“Dunyoning 100 ta buyuk karikaturachi rassomi” ro‘yxatiga kiritilgan 60 yashar o‘zbek rassomi Mahmudjon Eshonqulovning Mushtum jurnalining mart sonida chop qilingan karikaturasi ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida urchigan radikal dindorlar g‘azabiga nishon bo‘ldi.
Ba’zi radikal kayfiyatdagi dindorlar rassomga o‘lim tahdidi bilan chiqishdi. Karikaturada qara bayroq ko‘targan jangarilar qurol yordamida ayollarni qora chodra kiyishga majburlagani aks ettirilgan.
Karikatura bilan tanishgan toshkentlik san’atshunos Akmal Rizaev fikriga ko‘ra “asar IShID jangarilarining ayollarga qarshi zo‘ravonligini aks ettiradi”.
O‘zbekistonda qora bayroq tarafdorlari shuncha ko‘pmi?
Ozodlik bilan 13 mart kuni gaplashgan san’atshunos Rizaev o‘z fikrini davom ettirib “ Karikatura muallifi taniqli rassom¸ Yevropa va Lotin Amerikasidagi konkurslar g‘olib Mahmudjon Eshonqulovning bu asariga qarshi chiqayotganlar o‘zlarining “Qora bayroq ko‘targan IShID va tolibon rejimi tarafdori ekanligini fosh qilishgan. Bu juda yomon simptom. Ekstremizm uchun O‘zbekistonda zamin mavjudligining simptomidir” deydi san’atshunos. Rizaevga ko‘ra¸ “Turizm rivojlanishi va O‘zbekistonga chet ellik turistlar kelishini istayotgan hukumat mamlakatdagi radikal dindorlarning keyingi paytda ko‘paygan chiqishlaridan keladigan zarar haqida o‘ylab ko‘rishsin” deya tavsiya berdi.
Basharang qiyshiq bo‘lsa oynadan o‘pkalama..
Ozodlik shu kunlarda o‘zining 60 yoshini nishonlagan rassomning o‘zi bilan 12 mart kuni suhbatlashdi. Suhbat davomida rassom “Qodiriy asos solgan davrdan to bugungacha 95 yil mobaynida qadimchi muttasiblarni tanqid qilib kelgan “Mushtum” jurnalining tiraji kamaygani va aholining savodi¸ intelektual saviyasi tushib ketganidan nolidi.
Rassom Mahmudjon Eshonqulov Karimov davrida majoziy karikatura chizib “Tosh yumalashga qurbi yetmay qolgan qari diktator” tasviri orqali “diktaturaning samarasiz boshqaruv uslubi ekanligini” uqtirgan edi.
Rassomga prezident ham fikrdosh
Ayni paytda rassom o‘zini mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan fikrdosh ekanligidan sevinchini ham yashirmaydi?
-Men shu paytgacha rasm qilib chizgan tushunchalarni prezident so‘z bilan aytayapti.”Kalamush”¸ “G‘o‘daygan it” “Stolbani qamaydigan SNB chi” Axir bularni men 3-4 yil oldin chizganmanku. "Mirziyoev mulozimlarni kalamush va g‘o‘daygan it desa indamaydiganlar¸ men shuni rasm qilib chizsam, menga tahdid qilishmoqda" deya ta’idlagan rassom “basharang qiyshiq bo‘lsa oynadan o‘pkalama” deya so‘zini tugatdi.
O‘zbek karikaturachisi Mahmudjon Eshonqulov Braziliyada bo‘lib o‘tgan Piracicaba 2017 xalqaro yumor festivalining Tira mukofoti sohibi bo‘lgan edi.
Mahmudjon Eshonqulov “Dunyoning 100 ta buyuk karikaturachi rassomi” ro‘yxatiga kiritilgan ijodkorlardan biri.
O‘z faoliyatini “Mushtum” jurnalida boshlagan Eshonqulov¸ O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik ordeni” sohibidir.
Ozodlik radiosi taniqli rassomni 60 yoshlik to‘yi bilan qutlaydi va unga ijodiy parvozlar tilaydi.