Линклар

Шошилинч хабар
23 сентябр 2018, Тошкент вақти: 17:20

Hakam jurnalistning qiynoqqa solingani bo‘yicha ekspertiza o‘tkazishni buyurdi


Sudni kuzatgan jurnalist Malohat Eshonqulovaning aytishicha, sudlanuvchilarning qarindoshlari, xorij davlatlar elchixonalari, mahalliy va xorijiy jurnalistlar hamda inson huquqlari faollaridan iborat 60 ga yaqin odam mahkama zaliga kiritilgan. 

O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darishga urinishda ayblanib hisbga olingan jurnalistlar Bobomurod Abdullaev va Hayot Nasreddinov hamda ikki tadbirkor ustidan mahkama 7 mart kuni boshlanar-boshlanmas yana qoldirildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida boshlangan mahakamada Bobomurod Abdullaevning advokati Sergey Mayorov sud hakamiga o‘z mijozi tergov payti qiynoqqa solinganini ma’lum qilgan va bu bo‘yicha ekspertiza o‘tkazishni talab qilgan. Shundan so‘ng hakam advokat talabi qondirilishi va ekspertiza natijalari ma’lum bo‘lgunga qadar sud kechiktirilishini e’lon qilgan.

Sudda qatnashgan huquq faolllarining Ozodlikka ma’lum qilishicha, 7 mart kungi mahkama jamoatchilik uchun ochiq o‘tkazilgan.

Sudni kuzatgan jurnalist Malohat Eshonqulovaning aytishicha, sudlanuvchilarning qarindoshlari, xorij davlatlar elchixonalari, mahalliy va xorijiy jurnalistlar hamda inson huquqlari faollaridan iborat 60 ga yaqin odam mahkama zaliga kiritilgan.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:09 0:00
Бевосита линк

Bobomurod Abdullaevning advokati Sergey Mayorov o‘z mijozi tergov payti qiynoqqa solingani, ko‘rsatmalar qiynoqlar bilan olinganini sud hay’atiga ma’lum qilgan va buni tekshirish uchun iltimosnoma kiritgan.

Bobomurod ust kiyimini yechib, badanidagi qiynoq belgilarini sud zalida to‘planganlarga ko‘rsatgan.

Shundan so‘ng sud tibbiy ekspertiza o‘tkazishni tayinlagan va ekspertiza natijalari tayyor bo‘lgunga qadar sud bo‘lmasligini ma’lum qilgan.

- Boshqa mahkamalarda bilmadim, lekin mening tajribamda birinchi marta sud advokatning qiynoqlar bo‘yicha tibbiy ekspertiza o‘tkazish talabini qondirayapti, - dedi majlis tugashi ortidan Ozodlik bilan suhbatlashgan Sergey Mayorov.

Advokatning aytishicha¸ mahkama arafasida 6 mart kuni o‘tkazilgan bir soatlik uchrashuv paytida Bobomurod Abdullaev tergov payti qiynoqqa solinganini aytgan va chap qo‘lida saqlanib qolgan qiynoq izlarini ko‘rsatgan.

Abdullaev¸ shuningdek¸ advokat Mayorovdan voz kechish g‘oyasi MXX tergovchilariga tegishli bo‘lgani, aks holda qiynoqlarning yana qaytadan boshlanishidan tahdid qilishganini aytgan.

Bobomurod Abdullaev advokati bilan 6 mart kungi uchrashuvda o‘zining hibsga olinishidan MXXning asosiy maqsadi sobiq Bosh prokuror, hozirda MXX raisi Ixtiyor Abdullaev va o‘tgan yil sentabr oyida Ichki ishlar vaziri etib tayinlangan Po‘lat Bobojonovlarga qarshi kompromat yig‘ish bo‘lganini aytgan.

"Bobomurodning fikricha, uni birinchi navbatda Bosh prokuror Abdullaev va Ichki ishlar vaziri Bobojonovga kompromat yig‘ish uchun qo‘lga olishgan. U tinimsiz qinoqqa solingan. Qiynoqlar¸ “Bobomurod, sen nega yangi prezidentni qo‘llab-quvvatlayapsan?”, “Xo‘sh, sening prezidenting nima ham qila olardi?” (Mirziyoev nazarda tutilgan -Mayorov) “Yangi prezident qo‘l ostida hamma o‘g‘irlik qiladi. Faqatgina MXXning sharofati bilan hokimlar o‘g‘irlik qilolmaydi”. “Haqiqiy hokimiyat MXXda va prezident hech narsa qilolmaydi”¸ degan gaplar ostida qo‘llanilgan", - deb yozdi advokat Sergey Mayorov.

Bobomurodning 6 mart kuni advokatiga ma’lum qilishicha, unga nisbatan ruhiy bosim o‘tkazgan MXX xodimlari O‘lmas va Volodya ismli shaxslar bo‘lgan.

Sergey Mayorovga ko‘ra, aynan shu shaxslar Bobomurodni o‘z maqolalarida Shavkat Mirziyoevni yomonlash o‘rniga yangi prezidentni qo‘llab-quvvatlagani uchun koyishgan. Yana ayni shaxslar, Bobomurodni MXX devorlari ichida o‘ldirmasliklarini, bu MXX faoliyatiga dog‘ tushirishini, uni “Toshturma” yoki zonada o‘ldirib yuborishlarini aytib tahdid qilgan.

“Bu ikkala mxxchi Bobomurodni og‘ir ishlarga qo‘yishlari, ishlab turgan agregatlarga itarib yuborishlari va qiyma-qiyma bo‘ladigan tanasini onasiga berishlarini aytishgan. Bobomurod, agar u o‘z maqolalarida MXXga hujum qilmaganda va yangi prezidentni qo‘llab-quvvatlamaganida, uni hibsga olmagan bo‘lishardi, deb o‘ylaydi. Bobomurod, agar unga MXX binosini ko‘rsatishsa, uni qiynashgan xonani tanishini aytdi. Bu xona devorlari metall panjaralar bilan qoplangan va chetlarida xalqalar osilgan. Mahbusni kishan bilan shu xalqalarga bog‘lab, qiynoqqa solishgan. Uni xonadan xonaga boshiga xalta kiydirgan holda olib o‘tishgan. Uni bevosita kaltaklaganlarning ismlari Qobil, Majid, Elmurod. Eng shavfqatsizi Majid bo‘lgan”, - deydi Sergey Mayorov.

Bobomurod Abdullaev muxolifat lideri Muhammad Solihga qarshi ko‘rsatma berishga ham majbur bo‘lganini aytgan.

Tergovchilar hamda uni ruhiy qiynoqqa tutganlar internetdagi maqolalarni yozishga o‘zini Muhammad Solih majburlagani to‘g‘risida yozib berishni talab qilgan. Jurnalist aslida bunday bo‘lmagani va 2003 yilning yanvar oyidan beri "Usmon Haqnazarov" nomi ostida yozganini ta’kidlagan.

- Bobomurod fikricha, uning “Usmon Haqnazarov” taxallusi ositida 2003 yildan boshlab yozishni boshlagani fakti, To‘raqulov va Veselovlarning Bobomurodni Muhammad Solihga bog‘lashlari uchun tuzgan sxemaga mos kelmas edi, - deydi Sergey Mayorov.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida jurnalist Bobomurod Abdullaev¸ bloger Hayot Nasriddinov¸ shuningdek tadbirkorlar Ravshan Salaev va Shavkat Olloyorovlar ustidan 5 mart kuni o‘tkazilishi rejalangan ilk mahkama "prokuror yetib kelmadi" degan asosda 7 martga qoldirilgan edi.

To‘rtala sudlanuvchi O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-moddasi bo‘yicha ayblanmoqda.

O‘tgan yilning 27 sentabrida MXX tomonidan hibsga olingan Bobomurod Abdullaev 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.

12ta xalqaro tashkilot O‘zbekiston hukumatidan Bobomurod Abdullaev, Hayot Nasriddinov va Akrom Malikovni ozod etishni talab qilgan edi.

XS
SM
MD
LG