Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2018, Тошкент вақти: 03:12

O‘ztransgaz va O‘zbekneftegaz pul bermay qo‘ygani ortidan “Bunyodkor” bankrotlik yoqasida qolgan


Toshkentdagi “Bunyodkor” stadioni

Sakkiz yil oldin dunyoning eng qimmat murabbiysi¸ braziliyalik Luiz Felipe Skolari va uning vatandoshi bo‘lgan mohir hujumchi Rivaldolarni o‘nlab million dollarlik kontrakt evaziga yollagan Toshkentning "Bunyodkor" futbol klubi bugunga kelib bankrotlik yoqasida qolgan. Ozodlik gaplashgan “Bunyodkor” a’zolariga ko‘ra, moliyaviy muammolar bois klub murabbiy¸ futbolchilari va texnik xodimlariga oylik bera olmayapti.

Yaqin-yaqinlargacha O‘zbekistonning eng boy va kuchli futbol jamoasi sifatida ko‘rilgan “Bunyodkor” klubi asosiy homiylari - “O‘ztransgaz” va “O‘zbekneftegaz”dan pul kelishi to‘xtab qolgani ortidan og‘ir moliyaviy vaziyatda qolgan.

Klubning ismi sir qolishini istagan futbolchilaridan biri¸ Ozodlik bilan suhbatda o‘yinchilarning 6 oydan buyon oylik olmayotganini aytdi.

“Olti oydan buyon och qoringa o‘ynayapmiz, oylik olganimiz yo‘q. "Erta-indin bo‘ladi", deyishadi darak yo‘q. “O‘ztransgaz”, “O‘zbekneftegaz” pul berishni to‘xtatgan ekan. Hozir klub ichki moliyaviy rezervlari hisobidan kun ko‘rayapti, u rezerv ham stadion xarajatlarini zo‘rg‘a qoplayapti”, - dedi “Bunyodkor” futbolchilaridan biri.

Ozodlik bog‘langan futbolchilardan yana biri ham o‘zi va jamoadoshlarining bir necha oydan beri oyliksiz o‘ynayotganini bildirdi.

“Bunyodkor” jamoasining moliyaviy muammolar girdobida qolganini Ozodlik bog‘langan klub matbuot xizmati ham e’tirof etdi.

Klub matbuot xizmati rahbari Bahodir Mirzaev bu muammolarning vaqtinchalik ekaniga umid bildirdi:

- Sponsorlardan pul tushishi to‘xtagan, to‘g‘ri. Lekin, futbolchilar olti oydan buyon oylik olmagani noto‘g‘ri. 2017 yil to‘liq yopilgan. O‘tgan yildan qarzimiz yo‘q. 2017 yil bo‘yicha futbolchilar bilan ham¸ ishchilar bilan ham qarzimiz yo‘q. Yanvar, fevral uchun¸ to‘g‘ri qarzimiz bor. Hozir murabbiylarimiz ham¸ rahbarlarimiz ham futbolchilarga “bu vaqtincha holat”, deb tushuntirishayapti. Endi futbolchi shu kasbni tanlagan ekan¸ o‘ynasa pulga qarab turishi kerak emasda! Yaxshi o‘ynasa pul uni o‘zini quvib topib oladi, yaxshi jamoadan taklif tushishi mumkin, - dedi Bahodir Mirzaev.

Sakkiz yil avval braziliyalik mashhur murabbiy Luis Filipe Skolari va mashhur hujumchi Rivaldolarni bir necha o‘n million dollarlik kontrakt evaziga yollashni uddalagan “Bunyodkor” klubining bugun mahalliy o‘yinchilarni sotib olishga ham qurbi qolmagan.

“O‘sha paytda sponsorlar boshqa edida”, - deb so‘zida davom etdi “Bunyodkor” klubi matbuot kotibi Bahodir Mirzaev:

- Hozirga kelib jamoaning ta’sischilari almashib ketgan. Hozir boshqa ta’sischilar, boshqa homiylar”, - dedi Mirzaev.

Bugunga kelib yangi homiylar tarafidan “Bunyodkor”ni moliyalashning to‘xtab qolgani sabablari haqida na “O‘ztransgaz” va na “O‘zbekneftegaz” matbuot xizmati Ozodlikka izoh berdi.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonlik foydalanuvchilar orasida “Bunyodkor” homiylarining moliyaviy dastakni butkul to‘xtatgani, klubning esa sanoqli kuni qolgani haqida ko‘p-so‘zlar tarqamoqda.

Ozodlik bilan suhbatda "Bunyodkor" matbuot xizmati rahbari Bahodir Mirzaev bu gap-so‘zlarni rad etdi.

- Klub vaqtinchalik muammolarni boshdan kechirayapti, erta-indin hal bo‘ladi, - dedi Mirzaev.

“Bunyodkor” ning "oltin davri" sanalgan 2000 yillarda uning ortida mamlakatdagiaksar daromadli biznesni o‘z qo‘liga olgan qudratli Zeromax kompaniyasi va prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova turgan edi.

Shirkat boshqaruvchisi Mirodil Jalolov qamoqqa olinib¸​ 2010 yilda Zeromax kasodga uchragani e’lon qilindi va unga tegishli barcha mol-mulkka hibs qo‘yildi.

Shundan so‘ng¸ “Bunyodkor” klubini moliyalash “O‘ztransgaz” va “O‘zbekneftegaz” shirkatlariga topshirildi.

XS
SM
MD
LG