Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 21:58

Oʻqituvchi Diana vafot etgan tumanda mudir va maktab direktori ishdan olindi


Marhum oʻqituvchi Diana Yenikeyeva eri Yegor va qizi bilan
Marhum oʻqituvchi Diana Yenikeyeva eri Yegor va qizi bilan

Samarqand viloyat prokuraturasi majburiy mehnatga jalb etilgan oʻqituvchi Diana Yenikeyevaning fojeali oʻlimi surishtiruvi natijasida 2 mulozim ishdan olinganini bildirdi. Prokuraturaning Facebook tarmogʻida eʼlon qilingan rasmiy xatida aytilishicha, Kattaqoʻrgʻon tumani Xalq taʼlimi boʻlimi mudiri va Diana ishlagan 42-maktab direktori ishdan olingan.

Prokuratura surishtiruvi natijalari:

Ushbu maktubni Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi "Xalq bilan muloqot" guruhida Komil Jalilov ismli foydalanuvchi eʼlon qildi.

Kattaqoʻrgʻon tumanidagi maktab oʻqituvchisi, koʻcha tozalashga chiqarilgan 23 yoshli Diana Yenikeyevani yuk mashinasi urib yuborgani haqida Ozodlik 15 mart kuni xabar qilgan edi.

Yozishicha, Komil Jalilov bu fojeadan soʻng prezident Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga murojaat qilgan va uning murojaatiga Samarqand viloyati prokurori F.Zufarov nomidan javob kelgan.

Maktubda aytilishicha, Diana Yenikeyevaning fojeali oʻlimi boʻyicha Oʻzbekiston JKning 266-moddasi, 2-qismi asosida 14 mart kuni qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi surishtiruvi tugab, 29 mart kuni ish sudga oshirilgan.

Surishtiruv natijasida "obodonlashtirish ishlarini oʻtkazishda yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun" Kattaqoʻrgʻon tumani Xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Jumanazarov A., 42-maktab direktori Boltayeva N. ishdan olingan, maktab direktori oʻrinbosari Mamatov X.ga hayfsan eʼlon qilingan.

Shuningdek, viloyat prokurori javob xatida Dianani urib yuborgani uchun JKning 266-moddasi, 2-qismida ayblangan haydovchining ishi sudga oshirilgani aytilgan.

JKning 266-moddasi, 2-qismida transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oʻlim holati bilan tugashi koʻzda tutilgan va aybi isbotlansa, haydovchi 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Hokimiyatdan rasmiy javoblar:

Bunga qadar ushbu hodisa yuzasidan Kattaqoʻrgʻon tumani va Samarqand viloyati hokimliklari munosabat bildirgan.

Xususan, 19 mart kuni Samarqand viloyat hokimi Turobjon Joʻrayev oʻqituvchi ayol oʻlimi bilan bogʻliq hodisa xolis surishtirilishi va unga huquqiy baho berilishi taʼminlanishiga soʻz bergan.

Ayni paytda, "Baxtsiz hodisaning Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi bilan bogʻlab ommaviy axborot vositalarida turli xabarlar va munosabatlar bildirilayotgani noxolis talqin hisoblanadi va haqiqatga mos kelmaydi", deyilgan edi Samarqand viloyati hokimi Turobjon Joʻrayevning bayonotida.

Kattaqoʻrgʻon tuman markazidagi 42- umumtaʼlim maktabining mehnat oʻqituvchisi Diana Yenikeyevani 14 mart kuni Suv ombori qishlogʻidan oʻtuvchi avtomobil yoʻlini tozalashga olib chiqilgan paytda KamAZ yuk mashinasi urib yuborgan edi.

Bu haqda xabar qilgan manba oʻqituvchilarning koʻcha tozalashga majburlangani aks etgan bir qancha fotosuratlarni Ozodlikka taqdim etdi:

Majburiy mehnatning rasmiy eʼtirofi:

Majburiy mehnat qurboni sifatida talqin qilinayotgan Diana Yenikeyeva voqeasi mahalliy nashrlarda ham yoritildi va bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamaga sabab boʻldi.

Ilk bor rasmiylar ham majburiy mehnat qurbonlari mavzusini tilga oldi.

Jumladan, Xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari Alisher Saʼdullayev roʻy bergan fojiaga oʻz munosabatini bildirdi:

"Bas, yetar! Oʻqituvchilarni tinch qoʻying. Hamma oʻz ishini qilsin. Parlament aʼzolari, deputatlar va boshqa davlat organlari, kelinglar, bir meʼyoriy hujjat ishlab chiqaylik. Millat taqdiri-ku axir!", deb yozdi jumladan Saʼdullayev oʻz Feysbuk sahifasida.

19 mart kuni Alisher Saʼdullayev bu borada, albatta, ijobiy natijaga erishish uchun harakatlar ketayotganini taʼkidladi Ozodlikka.

Kuni kecha Oʻzbekiston prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov ham Diana oʻlimi bilan bogʻliq hodisa oʻrganilishini bildirgan edi.

"Boʻlib oʻtgan hodisa, albatta, juda achinarli. Fojiaga olib kelgan sabablar hozirda oʻrganilmoqda. Natijasiga koʻra tegishli choralar belgilanadi. Oʻz nomimdan marhumaning oila-aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya izhor etaman", deb yozdi 17 mart kuni bayonot tarqatgan Komil Allamjonov.

Oʻzbekistonda majburiy mehnat

Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga kelganidan keyin ham u borishi ehtimoli boʻlgan joylardagi obodonlashtirish ishlariga oʻqituvchi va tibbiyot xodimlarini majburan jalb qilish davom etyapti.

Oʻzbekistonda oʻqituvchilarning oʻz ishi qolib obodonlashtirish va dala ishlariga majburan jalb qilinayotgani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan edi.

Oʻtgan yili paxta mavsumida Andijon, Fargʻona, Namangan viloyat hokimlari ham paxta mavsumida oʻqituvchilarni terimga chiqarmaslik haqida vaʼda bergan boʻlsa-da, lekin tez orada bu vaʼdalarini buzgan va oʻqituvchilar paxta tergani joʻnatilgan edi.

Shuningdek, oʻqituvchilarning yil davomida obodonchilik ishlariga ham jalb qilinayotgani kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG