Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:53

25 yillik tanaffusdan so‘ng poraxo‘r hokim hajv qilingan “Revizor” o‘zbek sahnasiga qaytdi


"Revizor" spektakli Qozog‘iston sahnasida ham qo‘yilgan
"Revizor" spektakli Qozog‘iston sahnasida ham qo‘yilgan

Toshkentdagi O‘zbek milliy akademik teatri va Toshkent davlat operetta teatrida buyuk rus dramaturgi Nikolay Gogolning "Revizor” asari qo‘yildi.

O‘zbekistonlik teatr rejissyori va munaqqid Jo‘rabek Ro‘zmetovning aytishicha¸har ikkala spektaklga yangicha yondashilgan:

- Millliy teatrda bu to‘rtincha marta sahnalashtirilmoqda. O‘rtada 25 yilcha tanaffusdan keyin taniqli rejissyor¸ O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sergey Kaprielov zamon talabini his qilgan holda Gogol zaharhandasini aks ettiradigan sahna asari yaratdi. Kaprielov bu asarga yangicha yondashib¸ Gogol obrazini ham kiritdi. Menimcha¸ yaxshi chiqdi. Katta pul va qunt sarflangani ko‘rinib turibdi. Operetta teatri esa “Xlestakovning uylanishi” degan spektaklda Gogolning birdaniga ikki asarini birlashtirib talqin qildi. Ya’ni “Revizor” va “Uylanish” asarlarini ¸ deydi Jo‘rabek Ro‘zmetov.

Kassabop komediya

O‘zbekiston Milliy teatrining moliyaviy masalalar bo‘yicha mulozimi Ozodlik muxbiriga “Revizor” komediyasiga biletlar yaxshi sotilaëtganini bildirdi:

- Bu ham bir ko‘rsatkich. Odamlar jiddiy va pishiq asarlarni sog‘inib qolganini sezdim. Biz bu spektaklga to‘rt oy mobaynida pul sarfladik. 19-asrdagi Rossiyada kiyilgan liboslarni aynan bo‘lishini ta’minladik. Teatr garderobdan boshlanadi, degan gapga amal qilib, barcha sharoitni zo‘r qilib qo‘ydik. Bu ishimizni tomoshabin minnatdorlik bilan qarshiladi, deydi o‘zini tanishtirmagan teatr mulozimi.

Rahbariyat istagi

Toshkentlik san’atshunos Akmal Rizaev o‘zbek teatri repertuarlarida Gogol asarlarining paydo bo‘lishini yangi rahbariyat istagining aynan ijobati deb baholadi:

-O‘tgan yili Mirziyoev san’atkorlar bilan uchrashganda¸ Nabi Rahimov ijrosidagi Xlestakovni (“Revizor” asari bosh qahramoni -tahr.) eslab¸ nega shunday asarlar qo‘yilmaydi¸ nega yengil-yelpi maishiy muammolar bilan tomoshabinni aldaysizlar¸ deb aytganidan keyin teatr rahbarlari bu ishga qo‘l urdi. Bir tarafdan yaxshi¸ ikinchi tarafdan esa tashabbus nega pastdan chiqmadi¸ deb xafa ham bo‘ldim. Milliy teatrda spektaklni yaxshi o‘ynashgan. Ayniqsa¸ Luka Lukichning xotinini o‘ynagan Mahfuza Bobotillaeva ijrosi qoyilmaqom bo‘lgan¸ deydi Rizev.

Bugungi hokimlar uchun ko‘zgu

Spektakldagi Bobchinskiy rolini o‘ynagan O‘zbek milliy akademik teatri artisti Sherzod Abduvalievning 6 fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda ta’kidlashicha¸ “poraxo‘r hokim hajv qilingan “Revizor” asari 1834 yili yozilgan bo‘lsa ham¸ bugun uchun dolzarb:

- Hamma yoqda korrupsiya deyilayapti¸ poraxo‘r hokimlar haqida yozilayapti. Biz esa buni teatrda namoyish qilayapmiz. 19-asrdagi revizorni pora bilan og‘zini yopmoqchi bo‘lganlarni aks ettirgan paytimizda bizni tomosha qilaëtganlar bugun hokimlarni ko‘z oldiga keltirmoqda. Teatr o‘zining maktab roliga qaytib jamiyat fikrini shakllantirishga kirishganidan xursandman¸ deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston Milliy teatrining “Revizor” spektaklidagi Xlestakov rolini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Fatxulla Masudov, Rixsitilla Abdullaev va Ixtiyor Otajonovlar galma-galdan o‘ynashadi.

19-asrda yashagan tanqidchi Belinskiy "Revizor”ning g‘oyasini "vijdonga xilof ish ko‘rgan odamlar qo‘rqishining talvasasidir” deb ta’riflagan edi.

Adashgan jamiyat haqidagi hikoya

Toshkentlik munaqqid Akmal Rizaevning Ozodlikka bildirishicha¸ bu asar Milliy teatrda to‘rtinchi marta sahnalashtirilgan:

- Oxirgi martda 1992 yilda o‘ynalgan edi. Hozir AQShda istiqomat qiladigan Bahrom Matchonov Xlestakov rolini ijro qilgan edi. Keyinchalik ma’naviyatimizga zid¸ deya bu asar repertuardan tushib qoldi. 1999 yili Xorazmdagi Ogahiy teatri bu spektaklni sahnalashtirganida viloyat hokim o‘rinbosari Botir Rahimov bu asar namoyishini taqiqlab qo‘ygan edi. Tasdif bilanmi¸ sal o‘tmay teatr direktori¸ dramaturg Quronboy Matrizaev afisha yopishtiruvchidan pora oldi¸ degan ayb bilan sudga ham tortildi. Shundan keyin hech kim bu spektaklga qo‘l urmay qo‘ygan edi. “Revizor” muallifi Nikolay Gogol o‘z asarining "bir kishi haqida emas, balki to‘g‘ri yo‘ldan adashgan butun bir jamiyat haqida” ekanligini aytgan edi. Biz keyingi 25 yil paytida adashgan jamiyat degan qolipga sig‘adigan bo‘ldik va bu asarning bugun qo‘yilganini ma’qullayman¸ dedi munaqqid Rizaev.

XS
SM
MD
LG