Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:07

Spermatozoidi ozaygan erkaklarning kasallikka chalinish xavfi yuqori ekani aniqlandi


Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, maniyidagi spermotozoidlar soni kamaygan erkaklarda turli kasalliklarga chalinish ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi.

Italiyada 5 177 nafar erkak orasida o‘tkazilgan tadqiqot spermatozoidi ozaygan erkaklarning oshiqcha vazn, yuqori qon bosimi hamda «yomon» xolesteringa ega bo‘lish xavfi 20 foizga yuqoriroq ekanligini ko‘rsatdi. Qolaversa, bunday erkaklarda testosteron miqdori ham oz bo‘lishi aniqlangan.

Tadqiqot mualliflarining aytishicha, yuqoridagi natijalar spermatozoidi ozaygan erkaklar boshqa kasalliklar uchun ham ko‘rikdan o‘tishi kerakligini ko‘rsatadi.

Farzandsizlikdan aziyat chekayotgan har uch juftlikning birida bunga erkakning spermatozoidlari soni ozaygani sababchidir. Ammo yangi tadqiqot mualliflari maniy sifati erkaklarning umumiy sog‘lig‘i bilan qanday bog‘liq ekanligini aniqlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, spermatozoid ozayishi eraklarda semirish va qon bosimi oshishi xavfini oshiradi. Bu esa, o‘z navbatida qandli diabet, yurak xastaligi hamda insultga chalinish xavfini oshiradi.

Qolaversa, bunday erkaklarda testosteron oz bo‘lishi xavfi 12 barobarga ko‘pdir. Testosteron ozayishi mushaklarni kichraytirib, suyaklarni mo‘rt qilib qo‘yishi mumkin.

Tadqiqot yetakchisi doktor Alberto Ferlin:

- Bepusht erkaklarda boshqa jiddiy muammolar yoki risk faktorlari bo‘lish xavfi yuqoriroq bo‘lib, bu ular hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda umrlarini qisqartirishi mumkin, - dedi.

Ammo tadqiqot mualliflari ushbu natijalar spermatozoid ozayishi metabolizm muammolariga olib kelishini emas, balki ikkisi o‘rtasida bog‘liqlik borligini ko‘rsatishini ta’kidlashdi.

Sheffild universitetining andrologiya bo‘yicha professori Allan Peysi naslsizlik va salomatlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada aniqroq o‘rganish uchun ko‘proq izlanish o‘tkazilishi kerakligini ta’kidladi.

Yuqorida tilga olingan tadqiqot natijalari Chikago shahrida bo‘lib o‘tadigan ENDO 2018 yillik konferensiyasida taqdim etiladi.

XS
SM
MD
LG