O‘zbekistonda davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaevga MXXning Toshkentdagi hibsxonasi ("Gvardeyskiy") da qiynoq qo‘llanilganini sud tomonidan tayinlangan ekspertiza tasdiqlamagan.
Bu haqda 15 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida jurnalistlar Bobomurod Abdullaev va Hayot Nasriddinov hamda ikki tadbirkor Ravshan Salaev hamda Shavkatjon Olloyorovlar ustidan mahkamada hakam Zafar Nurmatov ma’lum qilgan.
Hakam Zafar Nurmatov 15 mart kungi sud majlisida Bobomurod Abdullaev ishida qiynoqlar bo‘yicha kompleks sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilgani, ekspertiza Abdullaevga qiynoq qo‘llanilgani haqidagi iddaolarni tasdiqlamaganini aytgan.
Nurmatovga ko‘ra, kompleks ekspertiza Abdullaevni avvaldan kasali bo‘lgani va shu kasali uni bezovta qilayotgan bo‘lishini ko‘rsatgan.
3 mart kuni jurnalist Bobomurod Abdullaev bilan uchrashgan uning advokati Sergey Mayorov hibsxonada o‘z mijoziga qiynoqlar qo‘llanilgan bo‘lishini aytgandi.
Bir kun o‘tib Toshkent shahar sudida o‘tkazilgan mahkamada Abdullaev badanida qiynoq belgilarini sud hay’atiga ko‘rsatganidan so‘ng hakam Zafar Nurmatov sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazishni tayinlagan edi.
15 mart kungi mahkamani "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti faoli Abdurahmon Tashanov kuzatdi.
Tashanovga ko‘ra, hakam ayblov xulosasini o‘qib eshittirgan.
- Ayblov xulosasida to‘rttala sudlanuvchi davlat to‘ntarishiga urinish, davlat rahbariyatini obro‘sizlantirishga harakat, konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan izdan chiqarish, qurolli to‘ntarishga urinish, davlat amaldorlari shaxsiyati va oilalarini obro‘sizlantirish va hokazolarda ayblanadi. Bobomurod Abdullaev 2003-2005 yillarda Usmon Haqnazar taxallusi bilan maqolalar yozganini tan oldi. Abdullaev tergov jarayonida qiynoqqa solingani va ko‘rsatmalar qiynoq ostida olingani, sentabr oyida uyi oldidan o‘g‘irlab ketilganini aytdi. Hibsga olishganida qaerdaman, desa "Salimboyning podvalidasan", deb aytishgan. Ikki kundan so‘ng tergov izolyatoriga olib borishgani, Po‘lat Bobojonov (Ichki ishlar vaziri - tahr.) va Ixtiyor Abdullaevga (DXX raisi - tahr.) qarshi ko‘rsatma berishga majbur qilishganini aytdi, - dedi Tashanov.
Jurnalist Bobomurod Abdullaev¸ bloger Hayot Nasriddinov¸ tadbirkorlar Ravshan Salaev va Shavkat Olloyorovlar O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-moddasi (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz) bo‘yicha ayblanmoqda.
O‘tgan yilning 27 sentabrida MXX tomonidan hibsga olingan Bobomurod Abdullaev 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.
Bobomurod Abdullaevga aloqador ish yuzasidan 2017 yilning taxminan 20 oktabr kuni qo‘lga olingan iqtisodchi Hayot Nasriddinov va Abdulloh Nusrat taxallusi ostida Internetda e’lon qilgan maqolalari ortidan 2016 yilning 22 iyulida qamoqqa olingan Akrom Malikov ham tergov qilingan.
2018 yilning 31 yanvarida hibsda qolayotgan Hayot Nasriddinov Andrey Saxarov nomidagi "Mardlik uchun" xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan.
12ta xalqaro tashkilot O‘zbekiston hukumatidan Bobomurod Abdullaev, Hayot Nasriddinov va Akrom Malikovni ozod etishni talab qilgan edi