Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:08

Prezident uchun shou - Kollej o‘quvchilari ishga tushmagan zavod ishchilari rolini o‘ynab berdi


Prezident rasmiy sayti e’lon qilgan bu suratlardan ham¸ prezidentga ko‘rsatilgan "tikuvchilar"ning hech narsa tikmayotgani¸ biror mahsulot tayyorlamayotgani ko‘riladi.
Prezident rasmiy sayti e’lon qilgan bu suratlardan ham¸ prezidentga ko‘rsatilgan "tikuvchilar"ning hech narsa tikmayotgani¸ biror mahsulot tayyorlamayotgani ko‘riladi.

30 mart kuni Jizzax viloyatiga borgan prezident Shavkat Mirziyoev safarini Zarbdor tumanidan boshladi. Prezident bu yerda o‘z topshirig‘iga muvofiq qurilgan “Zarbdor tekstil” MChJ faoliyati bilan tanishdi. 30 mart kuni Ozodlikka bir-biridan mustaqil holda bog‘langan zarbdorliklar¸ prezidentning bu korxonaga tashrifi to‘g‘risidagi xabarga ilova qilingan suratlarda aks etgan manzarani “prezident uchun uyushtirilgan shou” deb atashdi.​

Prezident "Zarbdor tekstil"ga mahalliy va respublika amaldorlari hamrohligida bordi.
Prezident "Zarbdor tekstil"ga mahalliy va respublika amaldorlari hamrohligida bordi.

Prezident rasmiy saytida bu tanishuv haqida qo‘yilgan fotosuratlarda¸ chiroqlari yonib turgan ulkan tikuv sexida bir xil qirmizirang forma kiygan yosh qizlarning jiddiyat bilan ishlab turgani va prezidentning bu qizlar bilan ko‘tarinki ruhda salomlashayotgani aks etgan.

Prezident mahalliy qizlarning o‘z hududida ish bilan ta’minlanganidan xursand ko‘rinadi.
Prezident mahalliy qizlarning o‘z hududida ish bilan ta’minlanganidan xursand ko‘rinadi.

“Prezident uchun uyushtirilgan shou”

30 mart kuni Ozodlikka bir-biridan mustaqil holda bog‘langan zarbdorliklar¸ bu suratlarda aks etgan manzarani “prezident uchun uyushtirilgan shou” deb atashdi.

Bugun prezident Zarbdorga keldi. Lekin muhtaram prezidentimizni yana aldashdi. U kishining oldida qilingan barcha ishlar ko‘zbo‘yamachilik. Sababi¸ kollej o‘quvchilarini prezidentga ishlaydi¸ deb ko‘rsatishdi!!! Bunga ishongan prezidentimiz ne umidlarda xursand bo‘lib ketdi”¸ dedi Ozodlik gaplashgan zarbdorliklardan biri.

Bu suratdan¸ hammasi bir xil yoshdagi qizlar oldidagi kalavaning umuman ishlatilmagani¸ ulardan birortasi oldida biror tikilayotgan mahsulot yo‘qligi ko‘riladi.
Bu suratdan¸ hammasi bir xil yoshdagi qizlar oldidagi kalavaning umuman ishlatilmagani¸ ulardan birortasi oldida biror tikilayotgan mahsulot yo‘qligi ko‘riladi.

O‘z shaxsi ochiqlanishini istamagan bu suhbatdosh¸ 30 mart kuni “Zarbdor tekstil”da uyushtirilgan “spektakl”ga bevosita guvoh bo‘lganini aytib berdi.

Zarbdordagi Qishloq xo‘jalik va Iqtisodiyot kolleji qizlarini maxsus tayyorlashdi. Ularga¸ mabodo prezident oldiga kelib¸ gaplashmoqchi bo‘lsa¸ nima deyishgacha yodlatishdi. Bu qizlar yangi ishga kirgan tikuvchi¸ ish bilan ta’minlangan yoshlar rolini o‘ynab berdi”¸ degan bu manba¸ o‘zining “Zarbdor tekstil”da 30 mart kuni sodir bo‘lgan voqealarni yaqindan kuzatganini dalillash uchun¸ kombinat binosi tashqarisidan olgan suratlarini so‘zlariga ilova qildi.

"Zarbdor tekstil"ning tashqaridan ko‘rinishini Ozodlik suhbatdoshlaridan biri yubordi.
"Zarbdor tekstil"ning tashqaridan ko‘rinishini Ozodlik suhbatdoshlaridan biri yubordi.

“Nevaram sahar 5 da turib ketdi”

Zarbdor tumanida yashaydigan o‘qituvchilardan biri¸ Ozodlik bilan suhbatda Kasb-hunar kollejining 3-bosqichida o‘qiydigan nabirasi sahar soat 5 da turib ketganini aytdi.

Chiroyli forma berishdi¸ shuni kiyib¸ sahar 5 da turib ketdi. Prezident Zarbdorga ertalab kelib¸ shu tekstilkombinatni ko‘rib¸ keyin Zafarobodga ketdi¸ deyishdi”¸ deydi zarbdorlik keksa maorifchi.

“Rollarda – kollejlarning 3-kurs talabalari”

Ozodlikka “Zarbdor tekstil”da 30 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoev tashrifi uchun maxsus tomosha uyushtirilganini tumandagi kollejlar mutasaddilari ham tasdiqladi.

Rayonimizda to‘rtta kollej bor. Shularning har birida 3-kursda ikkitadan gruppa bor. Ana shu gruppalarni ikki kun tekstiltorgda tayyorlashdi. Shu qizlar prezident oldida tikuvchi rolini o‘ynab berdi”¸ - dedi shaxsi sir qolishini so‘ragan kollej mutasaddilaridan biri.

Tumandagi boshqa kollej rahbari Ozodlik bilan suhbatda¸”o‘quvchilar borgan bo‘lsa¸ buning javobini hokimiyatdagilardan so‘rang¸ biz mas’ul emasmiz. Nima aytilgan bo‘lsa¸ shuni qildik”¸ dedi.

30 mart kuni Ozodlik muxbiri Zarbdor tuman hokimligi telefon raqamlariga bog‘lana olmadi - hokimlikdan hech kim qo‘ng‘iroqqa javob bermadi.

“Tekstil kombinat ish boshlashga tayyor emas”

Mavzu yuzasidan Ozodlik suhbatlashgan yana bir zarbdorlikka ko‘ra¸ prezidentga ishga tushirildi¸ deb namoyish etilgan “Zarbdor tekstil” umuman ishga tushirilmagan¸ uning yaqin orada ishga tushishi ham dargumon.

Yaydoq dalada boshlangan bu qurilishda bir yil ichida uch marta prorab almashdi. Birinchi prorabni o‘g‘irlikda gumonlab¸ bo‘shatishdi. Qurilish kechikdi. MChJda ishlayotgan bo‘lsa¸ ko‘pi bilan 4-5 odam ishlayapti. Zarbdorliklar ishga oling¸ deb ariza tashlab¸ navbatga yozilgan. Hali biror odamni ishga olishgani yo‘q. Ana shunaqa vaziyatda prezidentga birinchi liniyani ishga tushirdik¸ falonta odamni ishga oldik¸ deb yolg‘on hisob berishdi. Ba’zilar¸ binoning olib kelingan texnologiya uchun kichik¸ tomi past qurilgani¸ shuning uchun buzilishi ham mumkinligini aytmoqda”¸ deydi Ozodlik gaplashgan zarbdorliklardan biri.

"Zarbdor tekstil" qurilish jarayonidan yaxshi xabardor jizzaxlik mulozimlardan biri¸ binoning to‘qimachilik kombinati uchun belgilangan standartdan past qurilgani va hozirgi holida¸ ishga yaroqsizligini bildirdi.

"Bunaqa sexlar baland qurilib¸ tepasiga havoni muttasil tozalab turuvchi juda kuchli ventilyator o‘rnatilishi kerak. Zarbdordagi kombinat past qurilgan. Agar uni tomini buzib¸ boshqadan ko‘tarib qurmasa¸ bu yerda ishlovchilar zaharlanishi mumkin. Shunga bu haliyam ishga tushmay kelayotgan edi. Lekin prezident kelishiga kechayu kunduz ishlab¸ negadir buni ishlaydigan qilib ko‘rsatishdi"¸ dedi bu suhbatdosh

Prezidentga berilgan hisobot

Jizzax viloyat hokimligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi¸ 30 mart kuni “Zarbdor tekstil”ning ishga tushirilgani va unda yil oxirigacha 1060 ish o‘rni yaratilishini bildirdi.

Bugun 1-liniya ishga tushirildi. Mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi. Aprel oxirigacha 864 ta ish o‘rni yaratiladi. Yilning 4-choragiga borib¸ yana 196 ish o‘rni yaratiladi va jami 1060 odam ish bilan ta’minlangan bo‘ladi. Bularni eshitib¸ prezidentimiz xursand bo‘ldilar”¸ dedi Ozodlik gaplashgan hokimiyat rasmiysi.

Prezidentning Zarbdorda o‘z tashabbusi bilan qurilgan to‘qimachilik kombinatida 1000 ga yaqin ish o‘rni yartilganidan xursand bo‘lgani¸ uning rasmiy saytida keltirilgan bayonotida ham aks etgan.

Prezident matbuot xizmati Mirziyoevning aynan Zarbdor kombinatida aytgan:

«Mening eng katta maqsadim odamlarni ish bilan, daromad bilan ta’minlash. Endi bir kilogramm ham paxtamizni chetga sotmaymiz, yurtimizda qayta ishlaymiz, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaramiz», degan gaplarini iqtibos ketirgan.

Ozodlik bilan o‘zini tanishtirmasdan gaplashgan Jizzax viloyat hokimligi mulozimi¸ ta’sischisi xususiy tadbirkor Davron Vahobov bo‘lgan “Zarbdor tekstil” MChJsida eksport uchun tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilishini aytdi¸ ammo bu mahsulotlarning aynan nimaligini o‘zi ham bilmasligini e’tirof etdi.

“Zarbdor tekstil” ta’sischisi Davron Vahobov bilan 30 mart kuni bevosita bog‘lanib¸ bu kombinat xususida Ozodlikka kelgan ma’lumotlarga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Ochiq manbalarda bu MChJ haqida berilgan ma’lumotga ko‘ra¸ “Zarbdor tekstil” Jizzax viloyat, Zarbdor tumanidagi “Yagona daricha markazi” tomonidan 2016 yilning 15 dekabrida 2958-raqami bilan ro‘yxatga olingan va uning ustav fondi miqdori 10 350 000 000 (1 million 300 ming AQSh dollariga teng) so‘m qilib ko‘rsatilgan.

Rasmiy xabarlarda¸ “Asaka”¸ “Aloqa” va “Ipoteka bank” bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Zarbdor tekstil” loyihasi O‘zbekistondagi tikuv-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish¸ paxta tolasining joylarda qayta ishlab chiqarilishini ko‘paytirish va aholini sifatli kiyim-kichak bilan ta’minlash dasturining bir qismi sifatida taqdim etilgan.

XS
SM
MD
LG