Линклар

Шошилинч хабар
16 июл 2018, Тошкент вақти: 09:51

DXX raisi Surxondaryoda MXXdan jabr ko‘rganlar bilan shaxsan uchrashdi


Abdullaev Ixtiyor Baxtiyorovich 1966 yilda, Farg‘onaning Uchko‘prik tumanida tug‘ilgan.

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullaev 16 mart kuni Surxondaryo viloyati hokimligida MXX mulozimlari va uning sobiq polkovnigi Nodir To‘raqulovdan jabr ko‘rgan tadbirkorlar, korxona-tashkilotlar rahbari va sobiq hokimlar bilan shaxsan uchrashuv o‘tkazdi.

Bu uchrashuvda qatnashgan jabrlanuvchilardan avvalgi yillardagi MXX mulozimlari va MXX Surxondaryo viloyati tergov boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Nodir To‘raqulovning noqonuniy faoliyati to‘g‘risida aniq ko‘rsatma yozib berishi so‘ralgan.

Bu uchrashuvda qatnashgan mahalliy tashkilot rahbarlaridan birining aytishicha, viloyat hokimligiga viloyat MXX mulozimlari va uning tergov boshqarmasi sobiq boshlig‘i Nodir To‘raqulovdan jabr ko‘rgan mahalliy tashkilotlar rahbarlari, tadbirkorlar taklif qilingan:

“Kecha, 16 mart kuni DXX raisi Ixtiyor Abdullaev bizni chaqirtirdi. Hokimlik majlislar zaliga olib kirishdi. Uning yonida yana bitta kichkina zal bor ekan. U yerda DXX raisi, viloyat hokimi, prokurori, militsiya boshlig‘i bor ekan. O‘sha yerga bitta-bitta chaqirib MXXchilardan qanday jabr ko‘rganimizni so‘radi va viloyat departamentidagi 14 ta tergovchiga bizlardan ariza yozdirib olishni tayinladi”, deydi mahalliy tashkilot sobiq rahbarlaridan biri.

Bu uchrashuvga kirib chiqqan, viloyat tumanlaridan birida tashkilot rahbari bo‘lgan sobiq mulozimning aytishicha, u ham MXXchilardan jabr ko‘rganini aytib bergan:

“Hozircha ismimni aytmay turing. Gap shundaki bu MXXchilar butun faoliyatim davrida mening izimdan bo‘lishdi. Buning sababi oddiy, men MXXchilardan birining yaqin qarindoshiga nega majlisga kech qolding deb dashnom bergan ekanman. Shundan keyin qaysi bir tashkilotda ishlamay, hokimlarga aytgizib, meni ishdan oldirib tashlayverishdi. Prezidentimizning viloyat MXXchilari to‘g‘risida gapirganidan va Nodir To‘raqulovning hibsga olinganidan so‘ng men tinchidim. Menga kun bermagan barcha MXXchilar haqida ma’lumot yozib berdim”, deydi sobiq mulozim.

MXX sobiq poklovnigi Nodir To‘raqulovdan moddiy va ma’naviy jabr ko‘rgan jarqo‘rg‘onlik Subon Vahobovning aytishicha, u DXX raisi qabuliga bormoqchi bo‘lgan, lekin arizachilar juda ham ko‘p ekanligidan bu ishni Navro‘zdan keyinga qoldirgan:

“Men ham rais bilan uchrashuvga bormoqchi edim. Lekin u yerga borib kelgan bir tanishimning aytishicha, navbatda 170 kishi turibdi ekan. Endi Navro‘z bayramidan keyin Nodir To‘raqulov ustidan arz qilgani boraman”, deydi Subon Vahobov.

Surxondaryo viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi O‘zbekiston DXX raisi Ixtiyor Abdullaev mahalliy tashkilotlar rahbarlari va tadbirkorlar bilan uchrashganini tasdiqladi:

“Ha, shunday uchrashuv bo‘ldi. Juda ham ko‘p odam keldi. Hamma bilan ham uchrashib arzini tinglashga imkon bo‘lmadi. DXX raisi Ixtiyor Abdullaev barcha jabrlanganlar arizalarini yozdirib olish va o‘rganib chiqish haqida topshiriq berdi”, deydi mulozim.

Surxondaryoda "dong taratgan" MXX zobiti Nodir To‘raqulov prezident Mirziyoev joriy yilning 19 yanvar kuni Qiziriqdagi yig‘ilishda MXXning ayni viloyatdagi boshqarmasi faoliyatini keskin tanqid qilgani ortidan 22 yanvar kuni Toshkentda qamoqqa olingan edi.

16 fevral kuni Toshkent harbiy sudi chiqargan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrimga ko‘ra¸ Nodir To‘raqulov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 301-moddasi 1-qismi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) va 230-moddasining 2-qismi (Aybsiz kishini javobgarlikka tortish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani prokurori o‘rinbosari, Sherali Ahmedov 1 mart kuni Surxondaryo viloyati MXX tergov boshqarmasi sobiq boshlig‘i Nodir To‘raqulov tuzgan jinoiy guruhga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan edi.

XS
SM
MD
LG