Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:30

Koson qamoqxonasida bir kunda 30 mahbusning qiynoqqa solingani iddao qilinmoqda


Karimov davrida O‘zbekistondagi tergov izolyatorlari va qamoqxonalarda qiynoqlarning sistematik ekani haqida BMT mutaxassislari ham hisobot hozirlagan.
Karimov davrida O‘zbekistondagi tergov izolyatorlari va qamoqxonalarda qiynoqlarning sistematik ekani haqida BMT mutaxassislari ham hisobot hozirlagan.

O‘zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi (JIEBB)ga qarashli 64/51 muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan 30 nafardan ortiq mahkum 4 yanvar kuni qamoqxona nazoratchilari tomonidan kaltaklangan va qiynoqqa solingan.

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi mazkur muassasada saqlanayotgan mahkumlar bilan ko‘rishib, gaplashgan ularning ota-onalari shunday iddao qilmoqda.

Asosan, o‘g‘rilik, bosqinchilik va bezorilikda ayblanib qamalganlar yaqinlarining aytishlaricha, mahkumlar badanida qiynoqlar izi borligiga shaxsan guvoh bo‘lishgan.

Ozodlik gaplashgan JIEBB rasmiysi¸ boshqarmada bunday iddaoni tasdiqlovchi ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

"Sovuqda yalang‘och qilib kaltaklashgan"

Ikki ukasi JIEBBning Koson tumanida joylashgan 64/51 muassasasida o‘g‘rilik uchun jazo muddatini o‘tayotgan Farrux Sobirov va Samandar Oripov opasining aytishicha, 8 yanvar kuni u ukalari bilan ikki kunlik uchrashuvga borganida ayanchli manzaraga duch kelgan:

- Ukalarim juda yomon ahvolda, ustida issiq kiyimi yo‘q, rezinka tapochkada chiqishdi. Boshlari yorilgan, badanlari ko‘karib ketgan edi. Ularning aytishicha, 4 yanvar kuni kechqurun soat yettidan tonggi to‘rtgacha 30 ta bolani izolyator xonasiga olib kirib, kiyimlarini yechtirib, yalang‘och qilgan va bitta-bitta rosa izdevatsya qilishgan, dedi mahkumlar opasi.

Mahkumlarning kaltaklangani va qiynoqqa solingani haqidagi xabar boshqa ota-onalarga yetib borganidan so‘ng, 12 yanvar kuni Toshkentdan ayni muassasada saqlanayotgan yana o‘n nafar mahkum yaqinlari ham qamoqxonaga borgan.

"Bolamning burnini sindirishibdi"

Ulardan biri, bosqinchilikda ayblanib ozodlikdan mahrum etilgan 25 yashar Samandar Aripovning onasi Malohat Aripova ham 4 yanvar kuni o‘g‘lining burni sindirilganini aytadi:

- Bu xabar kelganidan so‘ng bolamni borib ko‘rdim. Borsam, haqiqatan, bolamning burni singan, shunchalik urishganki, oyoqlarining tagigacha ko‘karib ketgan. Uning aytishicha, qamoqxonada “polojenets” degan mahkum bo‘lgan ekan, u shu bolalarni himoya qilib yurar ekan. O‘sha odamni koloniya poseleniyaga chiqarib yuborishganidan so‘ng, turma nazoratchilari himoyaching ketdi, deb, sportzalda bir janjal chiqarib, 30 ta bolani qo‘liga kishan solib, rosa urishgan, deydi Malohat Aripova.

Bu suhbatdosh ota-onalar shikoyat qilib borgan Qashqadaryo viloyati prokuraturasida ularni kun bo‘yi ovora qilishgani va bir arizani bir necha marta qaytdan yozdirib olishganini qo‘shimcha qildi.

"Polojenets" ketganidan so‘ng kaltaklashgan"

Nevarasi, bosqinchilikda ayblanib 3,5 yilga qamalgan Sarvar Mamayusupovning taqdiridan xavotirlanib, qamoqxonaga borgan 63 yashar Mavluda Mamayusupova ham nevarasi badanida kaltak va qiynoq izlarini ko‘rganini aytadi:

- 8 yanvar kuni xabar keldi, 9-kuni ketib, 10-kuni bolani ko‘rdik. Yuragini pasti, orqa bel qismlari ham ko‘karib ketgan, yonida chiqqan bolaning burni singan, ko‘zlari shishib ketgan. Nevaramning aytishicha, ularning qamoqxonasi “cherniy zona” bo‘lgan. O‘sha “polojenets” yangi yildan oldin chiqib ketganidan so‘ng, nazoratchilar to‘la nazoratni o‘z qo‘llariga olgan ekan va o‘sha odamga yaqin bo‘lgan bolalarni hammasini ayovsiz kaltaklashgan, dedi Mavluda Mamayusupova.

"Shikoyatingiz o‘z tasdig‘ini topmadi"

Mavluda Mamayusupova bu haqda O‘zbekiston prezidenti, Bosh prokuratura va JIEBBning o‘ziga shikoyat qilgan. Shikoyatiga hech javob kelmagach, o‘zi Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga qo‘ng‘iroq qilgan:

- Men bilan gaplashgan odam "shikoyatingiz o‘rganib chiqildi, sizning shikoyatingiz o‘z tasdig‘ini topmadi, bu haqda sizga maktub yozganmiz, yaqinda yetib boradi", dedi. Endi biz yana bolalarimiz taqdiridan xavotir olayapmiz, ularni nega ota-onang shikoyat qildi, deb yana qyinoqqa solishlari mumkin. Prezidentimiz qiynoq qo‘llamaslik haqida gapirayotgan bir paytda, qamoqxona nazoratchilari bunday ish qilayotganini qanday tushunish mumkin?- deydi Mavluda Mamayusupova.

Jazo boshqarmasining bu shikoyatlardan xabari yo‘q

Ozodlik O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi rasmiylari bilan bog‘lanib, mahkumlar yaqinlarining shikoyatlari qay darajada o‘rganilganini surishtirdi.

O‘zini JIEBB navbatchisi Boboyorov deb tanishtirgan mulozim, boshqarmaga bunday shikoyat bo‘lmaganini bildirdi:

“Bizda mahkum va mahbuslarning ota-onalari xohlagan kunda rahbariyatga borishga haqqi bor, bundan tashqari qabul kunlarimiz ham bor. Kelolmagan ota-onalar xat orqali murojaat qilishlari mumkin. Har qanday shikoyat bee’tibor qoldirilmaydi, oxirigacha tekshiriladi. Lekin bunday shikoyat bo‘lmagan”, dedi JIEBB mulozimi.

"Polojenets" kim?

Qamoqxonalarda 10 yil jazo muddatini o‘tgan inson huquqi faoli A’zam Turg‘unovning aytishicha, "chyorniy zona" deb ataluvchi qamoqxona hozir mamlakatda qolmagan:

"Polojenets" degani o‘sha qamoqxonadagi hurmatli mahkumlardan biri bo‘ladi. Odatda polojenetslar "vor v zakone", ya’ni o‘g‘riboshilar bo‘ladi. Zonada ularning o‘ziga yaqin odamlari bo‘ladi va ularga hatto nazoratchilar ham ortiqcha bosim o‘tkazolmaydi. Men Qarshidagi 49-muassasada ancha yil o‘tirdim.Bizniki "krasniy zona" edi. Ya’ni, to‘laligicha qamoqxona nazoratchilari nazoratida bo‘lgan. O‘sha 2000 yillarga kelib, O‘zbekistonda hamma "cherniy zona"lar tugatilib, "krasniy zona"larga aylantirilgan, edi. Lekin, biz mahkumlar olgan xabarga ko‘ra, siz aytgan Kosondagi 51-qamoqxonaning yarmida "polojenets" saqlanib qolgan edi", deydi A’zam Turg‘unov.

Prezident qiynoqlarga qarshi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev qiynoq va noqonuniy yo‘llar bilan olingan ko‘rsatmalardan dalil sifatida foydalanishni taqiqlovchi farmonni o‘tgan yilning 30 noyabr kuni imzolagan edi.

"Jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llagan holda” olingan ko‘rsatmalardan “dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasin," - deyiladi farmonda.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda chiqish qilgan prezident Shavkat Mirziyoev qiynoqlarga qarshi farmonni qabul qilish oson bo‘lmaganini e’tirof etgan edi.

Joriy yilning 6 yanvar kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2018–2020 yillarda “hibsga olingan va javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoq, ruhiy va jismoniy bosim qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG