O‘zbekiston xalq artisti, G‘ulomjon Yoqubov Ozodlik bilan suhbatda “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida” hozirlangan qaror loyihasiga ijobiy munosabat bildirdi.
68 yashar taniqli hofiz¸ “kichik to‘ylar o‘tkazish va bu to‘ylarda ishtirok etadigan qo‘shiqilar soni maksimum kam bo‘lishi zarurligini” ta’kidladi.
Toshkentda duv-duv gap bo‘lgan to‘y
Dabdabali to‘ylarni cheklash masalasi muhokama bo‘layotgan bir paytda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Holiqov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ziyoda Qobilova kabi san’atkorlar bergan dabdabali to‘ylar ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida qizg‘in muhokama bo‘ldi.
Tarmoq yuzerlari bu ikki san’atkorning “kamtarlikdan holi” to‘ylarini “prezidentning gapini pisand qilmaslik“ deb baholashdi.
Moris Dryuon ismli Facebook yuzeri¸ soliqdan ozod qilingan qo‘shiqchilarning jamoatchilik fikriga bepisandligini tanqid qiladi:
“Ashula aytadi fonogrammadan, bo‘ldi. Moddiy boylik yaratmasa, ilmiy bir kashfiyot qilmagan bo‘lsa, davlatning bir arbobi bo‘lmasa-yu soliq ham to‘lamasa. Aytinglarchi, qaysi bir jihatlari tufayli bunday dabdabali to‘y qilishga mablag‘ topadi bular. “Artist” bizning hisobdan soliqsiz to‘y pulini to‘plab bizlarga oyog‘ini tiraydi endi. Bu Rashid degani nima himmat ko‘rsatgan o‘zi, boshqa artistlarchi?” deydi yuzer.
Ammo Dilorom Shaxavutdinova ismli Facebook yuzeri dabdabali to‘ylar tarafdori ekanligini o‘z bitiklarida ta’kidlaydi:
- Rashid Holiqov ham, boshqa san’atkorlar ham hozir tergovi ketayotgan chinovniklarga o‘xshab o‘g‘irlik qilibdimi, ta’magirlik qilib katta-katta poralar olibdimi, tavba. To‘ylarda qancha-qancha odam xizmat va mehnat qilib, foydalanib pul topayapti, oila , ro‘zg‘or, tirikchiligini o‘tqazayapti-ku ?! Keyin, orzu-havasli to‘yni qaysidir darajada hamma qiladi, o‘g‘il-qizi uchun, hatto, qurbi yetmaganlar ham orzu qiladi, orzuga esa ayb yo‘q. Ishqilib to‘ylar bo‘laversin, - deya ëzadi yuzer.
"Gap uqmaslar" jazolanadi
O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimining 10 aprel kuni Ozodlikka aytishicha ¸”To‘ylarni tartibga solish tashabbusi bilan chiqqan prezident Mirziyoevni so‘zda qo‘llab-quvvatlab amalda teskari ish qilgan qo‘shiqchilar jazolanadi”
“Hali to‘yni cheklovchi qonun kuchga kirmagan bo‘lsa ham¸ prezidentning Navoiy viloyatidagi gapining hovuri sovumagan. Prezident gapini bir tiyinga olmay o‘z bilganimni qilaman degan san’atkarlarning litsenziyasi olib qo‘yilishi masalasi ko‘rilmoqda,” - dedi ismi sir qolishini so‘ragan mulozim.
Hali cheklov qonuniy tus olmadi
O‘zbekiston prezidenti joriy yilning mart oyi boshida Navoiy viloyatiga safari chog‘ida to‘ylardagi dabdabaga chek qo‘yish fursati kelganini aytib, buni amaldorlardan boshlashini ta’kidlagandi.
Mirziyoev “to‘ylardagi mehmonlar soni 150 kishidan oshmasligi, ortiqcha sarf-xarajat bo‘lgan marosimlar o‘tkazilmasligini” aytgan edi.
Buning ortidan 15 mart kuni “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qarori Normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Artistlar norozimi?
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist G‘ulomjon Yoqubov "O‘zbekkonsert" davlat muassasasida 30 mart kuni san’atkorlar ishtirokida "To‘y-hashamlarni tartibga solish to‘g‘risida"gi qaror loyihasi muhokama qilingani va "barcha qo‘shiqchilar bir ovozdan" Mirziyoevning to‘ylarni cheklash fikrini qo‘llab-quvvatlaganligini aytadi.
Ammo, Ozodlik bilan suhbatlashgan san’atkorlarning aksari dabdabali to‘ylar san’atni ta’minlab turadigan asosiy iqtisodiy poydevor ekanligini aytishdi.
Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan qo‘shiqchi ayolga ko‘ra¸ muhokamadagi qonun loyihasi xonandalarning noroziligiga sabab bo‘lgan va ular bu qaror qabul qilinsa, qo‘shiqchilik san’ati rivojlanmay qoladi, deb majlisda ochiq aytishgan.
San’atkorlarning "to‘y cheklovi"dan norozi bo‘lganini "O‘zbekkonsert" mulozimi ham Ozodlikka tasdiqladi.
To‘y ijodning do‘stimi yo dushmani?
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist G‘ulomjon Yoqubov o‘zining 45 yillik ijodiy tajribasiga asoslanib, “Qo‘shiqchini to‘y emas, sahna shakllantiradi,” deya ta’kidladi.
Suhbatdosh yetmishinchi yillardagi to‘ylarda bir o‘zi to‘rt soatlab qo‘shiq aytganligini esladi:
- Jonli aytardik¸ aytgan sari ovoz ochilardi. Hozir to‘yga yugurib borib, ikkita qo‘shiq aytib, boshqa to‘yga shoshib turishadi. Bu yugur-yugur san’atni rivojlantiradi, degan fikrdan yiroqman, - deydi qo‘shiqchi.
To‘y biznesi zarar ko‘radi
Toshkentlik 38 yashar fotosuratchi Fazliddin o‘z yordamchilari bilan Love Story (Kelin-kuyovning to‘y oldi visol onlari) suratga tushiradi.
Matbuotda Love Story “ommaviy G‘arb madaniyati” deya tamg‘alangani ortidan Fazliddin buyurtmalari kamayib ketganini aytdi.
Ozodlik bilan suhbatda Fazliddin Love Storyni qutqarish uchun “O‘tkan kunlar” kinosi uslubidagi milliy uslubga o‘tgani ham foyda bermaganini e’tirof etdi.
Fazliddin endi o‘z biznesini qo‘shni Qozog‘istonga ko‘chirish niyatida ekanini aytdi.
Unga ko‘ra, 2017 yilda Love Story "bozori chaqqon" bo‘lgan.
O‘tgan yili turmush qurgan Nigora ismli Toshkentlik kelin Love Story uchun 60 million so‘m to‘laganini esladi.
O‘z to‘yiga 40 ming AQSh dollari sarflagan suhbatdoshga ko‘ra¸ bitta to‘y atrofida o‘nlab kasb-hunar egalari tirikchilik qiladi:
- Dekorator¸ sahnani gul bilan bezovchi¸ chiroq ustasi¸ tarvuz va mevalarni gul qilib kesadigan va muzdan haykal qiladigan rassomlar. Sartarosh¸ chevar va qandolatchilar. Bularning hammasi O‘zbekiston prezidenti “dabdabali to‘y” deb atagan tadbirning ajralmas komponentlaridir. Bularsiz to‘y to‘yday bo‘lmaydi¸ - deydi Nigora.
O‘xshash fikrni taniqli rassom va libos dizayneri o‘zining Facebook sahifasida ham yozgan edi.
"Men progressiv Prezidentimizning kechagi farmonini tushunmadim. Nimaga to‘y industriyasini buzish kerak?" - deya savol qo‘yadi rassom.
Unga ko‘ra¸ to‘y industriyasi yaratgan o‘nlab ish o‘rinlari bois butun boshli oilalar tirikchilik o‘tkazmoqda:
"Artistlar, qo‘shiqchilar, raqqoslar, o‘rtakashlar, ssenariychilar, shoirlar, rassomlar, dizaynerlar, floristlar, suratkashlar, operatorlar, videoinjenerlar, tikuvchilar, modellar, hunarmandar, mebelchilar. Shuningdek, restoran ahli: oshpazlar va ofitsiantlar. Poligrafiyachi? Va albattaki, oddiy hammollar, haydovchilar va farroshlarni ham alohida sanab o‘tish joiz!" - deya yozadi rassom.
Uning yozishicha¸ boy oilaning to‘yida xizmat qilganlar ish haqini olib, oilasiga yegulik, kiyim, dori-darmon xarid qiladi.
Ozodlik bilan yozishgan rassom “Chegaradan oshib-toshib ketgan to‘ylarda xizmat qilayotganlarni ishsiz qoldirmaslik kerak” deya ta’kidladi.
O‘zbekistonda to‘ylardagi dabdabani kamaytirish o‘tgan asrdan bayon muhokama qilinib kelinadigan mavzu.
Lekin bu mavzu muhokamasi fonida to‘ylarda dabdaba yana oshgani kuzatiladi.