26 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Quva tumani sudi tomonidan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining Andijon viloyati bo‘limi raisi Musajon Bobojonov 3 yilga shartli muddatga ozolikdan mahrum qilindi. Bu haqda Ozodlikka jamiyat faoli, jurnalist Abdurahmon Tashanov xabar qildi.
Quva tuman sudi materiallariga ko‘ra, Musajon Bobojonov Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244, 1-moddasi 2-qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan aybdor deb topilgan.
“Albatta, hukmdan noroziman. Hukmni olgach, appelyatsiya berish masalasini o‘ylab ko‘raman. Ichki ishlar organlari ishni noto‘g‘ri qo‘zg‘atishgan. Agar sud meni oqlaganida ular javobgar bo‘lishi kerak edi. Six ham, kabob ham kuymasin, qabilida ish tutildi”, - deydi Musajon Bobojonov “Ozodlik” muxbiri bilan suhbatda.
Sud materiallariga ko‘ra, Musajon Bobojonovning Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan musodara qilingan kompьyuteridan qirg‘izistonlik Abdulloh domlaning “Payg‘ambarlar tarixi” nomli majmuasi va uning ichidan 24 ta audiofayl, shuningdek, “Jannatga oshiqlar” nomli risola matni topilgan. Mazkur asarlar adabiyotshunoslikka oid sud ekspertizasi tomonidan diniy fundamental adabiyot sifatida baholangan.
“Men Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti hamda Qohira universitetini tamomlagan mutaxassisman. Umrim davomida diniy radikal adabiyotlarning zarari, muqaddas dinimizga salbiy ta’siri borasida tadqiqotlar olib bordim. Bu borada «Yo‘qlik va Borliqni oralab», «Ismga ingan hukmlar» va «Laqab haqida», «Jahon tillari to‘g‘risida» nomli kitoblarim chop qilingan. Vaqtli matbuotda chiqishlar qilib turaman. Endi ana shu faoliyatimni o‘zimga qarshi ayblov sifatida ishlatishdi” degan edi Musajon Bobojonov sud boshlanishi arafasida bergan suhbatida.
Sud hukmiga ko‘ra, Farg‘ona viloyati IIB tomonidan musodara qilingan komьyuter huquq faoliga qaytariladi.
26 fevral kuni Ozodlik prokuror suddan 51 yashar Musajon Bobojonovni 4 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘raganini xabar qilgandi. Musajonovga nisbatan sud 5 fevral kuni boshlangan edi.