Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:45

Tekin mardikorga aylantirilgan o‘qituvchilar Andijon hokimi dastidan dod demoqda


Andijonda o‘qituvchilar Mirziyoev kelishi oldidan majburiy mehnatga safarbar qilindi
Andijonda o‘qituvchilar Mirziyoev kelishi oldidan majburiy mehnatga safarbar qilindi

O‘tgan yili o‘qituvchilarni haqorat qilgani uchun jarimaga tortilgan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev prezident Mirziyoevning kelishi oldidan shaharni obodonlashtirish uchun shahardagi 50 ta maktab o‘qituvchilari va 60 ta bog‘cha tarbiyachilarini ko‘chaga haydadi.

Ozodlik suhbatlashgan xalq ta’limi bo‘limi mulozimlari va o‘qituvchilarning aytishicha, muallim va tarbiyachilarning yarmidan ko‘pi, darslarni tashlab ko‘cha tozalashga, gul ekishga, aholi yashaydigan uylarning atrofini supurishga majburlanyapti.

Shahar hokimi Rahmatullaev, Ozodlik savollarini eshitishi bilanoq, telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Ozodlik 5 aprel kuni shaharning 6- umumta’lim maktabi o‘qituvchilaridan biri bilan u ishlab turgan joyda - aeroportga boradigan yo‘lning chetiga gul ekayotgan paytda suhbatlashdi. Ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchining yig‘lamsirab gapirgan ovozida alam bor edi:

“Siz hammaga ayting, siz prezidentga yetkazing, shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev jonimizdan o‘tkazib yubordi. O‘qituvchi xor bo‘ldi, o‘qituvchi odam o‘rnida bo‘lmadi, o‘qituvchi bugun hokimning mardikori bo‘ldi. O‘z yonimizdan gul olsak, darslarimizni o‘tolmasak, bizni hokim odam o‘rnida ko‘rmasa, dodimizni kimga aytaylik? Mana hozir ham aeroportni yo‘lida ishlayapmiz. Rasmga ol desangiz, hozir olib jo‘natamiz. Xalq ko‘rsin, ularning farzandlariga ta’lim berayotgan o‘qituvchining bugungi ahvolini. Ertaga bolalarimiz besavod bo‘lib qolyapti desa, bizni emas, hokimning bo‘ynidan olsin”, dedi g‘azab va nafratdan o‘zini to‘xtata olmagan o‘qituvchi.

Shundan so‘ng andijonlik o‘qituvchilarning turli joylarda ishlayotgani aks etgan bir qancha suratlar Ozodlikka kelib tushdi.

Rasmlarning birida o‘qituvchilar, shaharning 5-mikrorayonidagi ko‘p qavqatli uylar atrofidagi yerlarni ag‘darib, turli xil gullar ekayotgani aks etgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir o‘qituvchi esa, ularning ustidan hatto mahalliy aholi ham kulayotgani haqida gapiradi:

“O‘tgan kuni erkak o‘qituvchilarimiz to‘rt qavatli binoning oldidagi yerni ag‘darish, ayollarimiz esa, ko‘chani supurish bilan band edik. Ikkinchi qavatdagi bir odam balkonida sigaret chekib turib, bizdan qaerda ishlaysizlar, deb so‘radi. Biz o‘qituvchimiz desak, oyliklaringni halol qilib olinglar, tozalab supuringlar, deb kuldi. Ishonasizmi, bizning Andijonda o‘qituvchilarni maktabdan tashqarida ishlatish hech qachon to‘xtamagan. Hokim Dilmurod Rahmatullaev Kun.uz muxbiriga maktab hovlisidan tashqarida o‘qituvchilar ishlamaydi deb videoda va’da bergan edi. Lekin, o‘qituvchilarni majburiy mehnatdan xalos qilish emas, balki bundan battar bo‘lyapti”, deydi o‘qituvchi.

Andijonlik o‘qituvchining oylik ish tartibi

O‘qituvchi bir oydan beri shug‘ullangan ishlarini birma-bir sanab o‘tdi:

1. 5-mikrorayondagi domlar oralarida yer chopdik.

2. Domlar orasidagi noqonuniy qurilmalarni buzdik.

3. Domlar devorlarini oqlab berdik.

4. Domlar orasidagi yerlarni ag‘darib egat oldik, gul ekdik.

5. Butalmagan nihollar va daraxtlarga shakl berdik.

6. Navoiy prospekti, prezident kelsa yuradigan Bo‘ston yo‘lini begona o‘tlardan tozaladik.

7. O‘zimiz ekkan gullarga, ancha uzoqdan paqirlab suv tashib quydik.

8. Qabristonni tozalab supurdik, ortiqcha daraxtlarni kesdik.

Darslar nima bo‘lyapti?

Andijon shahridagi maktablardan birining ismi sir qolishini so‘ragan direktorining aytishicha, shahar hokimi ularni holu-joniga qo‘ymayapti:

“Har kuni uch mahal majlis. Har kuni hokim shahar xalq ta’limi mudiriga, maktab-kollejlar direktorlariga uchastkalarni tozalash uchun bo‘lib beradi va har kuni kechqurun o‘sha uchastkalarni borib ko‘radi. Bizning maktabda erkak o‘qituvchi deyarli darsda yo‘q. Ular har kuni maktabga o‘qituvchi kiyimida emas, ishchi kiyimida kelishga, o‘zlari bilan belkurak, ketmon, bolta olib kelishga o‘rganib ham qolishdi. Ayol o‘qituvchilarimiz esa supurgi bilan keladi. Har kuni maktabimizning teng yarim o‘qituvchilarini ko‘chaga chiqarishga majburman. Bo‘lmasa, hokimdan kun yo‘q. Odam chiqarmagan direktorning maktabiga tekshiruvchilarni yuboradi”, deydi maktab direktori.

Uning aytishicha, o‘qituvchilarning darslari ham o‘lda-jo‘lda bo‘lib qoldi:

“Tasavvur qiling, yarim o‘qituvchi bo‘lmagan maktabda qanaqa dars bo‘lishini? Qolgan o‘qituvchilar, garchi mutaxassisligi to‘g‘ri kelmasada, boshqalarning darsini o‘tib turadi. Lekin bu ham hamma darsga yetmaydi. O‘quvchilar ikki-uch soat dars o‘tganidan keyin, muallim bo‘lmagani sababli javob berib yuboryapmiz. Bu birgina mening maktabimda emas, hamma maktablarda shu ahvol. Prezidentga shaharni chiroyli ko‘rsatish uchun hokim o‘qituvchilar vaqtini qurbon qilyapti, bolalarning bilim olishiga to‘sqinlik qilyapti”, deydi maktab direktori.

"O‘lasan, faqat mening aytganim bo‘ladi!"

Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, o‘qituvchilarning darslari qolib, boshqa ishlarga majbur qilinayotganini tasdiqladi:

"Gapning to‘g‘risi, hokim o‘qituvchilarni eshak qilib minib oldi. Ko‘cha tozalashga odam olib chiqmagan direktorlarni ishdan bo‘shatyapti. Shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri uning yugurdagiga aylanib qolgan. Biz ham nima qilishni bilmay qoldik. Bir og‘iz gap aytib bo‘lmaydi. O‘zini xondek his qilyapti. Majlislarda "mana shuncha yozding, nima qilding, hech narsa qilolmaysan ham, o‘lasan aytganimni qilasan, bo‘lmasa urug‘-aymog‘ing bilan yo‘qotaman", deyapti. Bunga hech kim bas kelolmaydi ekan, bu Xudoning balosi ekan", deydi xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi.

Hokim Ozodlik savollaridan qochdi

Ozodlik o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinishiga munosabat olish maqsadida Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev bilan bog‘landi.

Hokim muxbirning Ozodlik radiosidan qo‘ng‘iroq qilayotgani va unga 3 masala bo‘yicha savoli borligini eshitganidan so‘ng, darhol aloqani uzdi. Hokim bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning o‘qituvchi va boshqa byudjet tashkiloti xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilganlik va ularni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani haqida Ozodlik ilgari ham bir necha marta xabar bergan.

Jarima ham kor qilmadi

Dilmurod Rahmatullaev o‘tgan yili o‘qituvchi va mahalla raislarini haqorat qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasi (haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) bilan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilgan edi

Sudning qarori bilan D.Rahmatullaev O‘zbekiston Respublikasi MJtK 41-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.

O‘zbekistonda belgilangan eng kam ish haqining 30 baravari 5 million 167 200 so‘mga tengdir.

Ammo bu jarimadan so‘ng ham, hokim Dilmurod Rahmatullaev 29 yanvar kuni soat 19 da Andijon Davlat universitetining akademik litseyi zalida o‘tkazgan navbatdagi majlisida metallolom topshirig‘ini bajarmagan va bolalar sporti jamg‘armasiga pul o‘tkazmagan rahbarlarni yana “iflos, shakal, tvar, hayvon” kabi so‘zlar bilan tahqirlagan edi.

XS
SM
MD
LG