Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:40

Ozodlik tekshiruvi xulosalari Shved matbuotining bosh xabariga aylandi


Rahmat Oqilov
Rahmat Oqilov

Zamonaviy Shvetsiya tarixida sodir etilgan eng yirik terror hujumi yuzasidan Ozodlik tekshiruvi va undagi xulosalar 9 fevralda Shved matbuotining bosh xabariga aylandi.

Ozodlik va Shvetsiyaning TT axborot agentligi birga o‘tkazgan tekshiruv 2017 yil 7 aprelda Stokgolm markazida terror hujumini sodir etgan shaxs o‘zini “Islom davlati” (ID) deb atovchi terror tashkilotining tojikistonlik jangarilari bilan uzluksiz aloqada bo‘lganini aniqladi.

Aloqa

Ozodlikning o‘zbek va tojik xizmatlari hamda Shvetsiyaning eng yirik – TT axborot agentligi tekshiruvlariga ko‘ra, Stokgolmdagi terror hujumini sodir etganiga iqror bo‘lgan o‘zbekistonlik Rahmat Oqilov IDning yuqori rutbali tojik jangarilari bilan hujumdan oldin, hujum paytida va hujumdan keyin to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqada bo‘lgan.

Tekshiruv natijalari Shvetsiyadagi o‘nlab eng yirik televizion va radio kanallar, gazeta va jurnallarda yoyinlandi.

Shvetsiyadan boshpana so‘ragan 39 yashar Rahmat Oqilov yuk mashinasini o‘g‘irlash va uni Stokgolьm markazidagi Drottengattan ko‘chasida borayotgan olomon ustiga haydashi oqibatida besh odamni o‘ldirish va yana 15 odamga jarohat yetkazishda ayblanmoqda.

Oradan besh soat o‘tib qo‘lga olingan Rahmat Oqilov, politsiyaga ko‘ra, ertasi kuni aybiga iqror bo‘lgan.

Озодлик фильми: Раҳмат Оқиловни террор ҳужуми пайтида ким бошқарган эди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:53 0:00

"Terrorga aloqador shaxslar"

Shvetsiya bosh prokuraturasi 30 yanvarda Rahmat Oqilovni rasman terror hujumini sodir etishda aybladi.

Shvetsiya politsiyasi ham tergov surishtiruv ishlari natijalarini jamoatchilikka oshkor etdi.

O‘n oycha davom etgan tergov ishi 9 ming sahifadan iborat hisobotga jamlangan.

Unda Rahmat Oqilovning hujumgacha, hujum payti va undan keyingi har bir qadami birma-bir bayon etilgan.

Hisobot xulosalariga ko‘ra, Shvetsiya politsiyasi Oqilovning mobil telefonidagi Telegram va Zello kabi muloqot aplikatsiyalaridan “terrorga aloqador” bir necha shaxs bilan muloqotda bo‘lganini aniqlagan.

Shvetsiya politsiyasi Rahmat Oqilov hujumni yakka o‘zi amalga oshirmaganini bildirdi.

Hisobotga ko‘ra, Rahmat Oqilov aloqa qilgan “terrorga aloqador” shaxslarning faqat bir nafari Shvetsiyada, qolganlari esa chet elda bo‘lgan.

Lekin ularning asl ism va familiyalari oshkor etilmadi.

Shvetsiya xavfsizlik politsiyasi ularning asl shaxsini aniqlash qiyin bo‘layotganini e’tirof etdi.

Kontaktlarni topish qiyin, ular sirli laqablar va yopiq chatxonalardan foydalanishadi. Biz ularning shaxsi va joyini aniqlashga qaratilgan jumboqni yechayapmiz, ammo bizdagi ma’lumotlarga tayanib shaxsni aniqlash qiyin,” dedi Shvetsiya xavfsizlik politsiyasi SAPO boshlig‘i Yohan Olsson.

Ozodlik xulosalari

Ozodlik Rahmat Oqilov muntazam suhbatlashgan, uni hujum paytida yo‘naltirib turgan va hatto hujumdan keyin aloqada bo‘lgan shaxslar IDning bir nafar dog‘istonlik va bir necha nafar tojikistonlik qo‘mondoni va da’vatchisi ekanini aniqlashga muvaffaq bo‘di.

Ozodlik tekshiruvi Tojikiston huquq tartibot idoralaridagi manbalar, Rahmat Oqilovning mobil telefonida topilgan hujjat va ma’lumotlar tahlili hamda Shvetsiyadagi jurnalistlardan olingan ma’lumotlarga asoslangan.

Tekshiruv chog‘ida dastlab quyidagilar aniqlandi:

-Rahmat Oqilov ZELLO tarmog‘ida asosan IDning tojikistonlik jangarilari jam bo‘lgan “Rahnamo ba sui xilofati islomi” (“Islomiy xalifalik sari”) nomli guruh a’zosi bo‘lgan;

- Telegram va Zello tarmog‘ida IShID a’zolari bilan yozishmalar qisman rus va o‘zbek, lekin asosan tojik tilida bo‘lgan;

- Tojik tilidagi yozishmalarda Rahmat Oqilov Samarqand, jangarilar esa Tojikiston shevalarini qo‘llashgan;

- Rahmat Oqilov bilan muloqotda bo‘lganlar laqablari Tojikiston va Rossiyada qidiruvda bo‘lgan jangarilar tomonidan qo‘llanilgan;

- Ayni laqabdagi jangarilarning chiqishlarini Zello, YouTube kabi tarmoqlar orqali Ozodlik muxbirlari bir necha yildan buyon kuzatib kelgan.

Piramida

Ozodlik to‘plagan hujjat va dalillar, Ozodlikning ishonishicha, Rahmat Oqilov sodir etgan terror hujumi ortida Suriya va Iroqda ekani ishonilgan bir nafar rossiyalik va bir necha nafar tojikistonlik jangari turganini yaqqol ko‘rsatdi.

Ozodlik xulosalari yana quyidagilardan iborat:

Jangarilar Oqilovni terror hujumiga tayyorlashgan va hujum paytida unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turishgan.

Tergov chog‘ida Oqilov o‘zi bilan muloqotda bo‘lganlarning faqat laqablari orqali taniganini aytgan.

Rahmat Oqilov "Islom Davlati"ga dastlab "Abu Fotima" orqali bayat qilgan
Rahmat Oqilov "Islom Davlati"ga dastlab "Abu Fotima" orqali bayat qilgan

Ammo, Ozodlik Rahmat Oqilov “Abu Dovud” laqabli asli dushanbelik 30 yashar Parviz Saidrahmonov da’vatlaridan ruhlanganini aniqladi.

Prokuratura hisobotiga ko‘ra, Rahmat Oqilov ko‘p marta Youtube tarmog‘iga qo‘yilgan "Abdu Dovud" da’vatlarini tomosha qilgan.

Rahmat Oqilov “Abu Fotima” taxallusli 30 yashar dog‘istonlik Arsen Muhojirov bilan yaqin aloqada bo‘lgan.

Ular o‘zaro rus tilida suhbatlashishgan.

Ozodlik Shved jurnalistlari yordamida uning Rossiya tomonidan xalqaro qidiruvga berilganini aniqladi.

Shvetsiya prokuraturasi hisobotidagi “Abu Fotima” surati va Rossiya tomonidan Interpolga qidiruvga berilgan Arsen Muhajirov surati qiyoslanganda ikki surat bir shaxsga taalluqli ekanligi aniqlandi.

Rahmat Oqilov Islomiy Davlatga birinchi bo‘lib aynan “Abu Fotima” orqali bayat qilgan.

2017 yil 14 martdan 8 aprelga qadar Rahmat Oqilov va “Abu Fotima” o‘rtasida jami 242 marta muloqot bo‘lgan.

Rahmat Oqilov "Abu Umar" bilan muntazam yozishib turgan
Rahmat Oqilov "Abu Umar" bilan muntazam yozishib turgan

Shved prokuraturasi xulosalarida, “Abu Umar Forsiy” va “Tog‘utshikan” laqablari bilan tanilgan jangari - 26 yashar, Tojikistonlik Farhod Hasanovdir.

Ozodlik tojik xizmati “Abu Umar”, “Abu Umar Forsiy” va “Abu Umar Tojikiy” laqablari bilan tanilgan Farhod Hasanov haqida ilk bor - Stokgolm hujumidan uch yil muqaddam - 2015 yil 15 yanvarda maqola yozgan.

Oqilov hujumdan keyin ilk suratni "Abu Umar" va "Abu Usoma Norakiy"ga yo‘llagan
Oqilov hujumdan keyin ilk suratni "Abu Umar" va "Abu Usoma Norakiy"ga yo‘llagan

U Tojikiston Ichki ishlar vazirligi saytida 2015 yilning aprelidan boshlab qidiruvda.

Rahmat Oqilov Shvetsiya tergovchilariga hujumni sodir etishdan oldin, hujum paytida va hujumdan keyin "Abu Umar" bilan doimiy aloqada bo‘lganini tan olgan.

Shvetsiya prokuraturasiga ko‘ra, Rahmat Oqilov va “Abu Umar” 57 marta muloqot qilgan.

Oqilov jangarilar yo‘rig‘i bilan qo‘lbola bomba yasagan
Oqilov jangarilar yo‘rig‘i bilan qo‘lbola bomba yasagan

Terror hujumini sodir etayotgan lahzalarda Oqilovni “Abu Umar”dan tashqari yana bir jangari “Abu Usoma Norakiy” yo‘naltirib turgan.

Tojikiston rasmiylari, asl ismi Tojiddin Nazarov bo‘lgan “Abu Usoma Norakiy”ni “Islom davlati” saflaridagi eng xatarli targ‘ibotchi deb ataydi.

Oqilov "Abu Usoma Norakiy"ni o‘zining "amiri" deb atagan
Oqilov "Abu Usoma Norakiy"ni o‘zining "amiri" deb atagan

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi maxsus kuchlari – OMONning sobiq qo‘mondoni 42 yashar polkovnik Gulmurod Halimov.

2015 yil bahorida Islom davlati saflariga qo‘shildi Halimov 2016 yil o‘rtalarida uning "Urush vaziri" etib tayinlangan.

Ozodlik qo‘lida Halimovning hujumga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadorligini tasdiqlovchi aniq dalil yo‘q.

Ammo, tilga olingan jangarilarning o‘tmishda sobiq polkovnik bilan yaqin aloqada bo‘lgani va Islom Davlati tashkilotining harbiy tuzilma ekani inobatga olinsa, piramida ustida aynan Gulmurod Halimovning turgan bo‘lishi ehtimoli kattadir.

Tojikiston IIV munosabati

Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Ozodlikka yozma javobda Shvetsiya rasmiylari Oqilovning IDning tojik jangarilari bilan bo‘lgan aloqalari yuzasidan rasmiy Dushanbega hamkorlik taklifini qilmaganini aytdi.

Ismlari zikr etilganlardan vazirlik faqat Norak shahri yashovchisi Nazarov Tojiddin Mahmadrahimovich bo‘lgan "Abu Usoma Norakiy" haqida ma’lumotga ega. Tojiddin Nazarov Suriya va Iroqdagi janglarda ishtirok etgan va ayni paytda rasmiy qidiruvdadir. Uning o‘lgani yoki tirikligi haqida ma’lumot mavjud emas. Zikr etilgan boshqa nomlar haqida shuni qayd etish kerakki, bunday nomlar ko‘p va ularning ortida kimlar turgani bizga ma’lum emas,” - dedi Ramazon Rahimzoda Ozodlikka yozma javob berarkan.

Ammo, Ozodlik "Abu Usoma Norakiy"ning so‘nggi marta Zello tarmog‘i orqali 26 yanvarda chiqish qilganini aniqladi.

O‘zbekiston TIV bayonoti

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 14 aprelda o‘tgan matbuot anjumanida Oqilov 2014 yil O‘zbekistonni tark etib, Shvetsiyaga ketganini aytgan edi.

Komilov maxsus xizmatlardan olingan ma’lumotga tayanib, Oqilovni Shvetsiyada “Islom davlati” radikal guruhi yollaganini ham bildirgan.

“Islom davlati” Stokgolm markazidagi hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani yo‘q.

Rahmat Oqilov ustidan sud 13 fevralda boshlanishi kutilmoqda.

Agar Rahmat Oqilov aybdor deb topilsa, u bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG