Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:30

Diananing o‘limi yuzasidan viloyat hokimi raddiya berdi. Tuman hokimligi “raddiya”sini rad qildi


Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagirstral o‘rtasidagi to‘siqlarni oqlayapti.
Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagirstral o‘rtasidagi to‘siqlarni oqlayapti.

Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi mashina urib yuborgan o‘qituvchi ayolning o‘limi yuzasidan oldin bergan “raddiya”sini rad qildi.

18 mart kuni tuman hokimligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Diana Yenikeeva yo‘l tozalashga chiqarilganini inkor qilgandi.

19 mart kuni esa, hokim o‘rinbosari, "inkor xati"ni imzolagan Musaxon Muzaffarov, Ozodlik savollariga javob berarkan, "hozircha Diananing ish paytida tozalash ishlariga chiqarilgani masalasi o‘rganilayotgani va uning natijasi hali ma’lum emasligini" bildirdi.

Shu kuni kechga yaqin esa, viloyat hokimi Turobjon Jo‘raev o‘qituvchilar yo‘l tozalashga hech qachon chiqarilmagani to‘g‘risida bayonot berdi.

Rad etilgan "raddiya"

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi maktab o‘qituvchisi, ko‘cha tozalashga chiqarilgan 23 yoshli Diana Yenikeevani yuk mashinasi urib yuborgani haqida Ozodlik 15 mart kuni xabar qilgan edi.

18 mart kuni qator mahalliy nashrlar, jumladan, Kun.uz nashri bu hodisaga Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi raddiya berganini xabar qildi.

Mahalliy nashrlar "raddiya" so‘zini ishlatib e’lon qilgan xabar matnida hokimlik va xalq ta’limi boshqarmasi bildiruvidan mana bu iqtibos keltirilgan: “maktab o‘qituvchilari, jumladan, Diana Yenikeeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supirishga chiqarilmagan”.

Mahalliy nashrlar o‘z xabarini tayyorlashda tayangan hujjat nusxasi Ozodlikda ham mavjud. Uni ikki kishi - Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining o‘rinbosari Musaxon Muzaffarov va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Q.Saidov imzolagan.​

19 mart kuni Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi o‘rinbosari Musaxon Muzaffarov Ozodlik bilan suhbatda Diana Yenikeeva bo‘yicha hokimlik raddiya berganini inkor qildi:

- Yo‘q ular (nashrlar - tahr.) noto‘g‘ri talqin qilishgan. Biz raddiya berganimiz yo‘q. Hammasi o‘rganilayapti. Tegishli mutaxasislar orqali o‘rganilib, keyin javobimizni beramiz. Prosto o‘sha kuni ma’lumot berdik biz. Bu raddiya emas,- dedi Musaxon Muzaffarov.

19 mart kungi Ozodlik bilan savol-javob davomida Musaxon Muzaffarov Diana Yenikeevaning ko‘cha tozalashga olib chiqilgan-chiqilmagani masalasi o‘rganilayotgani va bu boradagi yakuniy natija hali ma’lum emasligini bildirdi:

- Bu jarayon ketayapti hozir. Viloyat mehnatni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimlari, prokuratura buni oxirigacha o‘rganib, so‘ng oxirida xulosalarimizni beramiz, Xudo xohlasa,- dedi Musaxon Muzaffarov 19 mart kuni tush payti.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:06 0:00
Бевосита линк

Viloyat hokimi inkori

19 mart kuni kechki payt Ozodlikka Samarqand viloyat hokimi Turobjon Jo‘raevning Diana Yenikeeva o‘limiga munosabati aks etgan rasmiy hujjat etib keldi.

Turobjon Jo‘raev o‘qituvchi ayol o‘limi bilan bog‘liq hodisa xolis surishtirilishi va huquqiy baho berilishi ta’minlanishiga so‘z beradi. Ayni paytda Jo‘raev "Ijtimoiy soha xodimlari mahalliy hokimiyat organlari va boshqarmalar tomonidan hududlarni obodlashtirish ishlariga chiqarilmagan"ini ta’kidlagan:

"Baxtsiz hodisaning Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi bilan bog‘lab ommaviy axborot vositalarida turli xabarlar va munosabatlar bildirilayotgani noxolis talqin hisoblanadi va haqiqatga mos kelmaydi", deyilgan Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raevning bayonotida.

Hokimlik tergov yakunlari byo‘icha bayonot beradi

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Diana Yenikeevaning o‘limi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 266- moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish), 2-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

- Shu bo‘lgan voqea qanday jarayonda sodir bo‘lgan? KamAz rusumli haydovchining o‘ta ehtiyotsizligi oqibatida, yo‘lda ketayotgan KamAzni quvib o‘tishi natijasida sodir bo‘lgan. Shu bo‘yicha hozir tergov ishlari boshlangan. U hibsga olingan. Bu bo‘yicha ekspertiza jarayonlari ketayapti. Mana shu narsalarni hammasining oxiriga yetamiz. So‘ng Xudo xohlasa bayonotimizni beramiz,- dedi Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi o‘rinbosari Musaxon Muzaffarov 19 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Kattaqo‘rg‘on tuman markazidagi 42- umumta’lim maktabining mehnat o‘qituvchisi Diana Yenikeevani 14 mart kuni Suv ombori qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘lini tozalashga olib chiqilgan paytda KamAZ yuk mashinasi urib yuborgan.

Bu haqda xabar qilgan manba o‘qituvchilarning ko‘cha tozalashga majburlangani aks etgan bir qancha fotosuratlarni Ozodlikka taqdim etdi:

Rasmiylar ilk bor majburiy mehnatni qoraladi

Majburiy mehnat qurboni sifatida talqin qilinayotgan Diana Yenikeeva voqeasi mahalliy nashrlarda ham yoritildi va bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Ilk bor rasmiylar ham majburiy mehnat qurbonlari mavzusini tilga oldi.

Jumladan, Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Alisher Sa’dullaev ro‘y bergan fojiaga o‘z munosabatini bildirdi:

"Bas, yetar! O‘qituvchilarni tinch qo‘ying. Hamma o‘z ishini qilsin. Parlament a’zolari, deputatlar va boshqa davlat organlari, kelinglar, bir me’yoriy hujjat ishlab chiqaylik. Millat taqdiri-ku axir!", deb yozdi jumladan Sa’dullaev o‘z Feysbuk sahifasida.

19 mart kuni Alisher Sa’dullaev bu borada, albatta, ijobiy natijaga erishish uchun harakatlar ketayotganini ta’kidladi Ozodlikka.

Kuni kecha O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov ham Diana o‘limi bilan bog‘liq hodisa o‘rganilishini bildirgan edi.

"Bo‘lib o‘tgan hodisa, albatta, juda achinarli. Fojiaga olib kelgan sabablar hozirda o‘rganilmoqda. Natijasiga ko‘ra tegishli choralar belgilanadi. O‘z nomimdan marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etaman", deb yozdi 17 mart kuni bayonot tarqatgan Komil Allamjonov.

"Mehnat kodeksini buzganlar hokimlikda ishlamasin"

Majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan Berlindagi O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova Diana Yenikeevaning o‘limiga aybdor rahbarlar ham jazolanishini lozimligini ta’kidlaydi:

"O‘zbekiston Mehnat Kodeksining 7-moddasida majburiy mehnatni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Unda aytilishicha, qandaydir jazo tahdidi bilan kimnidir mehnat qilishga majbur qilish man etiladi. Bizning mamlakatimizda ta’lim xodimlari o‘zlariga taalluqli bo‘lmagan, haq to‘lanmaydigan ishlarni qilishga muttasil majbur qilib kelinadi. Bu esa, mehnat kodeksining to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilishidir. Biroq mulozimlar, shuningdek, oddiy odamlar ham, yozilgan qonunlarga rioya qilish shart emasligiga ko‘nikib qolishgan. Garchi hokimlik, Dianani ko‘cha tozalashga jo‘natganini rad etsada, ularning bu tarzda o‘zlarini oqlashiga kimningdir ishonishi dargumon. Diananing vafoti majburiy mehnat bilan bog‘liq ilk hodisa emas. Ammo bu haqda mahalliy matbuot birinchi bor yozmoqda va aftidan bizning mamlakatimizda ilk bor majburiy mehnat muammosi muhokama etilmoqda. Biroq vaziyatni real o‘zgartirish uchun xolis surishtiruv o‘tkazilishi, aybdorlar jazolanishi kerak. Biz bu ish natijalarini kuzatmoqdamiz, mehnat kodeksini buzayotgan hokimlar hokimiyat tizimida ishlamasliklari kerak", deydi Umida Niyozova.

Shavkat Mirziyoev davlat tepasiga kelganidan keyin ham u borishi ehtimoli bo‘lgan joylardagi obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchi va tibbiyot xodimlarini majburan jalb qilish davom etyapti.

O‘zbekistonda o‘qituvchilarning o‘z ishi qolib obodonlashtirish va dala ishlariga majburan jalb qilinayotgani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan edi.

O‘tgan yili paxta mavsumida Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyat hokimlari ham paxta mavsumida o‘qituvchilarni terimga chiqarmaslik haqida va’da bergan bo‘lsa-da, lekin tez orada bu va’dalarini buzgan va o‘qituvchilar paxta tergani jo‘natilgan edi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning yil davomida obodonchilik ishlariga ham jalb qilinayotgani kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG