O‘zbek to‘ylarida pul evaziga doira chalayotgan¸ raqs tushib qo‘shiq aytayotgan 7-8 yashar bolakaylarni Youtube kanaliga yuklangan yuzlab videoda ko‘rish mumkin.
Yuz minglab tomoshabin ko‘rgan bunday videolarda tasvirlangan bolalarning kamera va sahna ortidagi hayoti¸ ularning O‘zbekiston qonunlarida kafolatlangan haq-huquqlari hozirga qadar na jamoatchilik va na huquq tizimlari e’tiboriga tushgan.
Ozodlik birinchilardan bo‘lib ildizlari o‘tmishdagi bachchavozlik an’analariga borib taqaladigan bunday "tomosha"larga qonun munosabatini o‘rganishga urindi.
Youtubedagi shunday videolavhalardan birida mast-alast odamlar orasida raqqosalar qurshovida qo‘shiq aytayotgan bolakay ko‘rinadi. “Anjir lablaringdan tishlab so‘raman” deya qo‘shiq aytayotgan bolaning qo‘yni-qo‘njiga pul tiqiladi.
Ozodlik to‘yma-to‘y yuradigan bu hofiz bolaning andijonlik ma’muri bilan gaplashdi. Ma’murning aytishicha¸ Dilmurod hofiz deya tanilgan 11 yashar bolaning "to‘yga borish raspisaniesi 24 iyulga qadar to‘lib bo‘lgan".
Ma’murning yana aytishicha¸ Dilmurod to‘y¸ aqiqa¸ tug‘ilgan kun va korporativ ziyofatlar uchun oldindan 300 dollar avans to‘lab olib ketiladi; to‘yda o‘rtadan tushgan pul qo‘shiqchining asosiy daromadini tashkil qiladi.
Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida respublikaning Toshkent¸ Buxoro va Urganch shaharlarida “faoliyat” olib borayotgan o‘nlab “bola-artist” borligini o‘rgandi.
“O‘zbekkonsert” estrada birlashmasi vakili Ozodlik bilan 27 mart kungi suhbatda “16 yoshga to‘lmaganlarning konsert-gastrol faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas”¸ dedi.
Ismini ochiqlamagan bu mulozim ta’kidiga ko‘ra¸ bolalarning to‘y¸ restoran yoki tungi klublarda pul evaziga qo‘shiq kuylashi¸ raqsga tushib musiqa asbobi chalishi 2008 yil 7 yanvardan kuchga kirgan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ziddir.
- Bolalarning konsert faoliyati uchun litsenziya berilmasligi - mana shu qonun talabi. Ikkinchidan¸ spirtli ichimlik iste’mol qilinadigan¸ katta yoshdagi auditoriya uchun mo‘ljallangan shou-dastur bo‘ladigan joyda yurish¸ o‘sha shouda ishtirok qilish bolalarning psixologiyasiga salbiy ta’sir qiladi. Mana yaqinda to‘ylarni tartibga solish haqidagi tavsiyalarda ham shunga e’tibor berildi¸ deydi mulozim.
Mulozimning qo‘shimcha qilishicha¸ yangi tavsiyalarda bundan so‘ng to‘yxonalarda musiqachilar orasida ham¸ mehmonlar orasida ham bolalarning bo‘lmasligi alohida ko‘rsatilgan.
Zapravkadagi qo‘shiqchi bolalar
Ozodlikning Toshkentdagi mobil muxbiri benzin quyish shoxobchalari va Sergelidagi mashina bozorida bolalarning qo‘shiq aytib tilanchilik qilayotganiga guvoh bo‘ldi. Muxbirimizning aytishicha¸ 8 yashar bolakay mashinalar oldiga borib qo‘shiq aytib berayapti:
- Men qo‘shiqni telefonimga yozib oldim¸ eshitib ko‘ring¸ deydi muxbirimiz.
8 yashar bola aytayotgan qo‘shiq “ 60 ga 90 qizlar bilan qanday qilib seks qilish” haqida edi.
Toshkentning Mirobod tumanidagi AYoQSh xodimi Ozodlik bilan suhbatda bu qo‘shiqchi bolalar “eshikdan haydasang¸ teshikdan kiradi” deya nolindi:
- Bu qo‘shiqchi bolalar tuppa-tuzuk oila farzandlaridek kiyingan. Har holda achavotlik emas. Kimdir ularni shu ishga o‘rgatgan. Sardor aka degan bor¸ o‘sha ertalab Neksiyasida tashlab chiqadi bu bolalarni zapravkalarga. Tushlikda xot-dok opkeberadi. Kechqurun yana terib olib ketadi. Ochiqchasiga uyat qo‘shiq aytishadi ba’zilari. Zapravkadagi benzin hidiga biz kattalar zo‘rg‘a chidaymiz¸ bu kichkintoylarga baribir¸ deydi suhbatdosh.
Turistlar uchun animator bolalar
Buxoro shahridagi mehmonxonalarda chet ellik turistlar uchun tomosha ko‘rsatayotgan o‘nlab guruh bor. Bu guruhlarda yoshi 16 ga to‘lmagan raqqosa¸ qo‘shiqchi¸ ho‘qqaboz va og‘zidan olov purkaydigan bozingar bolalar ko‘zga tashlanadi. Ana shunday tomoshalar qo‘yiladigan mehmonxonada hunarmandlik buyumlarini sotadigan Asadbek ismli rassomning Ozodlikka aytishicha¸ o‘tgan oy buxorolik 12 yashar bola tomosha paytida qo‘li kuyib kasalxonaga tushgan:
- Og‘zidan olov chiqarayotgan paytda yelkasi va qo‘li kuydi. Yoshgina bolakay. Umuman bolalarning darsdan qolib chet elliklar ko‘nglini ovlab yurganidan uyalaman. Yoshgina qizlar kechqurun raqsga tushadi¸ o‘g‘il bolalar nog‘ora chaladi¸ deydi rassom.
Ozodlik 27 mart kuni suhbatlashgan Buxoro viloyat Madaniyat va xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi bu salbiy holat bilan kurash borayotganini aytish bilan kifoyalandi.
O‘zini Buxoro viloyat Madaniyat boshqarmasi mutaxassisi deb tanishtirgan Muhammadjon Rahimov “17 yoshga to‘lmaganlarning animatorlik qilishi mumin emas”ligini ta’kidlashdan boshladi:
- Bolalar darsdan keyin musiqa maktabi va to‘garaklarda badiiy havaskorlik bilan shug‘ullanishi mumkin. Ularning maktab sahnasi va davlat tadbirlarida chiqishlar qilishi ham olqishlanadi. Lekin pul evaziga to‘yxona¸ restoran va mehmonxonlarda tomosha ko‘rsatishi mumkin emas. Ba’zan katta yoshdagi san’atkor o‘zi uchun litsenziya olib yonida bolalarni ham olib yurishi qonun buzilishi hisoblanadi¸ deydi mulozim.
Buxorolik rassom Asadbek chet-ellik turistlarga yoqaman deb o‘zini har maqomga solmaslik kerak¸ deya fikr bildiradi:
- Kechqurun soat 9-10 larda yosh qizchalar otel hovlisida atlas lozim¸ zardo‘zi ichkicha kiyib raqsga tushadi. Keyin doirachi doirasini aylantirib turistlardan pul yig‘ib chiqadi. Shu bolalar psixologiyasiga tilanchilik yopishib qoldimi¸ deb ham o‘ylayman. Oldin uchinchi dunyo mamlakatlari¸ masalan¸ Hindistonda shunaqamish deb eshitardik. Endi o‘zimiz shu ahvolga tushdik¸ deydi buxorolik rassom.
Hindistonlik faollar o‘zbek bolalari taqdiridan xavotirda
Maqola yozilayotgan paytda Ozodlikka hindistonlik jurnalistlardan tashvishli maktub keldi. Jurnalist Svarax Singx imzolagan bu maktubda Hindistonda “shafqatsiz ekspluatatsiya qilinayotgan o‘zbek qo‘shiqchi bolakaylari taqdiridan xavotir” izhor qilinadi.
Gap Hindiston telekanali musiqiy tanlovida qatnashgan toshkentlik bolalarning “Havas” ansambli haqida. Qahramon¸ Shahnoza¸ Dostonbek va Robiyalardan iborat o‘zbek aka-ukalar hind faollariga ko‘ra¸ “shou-biznes korchalonlari tarafidan ayovsiz ishlatilmoqda”
Hindistonlik jurnalist Svarax Singx maktubidan iqtibos
“Biz bir guruh jurnalistlar bolalar mehnatiga chek qo‘yish masalasida hukumat bilan hamkorlik qilamiz. O‘zbekistonlik to‘rt nafar boladan tashkil topgan “Havas” guruhining Hindistondagi “faoliyatiga” guvoh bo‘ldik. Bizningcha¸ guruh prodyuseri va rejisseri bu bolalarni pul topish uchun ortiqcha majburlayapti. Bolalar zimmasiga ortiqcha mashaqqat yuklangan. Mehnat bois bolalikdan judo qilingan¸ maktabga bormayotgan bu bolalar ruhiy¸ jismoniy¸ ijtimoiy va axloqiy tahdidlar bilan yuzma-yuz kelganiga guvoh bo‘ldik. Bu ko‘plab xalqaro tashkilotlar tarafidan bolalar mehnati deya qoralanadigan holat. Biz “Havas” guruhining Hindistonning turli shaharlarida 20 kun ketma-ket konsert berganiga guvoh bo‘ldik. Hindiston ulkan davlat¸ bu davlat bo‘ylab sayohat qilish katta yoshdagilar uchun ham mashaqqat hisoblanadi. Biz “Havas” guruhidagi bolalarning holdan toygani¸ konsert beraman deb bir yil mashaqqat chekkanligini tashvish bilan kuzatdik.
Bu bolalar uzoq davom etgan og‘ir safar davomida yaxshi ovqatlanish va maktabga borishdan mosuvo bo‘lganidan xavotir bildiramiz”¸ deyiladi maktubda.
Rasmiy Toshkentga chaqiriq
Maktub mualliflari rasmiy Toshkent e’tiborini bu muammoga qaratish istagini bildirgan.
"Biz O‘zbekiston hukumatidan farzandlarini ekspluatatsiya qilayotgan ota-onaga chora ko‘rishni so‘raymiz. Bolalarning qobiliyatli ekanini tushunamiz. Qobiliyatni namoyish qilishning bolalarbop vositalari bor. Musiqa konkurslari¸ TV dasturlar va boshqa. Ammo pul uchun qilinayotgan mashaqqatli va muntazam konsertlar bu bolalar qaddini bukmoqda. Hatto katta artistlar ham ketma-ket konsert qo‘yganidan keyin dam olishga ehtiyoj sezadi. Bu bolalarning holdan toyganini his qilgan holda O‘zbekiston hukumatidan iltimos qilamiz. Bu bolalar ham bola kabi yashashga loyiq¸ ularni bolalikdan judo qilmang. Iltimos bu bolalarning yoshi kattayib ketmasdan turib ularni mashaqqatdan qutqaring"¸ deya ta’kidlanadi maktubda.
Yopiq doira
Ozodlik hindistonlik jurnalistdan kelgan maktub mazmunini “O‘zbekkonsert” estrada birlashmasi vakiliga aytib berdi. O‘z navbatida mulozim bu maktub mazmunini yuqori instansiyaga yetkazishga va’da berdi.
O‘zbekistonlik san’atshunos Akmal Rizaev Ozodlik bilan suhbatda “shou-biznesdan foyda olayotgan mulozimlar bu sohadagi majburiy mehnatga barham berish uchun barmog‘ini ham qimirlatmaydi” deya keskin fikr bildirdi:
- Toshkent bulbuli¸ Shahrixon go‘zali kabi epitetlar bilan go‘dak san’atkorlar haqida chiroyli gapirishdan nari o‘tmaydi bular. Hali 17 ga to‘lmagan raqqosa qizlarning mulozimlar tarafidan zo‘rlangani haqida o‘sha mulozimlar ustidan bo‘layotgan sud majlislarda eshitayapmiz. Bu oxiri tugamaydigan porochniy krug¸ deydi Rizaev.
Unga ko‘ra O‘zbekistondagi bolalar ansambllari bilan bog‘liq muammolar bugun paydo bo‘lmagan:
- 1978 yili “Paxtakor” futbolchilari halokatga uchragan uchoq ichida “Paxtaoy” degan kichkintoylar ansambli ham bor edi. "Paxtaoy" go‘daklari kattalar ko‘ngilxushligi uchun qurbon bo‘ldi. O‘tgan yili O‘zbekistondan Qirg‘izistonga borgan bolalar raqs ansambli Bishkek-Baliqchi yo‘lida avtohalokat qurboni bo‘ldi. Har yili mustaqillik va navro‘z bayramlarida minglab o‘quvchi oylar davomida massovkaga jalb qilinadi. Paxta yoki chopiqqa olib ketilgan bolalarni aytmayapman. Umuman¸ hukumat ham johil ota-onalar ham bolalarga nisbatan zulmni to‘xtatsin¸ degan fikrdaman¸ deydi suhbatdosh.
O‘zbekiston hukumati xalqaro bosim¸ xususan¸ yuzdan oshiq shirkat boykoti ortidan¸ maktab o‘quvchilarini dala ishlari¸ xususan¸ paxta yig‘im-terimiga ommaviy tarzda olib chiqishga 2014 yildan boshlab barham berishga kirishdi.
Hozircha Ozodlik ixtiyorida o‘zbek bolalarining shou biznes industriyasi manfaati uchun ekspluatatsiya qilib kelinayotgani muammosining rasmiy doiralarda muhokama qilingani¸ huquq tizimlarining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunni buzib kelayotgan ota-onalar va prodyuserlarga nisbatan biror chora ko‘rganiga oid biror ma’lumot yo‘q.
Ozodlik bu jarayonni kuzatishda davom etadi.