga¸ mutaxassislar ta’kidicha¸ zararga ishlab kelayotgani¸ o‘z aviaparkiga texnik xizmat ko‘rsata olmay qolgani¸ lizingga olingan G‘arb samolyotlari uchun olgan ulkan qarzlarini vaqtida qaytara olmay qolgani bois¸ qo‘l urgan edi.

Ammo milliy aviashirkat o‘z moliyaviy-iqtisodiy avholining abgorligini biror marta jamoatchilik oldida e’tirof etgan emas.

Yangi rahbar

45 yashar Baxtiyor Hakimov mehnat faoliyati butunlay "O‘zbekiston havo yo‘llari" bilan bog‘liq.

U 1994 yilda Toshkent Davlat sharqushoslik instituti xalqaro iqtisodiy aloqalar fakulteti arab iqtisodiyoti tamomlagan.

Taniqli arabshunos olim Ibragim Musaevich Hakimovning o‘g‘li bo‘lgan Baxtiyor Hakimov uzoq yillar davomida aviashirkatning turli xorijiy idoralarida ishladi.

Jumladan, bir necha yil davomida aviakompaniyaning Qo‘shma Shtatlardagi vakolatxonasiga rahbarlik qildi.

2017 yilda "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi bosh direktori muovini etib tayinlangunga qadar bir necha yil Toshkent Xalqaro aeroporti direktori vazifasini bajardi.

Ozodlik suhbatlashgan aviakompaniya xodimiga ko‘ra, ko‘p yillik tajribaga ega yangi rahbar jamoa orasida katta obro‘ga ega.

"Rejalar ko‘p. Umid qilamizki, islohotlar davom etadi," dedi aviakompaniya xodimi.

XS
SM
MD
LG