Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:23

Tegajoqlik mojarosidan so‘ng media guruhlari Dumadagi muxbirlarini chaqirib oldi


Kamida uch ayol jurnalist Duma deputati Leonid Slutskiyning o‘ziga jinsiy tajovuz qilgani haqida ochiq bayonot berdi.
Kamida uch ayol jurnalist Duma deputati Leonid Slutskiyning o‘ziga jinsiy tajovuz qilgani haqida ochiq bayonot berdi.

Bir necha ommaviy axborot vositasi Rossiya parlamentining quyi palatasidan muxbirlarini chaqirib oldi. Bunga Davlat Dumasi Odob-axloq masalalari komissiyasining deputat Leonid Slutskiyni kamida uch nafar ayol jurnalist shilqimlikda ayblagani tasdig‘ini topmagani to‘g‘risida qaror chiqargani sabab bo‘ldi.

Taniqli jurnalist, “Exo Moskvi” radiostansiyasi bosh muharriri Aleksey Venediktov 22 mart kuni Telegram tarmog‘ida radiostansiya o‘z “jurnalistlarini Davlat Dumasidan chaqirib olmoqda”, deb yozdi. Radiostansiya jamoasining “parlament axloq-odob komissiyasi qaroridan hafsalasi pir bo‘ldi” va “Davlat Dumasini jurnalistlar ishlashi uchun xavfsiz bo‘lmagan joy deb hisoblaydi”¸ deyiladi Venediktov xabarida.

RTVI telekanali bosh muharriri Aleksey Pivovarov ham 22 mart kuni o‘z muxbirlarini Davlat Dumasidan chaqirib olishga qaror qilganini bildirdi.

RBK axborot agentligi va “Dojd” internet telekanali ham shu mazmundagi bayonot bilan chiqdi. “Kommersant” gazetasi bilan Lenta.ru sayti ham Slutskiy bilan barcha aloqalarni uzmoqchi ekanini ma’lum qildi.

“Govorit Moskva” radiostansiyasi muharriri Sergey Dorenko axloq-odob komissiyasi qarorini qoraladi hamda barcha jurnalistlarni ushbu deputatni boykot qilishga chaqirdi.

Sobiq jurnalist va Davlat Dumasidagi “Yedinaya Rossiya” partiyasi fraksiyasi a’zosi Oksana Pushkina ham ommaviy axborot vositalari qarorini yoqlashini aytdi.

Davlat Dumasining Odob-axloq masalalari komissiyasi 21 mart kuni ayollarga nisbatan qo‘pol va yarashiqsiz qiliqlar qilgan, ularni o‘pmoqchi va nozik joylariga qo‘l yugurtirmoqchi bo‘lgan Slutskiyni “axloq me’yorlari”ni buzmagan deb topdi.

Komissiya raisi Otari Arshba, uch nafar ayolning deputatni rasman ayblashi 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovi oldidan nifoq keltirib chiqarishga qaratilgan edi, deb aytdi. Unga ko‘ra, komissiya Slutskiyga qarshi ayblovlarni “ma’lum shaxsga qarshi qaratilgan va rejalashtirilgan” deb baholadi.

Nyu-Yorkda joylashgan RTVI telekanali bosh muharriri o‘rinbosari Yekaterina Kotrikadze, mustaqil “Dojd-TV” prodyuseri Darya Juk va Bi-Bi-Si muxbiri Farida Rustamova “deyarli bir vaqtda, prezident saylovi oldidan va iddao qilinayotgan shilqimlik ro‘y berganidan ancha vaqt o‘tib” Slutskiyni ayblab chiqdi, dedi Arshba.

50 yashar Slutskiy Rossiya Liberal-demokratik partiyasi a’zosi va Dumaning Xalqaro aloqalar qo‘mitasi raisidir.

Slutskiy 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kunida Facebook orqali ayollardan kechirim so‘radi. Ammo shu bilan birga noqonuniy hatti-harakatlar qilmaganini aytib, obro‘sini to‘kmoqchi bo‘layotganlarni sudga berish bilan tahdid qildi.

Putin ma’muriyati rahbarining sobiq o‘rinbosari, Duma spikeri Vyacheslav Volodin ayol jurnalastlarga, mabodo qonun chiqaruvchi organda ishlash “xavfli bo‘lsa”, ish joyingizni o‘zgartiring, deb aytgan edi.

Juk bilan Rustamova komissiyaning yopiq majlisiga taklif qilindi. Ular jurnalistlar bilan uchrashishdan bosh tortgani xabar qilindi.

Komissiya qarorining yakuniy matnida uning ayol jurnalistlar isbot sifatida taqdim etgan audioyozuv va boshqa materiallarni ekspertiza qilishga vakolati yo‘qligi aytiladi.

XS
SM
MD
LG