Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2025, Тошкент вақти: 04:12

Badanidan 16ta igna topilgan 11 oylik chaqaloq uyiga qaytishi mumkin


Badanidan 16 dona igna topilgan 11 oylik chaqaloq - Azizbek Abdumajidov sog‘aygan va yaqin fursatda uyiga qaytishi mumkin. Bu haqda 14 mart kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bolalar xirurgiyasi bo‘limi shifokorlaridan biri Ozodlikka ma’lum qildi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bolalar xirurgiyasi bo‘limi shifokori Ozodlik bilan suhbatda “bola vujudida 3ta igna uning hayotiga xavf solmaydigan joylarda turganini aytdi. Tibbiy tahlillarga ko‘ra, hozircha ushbu ignalarning bola sog‘lig‘iga salbiy ta’siri mavjud emas. Agar u bolani bezovta qilsa, kelgusida operatsiya yo‘li bilan olib tashlash mumkin. Azizbek uyiga qaytgach, hududiy shifokorlar nazorati ostida bo‘ladi”.

17 yanvar kuni Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tug‘ilgan Azizbek Abdumajidov badanida 16ta po‘lat igna borligi aniqlanib, og‘ir ahvolda Toshkentdagi Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan va 9 soat davom etgan jarrohlik amaliyoti paytida bola tanasidan 13ta igna olib tashlangan edi.

Jarrohlik amaliyotidan so‘ng chaqaloq koma holatiga tushib qolgandi. Markaz shifokori Ozodlikka po‘lat ignalar bola tanasida 2 oy muqaddam paydo bo‘lgani aniqlangani haqida aytgan edi.

- Bola tirik, lekin koma-1 holatida. Uning hayotini saqlab qolish imkoni kam, - degan edi markaz shifokorlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Ular bolaning yo‘g‘on ichak qismida, siydik qopi, ko‘krak qafasida, bolaning bo‘yin qismida, umurtqa pog‘onasida, yurak ostida topilgan.

Bola tanasiga ignalar qanday tushib qolgani haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Shifokorlar 11 oylik chaqaloq hech qachon buncha ko‘p metallni yutib yuborolmasligi, qizilo‘ngach va oshqozonda hech qanday jarohat alomati yo‘qligini qayd etishdi.

"Azizbekning onasi Shohsanam Boltaboeva va otasi Azimjon Xudoyberdiev farzandining sog‘-omon bag‘riga bosish baxti nasib etganidan benihoya mamnun.

— Azizbek tilab-tilab olgan yakkayu yolg‘iz zurriyotimiz, turmush qurganimizdan keyin oradan qariyb besh yil o‘tib farzandli bo‘lgan edik, — deydi Shohsanam Boltaboeva. — Shukrki, uni yana sog‘-omon bag‘rimga bosishga musharraf bo‘ldim. Buning uchun shifokorlardan benihoya mamnunman. Ular ikki oy mobaynida bolamning hayoti uchun hech narsani ayashmadi. Ularning yaxshiliklarini hech qachon unutmayman", deb yozdi "Xalq so‘zi".

Mazkur ish yuzasidan huquq-tartibot tuzilmalari tergov olib borayotgani ham xabar qilingan.

XS
SM
MD
LG