Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2018, Тошкент вақти: 16:23

Ayrimlar Qur’on musobaqasi shaffof o‘tkazilmayotganidan shikoyat qilmoqda


"Qur’oni Karim" musobaqasi logosi

O‘zbekistonda 15 yanvarda boshlangan Qur’oni Karim tilovati bo‘yicha Respublika qorilar ochiq musobaqasida tanish-bilishchilik va musobaqa qoidalarini buzish hollari kuzatilayotgani haqida Ozodlikka talay shikoyatlar kelib tushmoqda.

Shikoyat qilganlar iddaosiga ko‘ra, shahar, tuman va viloyat bosqichidagi musobaqalar natijalarini e’lon qilishda shaffoflik kuzatilmayotir.

Musobaqa tashkiliy qo‘mitasi raisi Ozodlik bilan suhbatda, agar musobaqa qoidalari buzilgani aniqlansa, zaruriy choralar ko‘rishga va’da berdi.

Tashkiliy qo‘mitaning bildirishicha, musobaqada 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan to‘rt ming nafarga yaqin odam ishtirok etayotir.

"Tanish-bilishchilik"

Toshkent viloyat, Zangiota tumanida bo‘lib o‘tgan musobaqada tilovat yo‘nalishida qatnashgan Asadulla Sunnataliev Ozodlik bilan suhbatda g‘oliblarni e’lon qilishda "tanish-bilishchilik alomatlari" yaqqol bilinganini iddao qildi.

- Oxirida baho berish yoki ball berishda judayam nohaqlik bo‘ldi. Bu yerda yaxshi o‘qigan, ko‘pchilik qarsak chalgan, "ofarin" degan yangiyo‘llik bolalar qolib ketib, o‘zining tanish-bilishi bo‘lgan - qandaydir imomlarning bolalarimi yoki madrasa o‘qituvchisiningmi - o‘zlariga tegishli odamlarga baho berildi, - dedi Asadulla Sunnataliev.

39 yashar o‘qituvchi Asadulla Sunnatalievning ma’lum qilishicha, u Zangiotada bo‘lib o‘tgan musobaqa natijasidan shikoyat bildirib, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga murojaat qilgan.

- Shaxsan o‘zim diniy idoraga borib, shu musobaqa o‘tkazadigan komissiya a’zolariga ariza, murojaatnoma tashladim. Nohaqlik bo‘ldi, kerak bo‘lsa, birinchi o‘rinni olganni yana qaytadan imtihon topshirib, yana apellyatsiya qilaman, bahslashaman, deb edim, yo‘q, unaqasi ko‘rilmaydi, faqat videosini ko‘rib chiqamiz, deyishdi, - dedi Asadulla Sunnatullaev.

"Мусобақа ташкилотчилари устидан диний идорага шикоят қилдим"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:17 0:00
Бевосита линк

Madrasa talabasi

Ozodlik Zangiota tumanida qizlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqada Toshkentdagi "Xadichai Kubro" xotin-qizlar o‘rta maxsus Islom bilim yurti talabasi Azizaxon Qodir qizi Mo‘minova g‘alaba qozonganini aniqladi.

Musobaqa nizomiga ko‘ra, Islom bilim yurti talabalari, agar bilim yurtini bitirmagan bo‘lsalar, musobaqada qatnashish huquqiga ega emas.

"Xadichai Kubro" bilim yurti mudirasi Nozima Ibragimova Ozodlik bilan suhbatda o‘z talabasining bilim yurti nomidan qatnashmaganini bildirdi.

- Zangiota tumani bo‘yicha musobaqada chiqayotgani to‘g‘risida bizni ogohlantirgan edi. Aslida, bizning talabalarimiz o‘zimizning bosqichda ishtirok etishadi. Bizning qoriyalar guruhimiz bor. Shu qoriyalar guruhida chiqishi kerak aslida, - dedi Nozima Ibragimova.

"Хадичаи Кубро" бошлиғи: Бизда алоҳида мусобақа бор
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:50 0:00
Бевосита линк

Nozima Ibragimovaning otasi Qodir Hasanxo‘jaev Ozodlik bilan suhbatda qizining Qur’on tilovati musobaqasida mahalla nomidan ishtirok etganini tasdiqladi.

Tashkiliy kamchiliklar

Ozodlikka shikoyat qilganlardan birining aytishicha, Qur’oni Karim musobaqasini tashkillashtirishda kamchiliklar sezilib turibdi.

"Qur’on musobaqasini o‘tkazish kuni, ro‘yxatga olish kunlari hech bir internet saytida chop etilmadi. Faqat natijalarni internet saytlarida berishayapti. Ro‘yxatga olish jarayoni aynan usha tadbir o‘tkaziladigan kunda va o‘sha to‘yxonayu zallarning o‘zida qayd etilayapti," dedi Ozodlikka shikoyat qilganlardan biri.

Yana bir shikoyatchi, musobaqada shaffoflik yo‘q, deya iddao qildi.

"Bu yerda ochiqlik yo‘q. Ko‘pchilik musobaqa haqida eshitmagan va tayyorgarlik ko‘rmagan. Faqat tanishlaridan eshitib borishgan musobaqaga. Ayollarning ko‘pi tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmagan. Musobaqalar tez-tez o‘tkazilib ketilyapti, odamlarning fikrini hisobga olishmayapti," dedi u.

Toshkentning Sirg‘ali dahasida yashovchi Aziza Ahmedova Qur’on musobaqasida besh qizi ishtirok etgani, ularning barchasi oxirgi kunda hujjatlarini topshirishga ulgurganini aytdi.

- Ularni ro‘yxatga kiritishmagan ekan. Bechora qizlarim u yoqqa yugurib, bu yoqqa yugurib, hayajon bilan chiqishdi. Qizlarimdan ikkitasiga uchinchi o‘rinni berishdi. Aslida ovozlari judayam chiroyli edi, - dedi musobaqa natijasidan norozi bo‘lgan Aziza Ahmedova.

"Мусобақада беш қизим қатнашди, аммо..."
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:41 0:00
Бевосита линк

Va’da

Tashkiliy qo‘mita raisi Abdulhakim Matqulov Ozodlik bilan suhbatda mazkur shikoyatlarga izoh berarkan, agar musobaqa qoidalari buzilgani aniqlansa, zaruriy choralar ko‘rishga va’da berdi.

- Qur’oni Karim bizga halollikni o‘rgatadi, adolatni o‘rgatadi. Alloh asrasin, agar kimdir tanish-bilish qilib, o‘z shaxsiy manfaatini ustun qo‘yadigan bo‘lsa, Alloh o‘zi kifoya qiladi. Bizda ba’zi bir joylarda shunday tushunmovchiliklar bor. Ammo bizda musobaqa nizomiga asosan chiroyli qilib baholash tizimi bor, - dedi Abdulhakim Matqulov.

Қуръони Карим тиловати мусобақаси ташкилотчисининг ваъдаси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:59 0:00
Бевосита линк

Ayni paytda Ozodlik Toshkent shahar Olmazor tumanida ayol-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Qur’on musobaqasida tilovat yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni Abdulhakim Matqulovning qizi Munavvar Komiljonova egallaganini ​aniqladi.

Ayni tumanda o‘tkazilgan musobaqada hifz yo‘nalishi bo‘yicha 26-40 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 1-o‘rinni egallagan Gulrux Mahamedova esa, O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi boshlig‘ining muovini Abdulaziz Mansurning nevarasidir.

Qur’oni Karim tilovati bo‘yicha tuman va viloyat bosqichlari 2018 yil 20 martga qadar yakunlanadi.

Shundan so‘ng musobaqaning Respublika bosqichi boshlanadi.

Prezident Mirziyoev 2017 yil 1 sentabrda “Hazrati Imom” majmuasida davlat, jamoat va diniy soha xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi birgalikda Respublikada ommaviy suratda va turli bosqichlarda Qur’on qiroati musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Topshiriq ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi buyrug‘iga asosan 2018 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda Qur’on musobaqasini o‘tkazish belgilangan.

XS
SM
MD
LG